Nurotada 200 gektar yerga takroriy ekin ekiladi

    Agrosektor 6 Iyul 2020 1550

    Bugungi kunda yurtimizda pandemiya sharoitida bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin oshib ketishining oldini olish, aholining sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida qator chora-tadbirlar belgilanmoqda. Jumladan, gʻalladan boʻshagan maydonlarga takroriy ekin ekishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

    Nurota tumanida joriy yil 200 gektar yerga takroriy ekin ekilishi rejalashtirilgan.Ayni paytda tumanda 60 gektar maydonga kechki kartoshka ekish ishlari jadallik bilan olib borilyapti. “Oʻzagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi hamda tuman boʻlimi xodimlari joylarda takroriy ekinlarning vaqtida ekilishi boʻyicha nazorat tadbirlarini olib borishmoqda.

    Buning uchun fermerlarga “Nurota tomorqa eksport” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 50 tonna, “Toshnazar bobo” fermer xoʻjaligidan esa 49 tonna urugʻlik kartoshka yetkazib berildi.

    Hududning “Yangi turmush” mahallasida joylashgan “Jiyanboy” fermer xoʻjaligining 2 gektar maydoniga kechki kartoshka urugʻidan ekildi. Hozirda maydonda birinchi chopiq ishlari olib borilyapti.

    – Fermer xoʻjaligimiz umumiy maydoni 65 gektardan iborat boʻlib, shundan 5 gektari bogʻdan iborat, — fermer xoʻjaligi raisi Farhod Yaqubov. – Bogʻimizga olma, olxoʻri ekilgan. Bu yil 30 tonnaga yaqin meva olishni moʻljallab turibmiz. Bundan tashqari, 25 tonna urugʻlik kartoshkaning “Zuhra” va “Skarlet” (qizil kartoshka) navlaridan ekdik. Oʻtgan yili ham kartoshka ekib, 50 tonna hosil olgandik. Oʻtgan yili maxsus “Kartoshka kovlagich” texnikasini xarid qilganmiz. Bu ishimizni yengillashtiradi. Roʻzgʻorimiz uchun kartoshka xarid qilishga ehtiyoj yoʻq. Daromadi ham mehnatimizga yarasha boʻlyapti.

    Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, takroriy ekinlarni oʻz vaqtida ekilishi yuzasidan “Oʻzagroinspeksiya” Nurota tuman boʻlimi xodimlari tomonidan joylarga chiqib, tushuntirish tadbirlarini olib borilyapti. Bundan tashqari, fermerlarga yoqilgʻi-moylash materillari, oʻgʻit va boshqalarning yetkazilib berilishiga ham eʼtibor qaratilgan.

    Maʼrufjon Oʻrozov,

    Oʻzbekiston Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi yetakchi mutaxassisi.