2019-yilning 7-oktyabrida Jahon savdo tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) kotibiyatlari bilan hamkorlikda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining savdo va taraqqiyot boʻyicha konferensiyasi (UNCTAD), xalqaro savdo markazi (ITC) va xalqaro paxta boʻyicha maslahat qoʻmitasi (ICAC) birinchi marta jahon paxta kunini eʼlon qildi. Paxta boʻyicha xalqaro maslahat qoʻmitasining taklifiga binoan Jahon Savdo Tashkiloti har yili 7-oktyabr kunini Xalqaro paxta kuni sifatida nishonlash qarorini qabul qilgan. Shu kunda barcha paxta yetishtiruvchi davlatlarda oʻtkaziladigan tadbirlar paxtachilikni, paxtani qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, sohada oʻtkaziladigan tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlash, xalqaro hamkorlikni takomillashtirish va boshqa amaliy choralarni belgilashga qaratilgan.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda paxtachilik sohasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda: 122 ta paxtachilik-toʻqimachilik klasterlarida, paxtachilik ilmiy markazlari va institutlarida paxtaning yangi serhosil, ertapishar, qurgʻoqchilik va shoʻralagan tuproq sharoitlariga chidamli navlarini yaratish boʻyicha tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, mashinasozlik korxonalarida paxtaga ishlov beradigan yangi innovatsion texnologiyalarga asoslangan texnikalar, uskuna va jihozlar ishlab chiqarilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan paxtachilik sohasidagi umumiy qiymati 6,5 milliard soʻmlik 11 ta innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ham qator loyihalar ilmiy-texnik kengashlar tomonidan oʻrganilmoqda. Iqlimning global darajada oʻzgarishi yer haroratining yildan yilga koʻtarilib borishiga sabab boʻlmoqda, natijada qurgʻoqchilik va suv zaxiralarini kamayishi kuzatilmoqda. Oʻz navbatida qurgʻoqchilik butun dunyo boʻylab qishloq xoʻjalik ekinlarining hosilini keskin darajada yoʻqotilishiga ham olib kelmoqda. Oʻzbekiston suv zaxiralari cheklangan region boʻlib qurgʻoqchilik eng dolzarb muammolardan biridir. Shuning uchun qishloq xoʻjaligi ekinlarining suv tanqisligiga chidamli yangi navlarini yaratish olimlar oldida turgan muhim vazifalardandir.

Paxtachilik – Oʻzbekiston xalq xoʻjaligining muhim sohasi. Paxta insonni kiyintiradi, oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat uchun qimmatli xomashyolar olinadi, chorva ozuqasi tayyorlanadi, aholi ish joylari, valyuta tushumini taʼminlaydi hamda sanoatning boshqa koʻplab sohalari toʻqimachilik, oziq-ovqat, kimyo, avtomobilsozlik, samolyotsozlik, moy-boʻyoq, qogʻoz ishlab chiqarish, tibbiyot, qurilish, mebel sanoati va boshqa sohalar rivoji ham paxtachilik bilan bevosita bogʻliqdir.

Oʻzbek paxtasining shuhrati jahonda tobora yuksalib borayotgan ekan, buning zamirida mamlakatimizda paxtachilik tarmogʻini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, olimlar, soha mutasaddilari va fermer dehqonlarimiz mehnatining samaralari mujassamdir.