Nutqni ravonligiga putur yetkazadigan asosiy besh omil

    Ravon, aniq va ifodali nutqning har qanday husndan ortiqroq maftunkorlik xususiyati mavjud. Ayrim insonlarni eshitsang, nogoh soʻzlarining jodusiga choʻmib, aytganlarini bajarishga intilasan kishi. Boshqa bir toifadagilarning esa aytayotganlari qanchalik haq va mazmunli boʻlmasin, unga amal qilging ham, haq deb tan olging ham kelmaydi.

    Koʻplab boshqa soha vakillari kabi huquqni muhofaza qilish sohasi vakillarining ham kasbiy ehtiyojlariga aniq va ravon, taʼsirli muloqot olib borish koʻnikmasi kirishi hech kimga sir emas. Aksincha, bu talab, zarurat va faoliyatning ayrilmas qismidir.

    Bu borada katta choʻqqilarni zabt etgan notiqlardan oʻrnak olish maqsadga muvofiq. Ularda suhbatdoshga uzatilayotgan xabarning ishonchliligi, soʻzlovchining uni qanchalik ishontirib yetkazib bera olayotganiga bogʻliqdir. Aniq va ravon nutq sohiblari oilaviy status bilan birga kasbiy jabhada ham boshqaruv lavozimlarni egallashlarini atrof-muhitdan ham kuzatishimiz mumkin. Xuddi shunday, zehni va mantiqiy fikrlashi bilan ajralib turadiganlarning muloqot odatlaridagi ilgʻalmas va yaqqol chekinishlar tufayli jamiyat tomonidan jiddiy qabul qilinmasliklarini koʻramiz.

    Insonni kiyinishi yoki tashqi koʻrinishining orastaligi uning hayotdagi tutgan oʻrnini belgilashi mumkinligini inkor etmagan holda, omma tomonidan nutqning orastaligiga boʻlgan eʼtibor chetda qoladi. Holbuki, hattoki eʼtiborsizlarni ham ravon nutq egalarining jozibasi jalb eta oladi va beixtiyor ularga ergashish tendensiyasi kuzatiladi.

    Nutqni ravonligiga putur yetkazadigan 5ta asosiy omil mavjud boʻlib, ular quyidagilardir:

    1. Parazit soʻzlar yoki ifodalardan haddan ziyod koʻp foydalanish;

    (Ularning tez-tez takrorlanishi soʻzlovchining nutqidagi boʻshliqlarni toʻldirishga yordam berishi barobarida, uning qiyta-qayta takrorlanishi suhbatdoshni chalgʻitib, uni parazit soʻzlarni sanashga undab, natijada muloqotning mazmuni umuman diqqat markazidan chiqib ketadi).

    2. Nomaqbul iboralar (soʻkinish, qargʻish, xaqorat, jargon soʻzlar)ning nutqda uchrashi;

    (Nomaqbul iboralar va ravon nutq bir-biroviga zid tushunchalar boʻlib, bu kabi iboralar faqatgina ziyolilarni tanqid qiluvchi maʼlum ijtimoiy qatlam vakillarining soʻzlashuv quroli sanaladi).

    3. Nutqning haddan ziyod uzun va davomliligi;

    (Uzun gaplar va uzoq davom etuvchi nutqlar tinglovchini maʼlumotning egasini, kesimini va umuman koʻzlanayotgan maqsadini anglashga toʻsqinlik qiladi. Muloqotni boshidayoq chalkashib ketgan suhbatdosh, tabiiyki, zerikadi va muloqot oxiriga yetmasdanoq chekinadi).

    4. Soʻz boyligining juda ozligi yoki aksincha faqat maʼlum sohaviy terminlardan koʻp foydalangan xolda gapirish;

    (Berilayotgan maʼlumotning odatiy boʻlmagan, lekin tilga xos boʻlgan qandaydir boshqacha usulda taqdim etilishi aniq suhbatdoshning diqqatidan chetda qolmaydi. Lekin faqatgina tor sohaga doir iboralarni qoʻllab fikrni ifoda etish tinglovchini toliqtirib, maʼlumotni qabul qilish ishtiyoqini soʻndiradi)

    5. Ovozning juda baland tembrda boʻlishi;

    (Bunda, tabiiyki, oʻta past ovozda gapirish ilgari surilayotgani yoʻq. Chunki juda sust ovoz ham ishonchsizlik ishorasi sanalib, suhbatdoshda ayrim ikkilanish hisini uygʻotadi. Lekin ovoz tembrining quyi ohanglarda boʻlishi albatta berilayotgan maʼlumotning tasirli boʻlishiga xizmat qiladi).

    Xulosa qilib aytsak, gaplarimizning taʼsirli boʻlishida nutqimizning ortiqcha iboralardan xoli boʻlishi, qisqa va loʻnda maʼlumotlarni taqdim etilishi, foydalanilayotgan iboralarning oʻrinliligi va albatta, ovozimizning meʼyorida boʻlishi asosiy omillardan sanaladi.