Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Payariq tumani Oqqoʻrgʻon mahallasidagi faoliyati ayni shu mezonlar asosida amalga oshirilayapti. Bu “Obodlik xonadondan boshlanadi”, “Obodlik koʻngildan boshlanadi”, degan qadim haqiqatning real hayotimizdagi yana bir isbotidir.
Prezident Xalq qabulxonasi, vazirliklar, qoʻmitalar va viloyat sektorlari masʼullarining Oqqoʻrgʻon mahallasidagi oʻrganishlari natijasida umumfoydalanuvdagi Saroyqoʻrgʻon, Langar koʻchalarining 3 km. qismini asfaltlashga kirishilgan boʻlsa, Poʻlatchi, Qiyot, Balandqoʻrgʻon kabi oʻnga yaqin tuproq koʻchalar tosh yoʻlga aylantirilyapti.
Hududdagi 480 ta eskirgan simyogʻochlarni beton ustunlarga almashtirish, 10,2 km tarmoqni yangilash va uchta qoʻshimcha transformator oʻrnatish belgilab olinib, bu boradagi amaliy ishlarga kirishildi. Yoʻlaklar taʼmirlanib, svetafor oʻrnatish, taʼlim va tibbiyot muassasalarini taʼmirlash, avtobekat qurish, mobil aloqa xizmatini yaxshilashga ham alohida eʼtibor qaratilyapti.
Chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklarda asosan yurak-qon tomir, asab kasalliklari va ortiqcha vazn bilan bogʻliq xastaliklar aniqlangani bois shifokorlar bemorlarni davolash bilan birga, toʻgʻri ovqatlanish, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyish boʻyicha aholiga yetarlicha tushuncha-yu amaliy yordam ham beryapti. “Keksalar salomatligi oyligi” doirasida uyma-uy yurilib, nuroniylar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilyapti. Bemorlar bepul dori-darmonlar, nogironligi bor insonlar reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlanyapti.
Aholini ishli-daromadli qilish uchun ham bor kuch-imkoniyat ishga solinib, ijtimoiy himoyaga muhtoj 30 dan ziyod insonlarga tikuv mashinalari, motokultivator, payvandlash uskunalari olib berildi. Tomorqalardan samarali foydalanish, xonadonlarni obod qilish, uy-roʻzgʻor madaniyatini rivojlantirish borasida turli targʻibot tadbirlari, koʻrgazmali seminarlar oʻtkazilyapti. Intelektual musobaqalar oqqoʻrgʻonlik yoshlarning bilimini boyitayotgan boʻlsa, Uch avlod muloqotlari avlodlar oʻrtasidagi maʼnaviy rishtani yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qisqa muddatda ichki imkoniyatlar hisobidan Payariqning Oqqoʻrgʻon mahallasida ham “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlari joriy qilinib, mazkur qishloq har jabhada eng namunaviy, obod, goʻzal hududga aylantiriladi. Bu tajriba keyinchalik viloyatning boshqa hududlarini qamrab oladi.