Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda demokratik saylov qonunchiligi shakllandi. Bu boradagi dastlabki qadam 1991-yilning 18-noyabrida qoʻyildi. Aynan shu kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Boʻlajak saylovni milliy qonunchilik va xalqaro demokratik tamoyillar asosida tashkil etishga eʼtibor qaratilgan. Prezident sayloviga nafaqat mamlakatimizda, xorijda ham qiziqish tobora ortayotir. Chunki ilgʻor demokratik tamoyillar mustahkam qaror topib borayotgan yangi Oʻzbekistonda qonun ustuvorligini va inson huquqlarini, jumladan, fuqarolarning saylov huquqini amalda keng taʼminlashga qaratilgan buyuk oʻzgarishlarni jahon hamjamiyati ulkan qiziqish va xayrixohlik bilan kuzatib turibdi.
2021-yilning 8-fevralida qabul qilingan qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan oʻzgartirishga binoan mamlakatimizda Prezident saylovi oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkazilishi belgilandi. 2016-yildan Oʻzbekiston oʻzining sifat jihatidan yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻydi. Yuksalish jarayonida inson huquqlarini keng taʼminlash, siyosiy-huquqiy hayotni va ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirish, jamiyatni demokratlashtirish kabi masalalar islohotlarning ustuvor yoʻnalishlariga aylandi. Milliy saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni oʻtkazish amaliyoti yangi yuksalish pogʻonasiga koʻtarildi.
2019-yilning 25-iyunida qabul qilingan Saylov kodeksi buning yaqqol dalilidir. Mazkur Kodeks ilgari amalda boʻlgan saylovga oid beshta qonun va oʻnlab qonunosti hujjatlarini oʻzida mujassam etgan. Oʻtgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga tatbiq etishga soʻnggi yillarda eʼtibor oshdi.Malakatmizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar soni yana bittaga koʻpayib, partiyalararo raqobat sezilarli darajada kuchaydi. Shu yil oʻtadigan saylovda konstitutsiyaviy normalar va xalqaro saylov standartlariga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti davriylik prinsipi asosida saylanishi taʼminlanadi.Bu Oʻzbekiston Respublikasining umum eʼtirof etilgan xalqaro demokratik saylov tamoyillariga sadoqatining amaldagi yana bir dalilidir.
Prezident saylovi haqida tahlilchilar soʻz yuritar ekanlar, uning avvalgi saylovlardan tubdan farq qiladigan ayrim jihatlariga eʼtibor qaratmoqdalar.Avvalo, Prezident saylovi yuqorida aytganimizdek, ilk bor Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi asosida boʻlib oʻtadi.2019-yilda Parlament va mahalliy kengashlarga oʻtkazilgan saylovlardagi huquqni qoʻllash amaliyoti hamda xorijiy kuzatuvchilar tomonidan berilgan tavsiyalar asosida joriy yil 8-fevral va 31-mayda qabul qilingan qonunlar bilan Saylov kodeksi va boshqa qonunlardagi saylovga oid normalar yanada takomillashtirildi. Xususan, xorijda istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼiy nazar, saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi hamda ular yashayotgan yoki ishlayotgan joyda ovoz berish imkoniyatining yaratilishi belgilandi; qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida, harbiy qismlarda tashkil etilgan saylov uchastkalariga kuzatuvchilarning tashrif mexanizmlari soddalashtirildi; saylov komissiyalari aʼzolariga ish haqi va kompensatsiya toʻlanishiga oid qoidalar yanada mustahkamlandi; saylov komissiyalari zimmasidagi nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifa bekor qilindi; saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish taqiqlandi; siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan mablagʻlardan foydalanishning shaffofligini taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etildi; saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar oʻtkazish uchun ruxsatnoma olish oʻrniga xabardor qilish mexanizmi belgilandi; sudlar va saylov komissiyalariga takroriy shikoyatlar tushishi, ular tomonidan bir-birga zid qarorlar chiqarilishining oldini olish maqsadida, saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlarni endi faqat sudda koʻrib chiqish joriy etildi. Bir soʻz bilan aytganda, Prezident saylovi Oʻzbekistonda siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlarning mantiqiy davomidir.Bu yilgi saylov mamlakatimiz taraqqiyotining beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotganligining yorqin ifodasi boʻladi.
Eng muhimi, Saylov kodeksi siyosiy partiyalarga davlat boshqaruvini tashkil etish, gʻoya va maqsadlarini keng hamda erkin targʻib qilish imkoniyatini beradi. Saylovchilar siyosiy irodasini bildirishda bir qator qulay sharoit va imkoniyatlarga ega boʻladi.
Qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan amalga oshirishlari belgilab qoʻyildi.Ushbu sohada qabul qilingan qonun hujjatlari fuqarolarning saylov huquqlariga soʻzsiz rioya etish, saylovchilarga siyosiy xohish-irodasini erkin bildirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Prezidentlikka nomzod koʻrsatadigan siyosiy partiyalarga esa saylov kampaniyasi davomida keng va teng imkoniyatlar berish tamoyillariga asoslangani bilan ahamiyatlidir.
Saylovga tayyorgarlik jamiyatni demokratlashtirish jarayonlari tobora kengayib, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarining roli yuksalib borayotgan hamda milliy saylov tizimini modernizatsiya qilish ishlari jadallashgan sharoitda amalga oshirilmoqda.Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, oʻz oldiga mamlakat taraqqiyotini yangi, yanada yuqori bosqichiga koʻtarishdek buyuk maqsadni qoʻygan yangi Oʻzbekistonda Prezident saylovi bu yil yangi milliy saylov qonunchiligi, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga mos, demokratik tamoyillar asosida va butunlay yangi sharoitda oʻtadi.Buning uchun Oʻzbekistonda barcha huquqiy asoslar va keng imkoniyatlar yaratilgan: umumeʼtirof etilgan asosiy xalqaro saylov standartlari va normalari implementatsiya qilingan milliy saylov qonunchiligi ham, saylovlarni oʻtkazish borasida koʻp yillik milliy tajriba ham, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ham bor.Eng muhimi, xalqaro ekspertlar eʼtirof etganlaridek, Oʻzbekiston rahbarining milliy anʼanalar va zamonaviy demokratiya gʻoyalariga ulkan sadoqati, kuchli siyosiy irodasi, katta donishmandlik bilan uzoqni koʻzlab yuritayotgan aniq va dadil siyosiy yoʻli mavjud.
Prezident Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruvidagi eng muhim lavozimdir. Shu maʼnoda saylov nafaqat nomzodlar, siyosiy partiyalar uchun, balki saylovchilar, yaʼni xalqimiz uchun ham katta sinov ulkan imkoniyatdir.Saylov demokratiyaning eng muhim belgisi, fuqarolar xohish-irodasi ifodalanishining mustahkam kafolatidir. Agar taqqoslab koʻradigan boʻlsak, odamlarning bugungi dunyoqarashi bilan bundan 5-10 yil oldingi tushuncha va tasavvuri orasida yer bilan osmoncha farq bor. Hozir fuqarolar saylov tizimi va tartibini, oʻzining saylash, saylanish huquqini yaxshi idrok etadi. 2019-yil parlament va mahalliy Kengashlarga oʻtkazilgan saylovlar fuqarolarda siyosiy iroda va talabchanlik oʻsganini yaqqol koʻrsatdi.
Ayni paytda saylov tashkilotchilari tomonidan boʻlajak saylovga mamlakatimiz hayotidagi eng muhim ijtimoiy-siyosiy voqea sifatida tayyorgarlik koʻrish hamda saylovning milliy qonunchiligimiz va umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuksak saviyada tashkil etilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.Ushbu muhim siyosiy kampaniyada yangi Oʻzbekistonda saylovchilarning, barcha fuqarolarining siyosiy va huquqiy madaniyati, dunyoqarashi, fuqarolik pozitsiyasi yuksalib borayotganini yana bir bor namoyon etishi uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi.Zero, saylovni oʻtkazish aynan ana shu boʻgʻin tashkilotchilaridan katta bilim va masʼuliyat talab etadi. Ular saylov qonunchiligiga kiritilgan soʻnggi oʻzgartishlardan yaxshi xabardor boʻlsa, axborot texnologiyalarini amalda bemalol qoʻllay olsa, saylovning muvaffaqiyati shunchalik toʻkis taʼminlanadi. Saylovchilar uchun ham, kuzatuvchilar uchun ham – hamma uchun qulay sharoit yaratiladi.
Ushbu tadbirlarning barchasi pirovard natijada saylov jarayonlari ochiq va oshkora oʻtishiga, mamlakatimizning xalqaro demokratiya indeksidagi koʻrsatkichlari yanada yaxshilanishiga, aholining Prezident saylovida faol ishtirok etishi va yurtimiz taqdiri uchun daxldorlik tuygʻusini kuchaytirishga xizmat qiladi.Bu saylovda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik amalda keng taʼminlanishi uchun uchastka saylov komissiyalaridan to Markaziy saylov komissiyasigacha – barcha darajadagi saylov komissiyalari, barcha saylov tashkilotchilari oʻz ishini eng ilgʻor demokratik prinsiplar asosida va yuksak tashkiliy darajada amalga oshirishini talab qiladi. Aslini olganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi – qaysi tashkilotda ishlashimizdan qatʼiy nazar, saylovni tashkil etuvchilar uchun ham, saylovda ishtirok etadigan siyosiy partiyalar uchun ham, saylovchilar uchun ham – barchamiz uchun gʻoyat katta masʼuliyatdir. Prezident saylovini barchamiz aholi farovonligini oshirish maqsadida demokratiya yoʻlidan ogʻishmay borayotgan Yangi Oʻzbekistonimizda amalga oshirilayotgan dadil islohotlar berayotgan yuksak samaralarning qadriga yetib, ahil-inoqlikda, tinchlik-osoyishtalikda, milliy saylov qonunchiligimizga rioya qilgan holda, muvaffaqiyatli oʻtkazsak, jahon hamjamiyati oldida ham yuzimiz yorugʻ boʻladi. Oʻzbekistonimizning xalqaro maydondagi nufuzi yanada oshadi. Odamlarimizning ertangi kunga ishonchi yanada mustahkamlanadi. El-yurtimizdagi qut-baraka bardavom boʻladi.
K.Sharipov,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Rektori, professor