Ochiq havoda koʻproq boʻlishimiz koʻzlarimiz uchun foydali

    Salomatlik 19 Iyun 2021 2270

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, dunyo miqyosida kamida 2,2 milliard kishida koʻrish qobiliyatining buzilishi yoki koʻrlik holatlari mavjud.

    Koʻz kasalliklarining kelib chiqish omillari qanday, ularning diagnostika va davolash usullari qay darajada rivojlanmoqda?

    Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Azamat Yusupov fikri bilan boʻlishadi:

    — Koʻz kasalliklari orasida eng koʻp uchraydiganlari qaysilar?

    — Jahon statistikasida koʻz kasalliklarining keng tarqalishi yoki kasallanish koʻrsatkichlari boʻyicha 1-oʻrinda konyunktiva kasalliklari, 2-oʻrinda miopiya va gʻilaylik, 3-oʻrinda sklerit va keratitlar, 4-oʻrinda shoh parda xiralashuvi va 5-oʻrinda gavhar kasalliklari — katarakta turadi. Yurtimizdagi koʻz kasalliklari boʻyicha statistika holati ham deyarli shu koʻrinishda.

    — Koʻz kasalliklarining kelib chiqish sabablari haqida gapirib bersangiz.

    — Koʻrlik va koʻrish qobiliyati buzilishi holatlari koʻpayishining asosiy sabablaridan biri bu dunyo aholisining tez qarishidir. Shu bilan birga, soʻnggi oʻn yilliklar ichida aholining turmush tarzi sezilarli darajada oʻzgardi — odamlar vaqtining koʻproq qismini yopiq joylarda va kamroq koʻchada oʻtkazadilar, koʻpchilik insonlar kompyuterlarda ishlaydi. Bu, xususan, miopiya rivojlanish xavfini oshiradi.

    Bundan tashqari, qandli diabet bilan kasallanganlar soni ham koʻpaymoqda. Deyarli barcha bu xastalikka uchraganlar retinopatiyaning biron bir shakli, koʻz toʻr pardasi kasalligi bilan ogʻriydilar.

    Koʻzlarni muntazam ravishda tekshirib turish va koʻrish qobiliyati yomonlashuvining birinchi alomatlarini sezgandayoq shifokor bilan maslahatlashish kerak.

    — Oftalmolog koʻrigidan oʻtish oraligʻi qancha boʻlishi lozim?

    — Odatda, oxirgi paytgacha odam koʻrish qobiliyatini pasayishiga olib kelgan belgilar haqida, xususan, diabet tufayli glaukoma yoki koʻrlik kelib chiqqani haqida bilmaydi. Shunday qilib, muammolarni dastlabki bosqichda aniqlash va ularga toʻgʻri yechim topish uchun muntazam ravishda oftalmolog koʻrigidan oʻtib turish lozim.

    Bunday tekshiruvlarning oraligʻini tartibga soluvchi standartlar mavjud emas, ammo 50 yoshdan oshgan kishilar yoki qiyin ob-havo sharoitida ishlaydiganlar har ikki yilda bir marta oftalmologga murojaat qilishlari kerak. Qandli diabet bilan ogʻriydiganlar esa yiliga bir marta shunday tekshiruvlardan oʻtib turishlari foydadan holi emas. Bundan tashqari, doimiy ravishda kompyuterda ishlaydiganlar ham muntazam koʻzlarini tekshirtirib turishlari lozim.

    Odatda, odamlar kompyuterda ishlaganda, tez-tez koʻzlarini yummaydi. Shunda koʻzlarda quruqlik paydo boʻladi va bu ularni bezovta qila boshlaydi, koʻzlar qichishadi. Bu odamlar yoshlaridan qatʼiy nazar, muntazam tekshiruvdan oʻtib turishlari kerak. Chunki toʻgʻri tanlangan koʻz tomchilari orqali bu muammo bilan osonlikcha kurashish mumkin. Koʻz kasalliklari, shu jumladan, glaukoma belgilarini oldindan aniqlash uchun ham bunday rejali koʻriklar zarur.

    — Kompyuter oldida koʻp vaqt oʻtirish, gadjetlardan foydalanish tufayli koʻrish qobiliyati yomonlashishini aytib oʻtdingiz. Buning oldini olish uchun nima qilish kerak?

    — Inson koʻchada, yaʼni toza havoda qancha koʻp vaqt oʻtkazsa, shunchalik koʻrish qobiliyatini pasayishining oldini olishi va miopiya rivojlanish tezligini pasaytirishi mumkin. Barcha yoshdagi kishilar uchun ochiq havoda boʻlish foydalidir.

    Agar uzoqni yaxshi koʻrolmaslik yoki miopiya haqida gapiradigan boʻlsak, bu kasallikning rivojlanishiga taʼsir qiluvchi koʻplab sharoitlar mavjud. Ulardan biri genetika boʻlsa, ikkinchisi odamlar koʻproq vaqtini ochiq havoda emas, kompyuter ekranlari oldida oʻtkazishi hisoblanadi. Shuning uchun barcha yoshdagi kishilar uchun umumiy tavsiya — ochiq havoda koʻproq vaqt oʻtkazish.

    Shuningdek, qogʻozli yoki elektron kitoblarni oʻqiyotganda maʼlum masofani saqlash zarurligini unutmaslik kerak. Bunda masofa 30 santimetrdan kam boʻlmasligi muhim. Baʼzida bolalar kitobni koʻzlariga yaqinlashtirib oʻqishadi. Ularni masofa saqlashga oʻrgatish lozim.

    Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.