Toshkent shahar Fuqarolik ishlari boʻyicha Uchtepa tumanlararo sudi va Jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tuman sudida “Ochiq eshiklar” kuni boʻlib oʻtdi.

Unda sudyalar, Oliy majlis Senati aʼzosi va Qonunchilik palatasi deputati, tegishli mahalliy Kengashlar deputatlari, Uchtepa va Chilonzor tumanlari hokimligi, prokuraturasi, ichki ishlar, adliya, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari, soliq inspeksiyalari, tibbiyot birlashmalari, kadastr boʻlimlari kabi bir qator idora va tashkilotlar qatorida FXDYO, notariuslar, “Madad” huquqiy yordam NNT, OAV vakillari va blogerlar ishtirok etishdi.

Tadbir, ikki tuman aholisini qiynayotgan muammolar hamda ularni oʻylantirayotgan masalalarda huquqiy koʻmak berish hamda murojaatchilarning talablarini inobatga olib, sudlarga murojaat qilishning ayrim yangi tartiblarini nazarda tutuvchi qonunlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida tashkil etildi.

“Ochiq eshiklar” kunida har bir fuqaroning murojaati tegishlicha qayd etilib, ularga huquqiy maslahat va koʻmak berilib, muammolari vakolatli tashkilotlar bilan birga hal etildi.

Taʼkidlash zarurki, Chilonzor tumanida 51 ta MFY, Uchtepa tumanida esa 60 ta MFY mavjud. Ushbu MFYlari tomonidan eʼtirof etilgan 6000 dan ortiq tizimli ijtimoiy himoyaga, zarur huquqiy koʻmakka ehtiyojmand qatlam yashaydi.

Sudyalar eʼtirofiga koʻra, “Ochiq eshiklar” kuni - ushbu tadbir natijasida ana shu qatlam - aholi huquq va erkinliklarini taʼminlashda sud va boshqa idoralarning ozgina boʻlsa ham hissasi qoʻshilsa, bundan odamlar rozi boʻladi.