Shu munosabat bilan tashkil etigan tantanali tadbirda O'zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-mayor Bahodir Qurbonov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi, hududiy harbiy-ma'muriy sektori rahbari Murat Kamalov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Qahramon Sariev, harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda faxriylar ishtirok etdi.

Mudofaa vaziri B.Qurbonov dala-o'quv maydoni infratuzilmasini takomillashtirishda amalga oshirilgan keng ko'lamli ishlarga to'xtalib, “Nukus” dala-o'quv maydoni zamonaviy talablarga javob beradigan xalqaro darajadagi poligon bo'lganini ta'kidladi. Shuningdek, bu erda endilikda xalqaro miqyosdagi armiya o'yinlarini ham o'tkazish imkoni borligi, milliy armiyamizning nufuzli poligonlari qatoridan joy olgani e'tirof etildi. Qurilishda amaliy ko'mak bergan Qoraqalpog'iston Respublikasi rahbariyati va qoraqalpoq xalqiga minnatdorlik bildirildi.

Poligon qurilishi va qayta ta'mirlash ishlarida jonbozlik ko'rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar va quruvchi-pudratchi tashkilot rahbarlari mudofaa vaziri nomidan esdalik sovg'alar bilan taqdirlandi. Yangi qiyofa aks etgan zamonaviy dala-o'quv maydonining ochilishi munosabati bilan Jo'qorg'i Kenges Raisi nomidan poligonga esdalik sifatida sovg'a topshirildi.

Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ularga malakali tibbiy xizmat ko'rsatish hamda Nukus harbiy gospitali moddiy-texnik bazasini takomillashtirish maqsadida zamonaviy, so'nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan reanimobil` maxsus texnikasi topshirilishi harbiy okrug jamoasiga o'zgacha tuhfa bo'ldi.

Ta'kidlash joizki, bugungi kunda barcha harbiy okruglarda qo'shin turlarining zamonaviy jangovar tayyorgarlik amaliyotlarini jahon standartlari asosida keng tatbiq etish uchun ana shunday dala-o'quv maydonlari qayta takomillashtirilmoqda.

Shimoli-g'arbiy harbiy okrug qo'shinlari qo'mondonligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi harbiy-ma'muriy sektori ko'magi bilan “Nukus” poligonida 13 harbiy va ijtimoiy ob'ektda to'liq kapital ta'mirlash ishlari olib borilgan.

Xususan, poligonda zamonaviy ko'rinishda ixcham va qulay shart-sharoitlarga ega bo'lgan 400 o'rinli ikkita yotoqxona va o'quv binosi, 300 o'rinli oshxona yangidan qurilib, zarur uskuna hamda jihozlar bilan ta'minlandi.

Poligonda boshqaruv punkti, 7 o'quv sinfi, 10 o'rinli tibbiyot punkti hamda harbiy xizmatchilar uchun kafeteriy qayta qurildi. Maxsus bo'linmalar bilan jangovar tayyorgarlik mashg'ulotlarini real vaziyatga maksimal darajada yaqinlashtirilgan holatda o'tkazish maqsadida razvedka bo'linmalari uchun yaqin jang olib borish shaharchasi, merganlar yo'lagi hamda taktik va maxsus mashqlarni bajarishga mo'ljallangan ko'p qavatli bino qad rostladi.

Harbiy xizmatchilarning jismonan chiniqishi hamda turli sport o'yinlari bilan shug'ullanishi uchun mini-futbol stadioni, gimnastik shaharchasi, voleybol maydonchasi, ringni o'z ichiga olgan ochiq sport majmui barpo etildi.

Jangovar va harbiy texnikalarni saqlashga mo'ljallangan yangi jangovar texnikalar parki, radiatsion, kimyoviy, biologik qurollardan himoyalanish shaharchasi, jamoaviy ruhiy barqarorlikni shakllantirish inshootlarida qurilish va zamonaviy andozalar asosida jihozlash ishlari amalga oshirildi.

Barcha kuch va vositalarni boshqarish, hamkorlikdagi harakatlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida zamonaviy dizayn va barcha qulayliklarga ega bo'lgan 2 qavatli qo'mondonlik kuzatuv minorasi qurildi. O'q otish tirlari hamda BTR va tankdan o'q otish direktrisasi takomillashtirildi.

Ushbu poligonda O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo'shinlaridan tashqari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo'shinlari, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligining harbiylashgan bo'linmalari ham nazariy bilimlarini amalda mustahkamlab kelmoqda.

Olib borilgan ko'lamli ishlar natijasida cho'lning o'rtasida joylashgan “Nukus” poligoni sahroga yangi hayot bag'ishlab, endilikda yurt himoyachilarining jangovar shayligini yuksaltirishga katta hissa qo'sha oladi.

Tantanali marosimdan so'ng mehmonlar poligon hududida yaratilgan qulay sharoitlar, yangi bino va o'quv-mashq ob'ektlari bilan yaqindan tanishdi.

Shundan so'ng mehmonlarga Shimoli-g'arbiy harbiy okrug, DXX Chegara qo'shinlari hamda Milliy gvardiya bo'linmalari ishtirokida majmuaviy maxsus-taktik o'quvi namoyish etildi.

Tashrif buyurgan mehmonlar harbiy okrug harbiy xizmatchilari tomonidan tashabbuskorlik g'oyalari asosida yaratilgan hamda harbiy xizmatda foydalanishda qo'shimcha qulaylik yaratadigan ratsionalizatorlik ishlanmalari ko'rgazmasi bilan tanishdi.

Tadbir so'ngida Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyati san'atkorlari hamda Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan kontsert dasturi namoyish etildi.