Joriy yilning 13-dekabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Daniyaning Kopengagen konsensus markazi bilan hamkorlikda “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid belgilangan asosiy maqsadlar va koʻrsatkichlar” mavzusida xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti va boshqa tashkilotlar mutaxassislari ishtirok etishdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish muhimki, Kopengagen konsensus markazi 2006-yilda Daniya davlatining moliyaviy koʻmagida tashkil etilgan nufuzli tahlil markazi boʻlib, atrof-muhit sohasidagi tadqiqotlar boʻyicha dunyodagi eng yaxshi oʻnta tahlil markazlaridan biri hisoblanadi. Kopengagen konsensus markazi, shuningdek, global muammolar masalalarida tadqiqotlar olib boradi hamda milliy taraqqiyot dasturlarini amalga oshirishda manbalarni samarali va maqsadli yoʻnaltirish boʻyicha hukumatlarga takliflar ishlab chiqadi.
2022-yilda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi delegatsiyasining Shvetsiyaga tashrifi doirasida Kopengagen konsensus markazi bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan boʻlib, mazkur markaz mutaxassislari tomonidan 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining uchinchi ustuvor yoʻnalishi boʻyicha maqsadlarning amalga oshirilishi samaradorligini oʻrganish boʻyicha xarajat va foyda uslubida tadqiqotlar olib borildi.
Tadbir avvalida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov soʻzga chiqib ishtirokchilarni Kopengagen konsensus markazi ekspertlari tomonidan olib borilgan Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining ijtimoiy-iqtisodiy sohalariga oid ilmiy tadqiqot ishining maqsadi va mohiyati bilan tanishtirdi.
Shu bilan birga, davra suhbatida Kopengagen konsensus markazi prezidenti Bern Lomborg mazkur tadqiqot natijalarini eʼlon qilib, Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda ijobiy natijalarga erishilayotganligini taʼkidladi. Xususan, raqamlashtirish va sogʻliqni saqlash sohasiga yoʻnaltirilgan sarmoyalar harajat va foyda jihatidan eng samarali sohalardan ekanligini maʼlum qildi.
Shu bilan birga, xalqaro davra suhbati doirasida Kopengagen konsensus markazi ekspertlari bilan tadqiqot ishi natijalarining ochiq muhokamasi ham tashkil etildi, bu esa barcha ishtirokchilarga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkonini berdi.