“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi monumenti ochildi

    Yangi 2025-yilning dastlabki kunlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumani markaziga kiraverishda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi monumenti barpo etildi.

    Qayd etilishicha shu yilning 4-yanvar kuni ushbu monumentning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi ramzining asosini “Yangi Oʻzbekiston” va “Uchinchi Renessans” timsoli sifatida “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi Mustaqillik monumenti siymosi tashkil etadi. Ramzda aks etgan Mustaqillik monumenti mamlakatimiz tarixi, bugungi kuni va kelajakning oʻzaro uygʻunligi ifodasi sifatida talqin etilsa, uning yuksaklikka boʻylashi negizida xalqimizning birligi va birdamligi, mamlakatimizning dunyo davlatlari bilan hamjihatligi, tinchliksevar siyosati mujassamlashgan. Shuningdek, yuqoriga intilgan chiziqlar dinamikasida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining beshta ustuvor yoʻnalishi va unda belgilangan 100 ta maqsadni toʻliq hamda muvaffaqiyatli amalga oshirish ezgu gʻoyasi mavjud.

    Uning yuqori qismida baxt-saodat, hurriyat va tinchlik timsoli hisoblangan qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. U qadim, uch ming yildan ziyod davlatchilik tajribasiga ega, shu bilan birga, navqiron, orzu-maqsadlari katta, qonida erksevarlik tuygʻulari joʻsh urayotgan, mehnatsevar va oliyjanob xalqiga tayanadigan davlat timsoli sifatida gavdalangan. Humo qushga tutash ustunlar esa inson huquq va erkinliklari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, taʼlim va tarbiya, davlat va jamiyat muvozanatining ifodasi sifatida tasvirlangan.

    Strategiya ramzida yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Konstitutsiyasida qoida sifatida belgilangan “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilining majoziy nishonasi sifatida uchburchak shakl elementidan foydalanilgan. U faol islohotlarni amalga oshirish davrida aholining barcha qatlamlarini muhofazalash, ular uchun teng imkoniyatlar yaratish, ayniqsa, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ishsizlikdan himoya qilish, kafolatlangan sifatli taʼlim, malakali tibbiy yordam doimo davlat oldidagi ustuvor vazifa ekanligining tamal toshidir.