Mamlakatimiz hududlarining, shu jumladan, olis qishloq va mahallalarning yoʻl-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlarini amalga oshirish tashabbusi ilgari surilgan. Bugungi kunda ushbu dasturlarning izchil hayotga tatbiq etilishi natijasida chekka-chekka hududlar zamonaviy qiyofa kasb etib, ularda istiqomat qiluvchi yurtdoshlarimizning yashash farovonligi va turmush darajasi tobora yuksalmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi ““Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida suvi taʼminoti va oqova suv tizimini rivojlantirish boʻyicha vazifalar ham koʻzda tutilgan boʻlib, unga koʻra, joriy yilda 352 ta obyektda, 3 447,3 km uzunlikdagi tarmoq va 359 ta inshootda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish belgilangan.
Taʼkidlash joiz, mazkur ishlarni amalga oshirish uchun 1 trln. 055 mlrd.soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, shundan 839,3 mlrd.soʻmlik manzilli dastur tasdiqlangan. Joriy yil 1-oktyabr holatiga koʻra, 760,8 mlrd.soʻm mablagʻ oʻzlashtirilib, 3 285 km yoki yillik rejaga nisbatan 95% tarmoqlar qurilib, rekonstruksiya qilindi.
Ushbu dasturlarda koʻzda tutilgan 352 ta obʼektlarga pudrat tashkilotlari Qurilish vazirligining qurilish-pudrat tashkilotlari reytingida “SS” va undan yuqori pogʻonaga ega boʻlgan salohiyatli pudrat tashkilotlar tanlab olinib, shartnomalar tuzildi hamda qurilish ishlari boshlandi, shuningdek moliyalashtirish ochildi.
Bundan tashqari, qurilish obyektlariga sifatli polietilen quvurlarni yetkazib berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-apreldagi 230-sonli qaroriga asosan “Oʻzstandart” agentligi bilan quvur ishlab chiqaruvchi korxonalar xatlovdan oʻtkazildi.
Oʻrganishlar natijasiga koʻra, 222 ta quvur ishlab chiqaruvchi korxonalarning mahsulotlari talab darajasiga mosligi oʻrganilib, shundan 32 ta korxona hamda obyektlarda ishlatiladigan asosiy qurilish materiallari va zamonaviy energotejamkor asbob-uskunalarni yetkazib beruvchi tashkilotlar belgilab olindi.
Joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida 166 ta obyektda qurilish-montaj ishlarini yakunlab, ularni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda 186 ta obyektda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirish hujjatlari rasmiylashtirilmoqda. Muhimi, ushbu ishlar amalga oshirilishi natijasida jami 1,1 mln nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanadi, 2,9 mln nafar aholining esa suv taʼminoti yaxshilanadi.