Nyu-York—Toshkent reysi mast yoʻlovchi sabab Sankt-Peterburgga qoʻnishidan Oʻzbekiston havo yoʻllari qancha zarar koʻrgani maʼlum boʻldi

    Transport 14 Dekabr 2023 896

    IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti samolyotning majburiy qoʻnishi oqibatida Oʻzbekiston havo yoʻllari qancha zarar koʻrganini maʼlum qildi.

    Voqea 11-dekabr kuni Toshkent vaqti bilan 07:35 da HY102 reysida sodir boʻlgan. Samolyot bortida 32 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi parvoz vaqti yonida boʻlgan bir litr spirtli ichimlikni ichib, xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasdan, yoʻlovchilar tinchligini buzgan.

    Havo kemasining butligini taʼminlash maqsadida Boeing 787 samolyoti sardori yoʻnalish boʻylab Sankt-Peteruburgdagi “Pulkovo” aeroportiga qoʻnishga qaror qilgan. Bortdagi muammo haqida radioaloqa orqali xabar berilgan. Zoʻravonlik qilgan fuqaro politsiya xodimlari tomonidan reysdan tushirilgan.

    Taʼkidlanishicha, samolyot “Pulkovo” aeroportiga qoʻnishi natijasida Oʻzbekiston havo yoʻllari 22 244 dollarga teng zarar koʻrgan.

    Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.