Odam papilloma virusining 13 turi saraton kasalligini keltirib chiqaradi

    Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, dunyo aholisi orasida onkologik kasalliklarga chalinish ko'rsatkichlari yildan-yilga ortib bormoqda.

    Ayniqsa, ko'krak bezi, me'da, o'pka va bachadon bo'yni saratoni eng ko'p uchrayotgan xastaliklar sirasiga kiradi.. Bachadon bo'yni saratoni butunlay oldini olish mumkin bo'lgan yagona onkologik kasallik hisoblanib, buning uchun uni erta aniqlash, tashxislash, ayniqsa, o'smir yoshdagi qizlarni rejali emlash zarur. Bu esa kasallanish va o'lim holatlarining oldini olishga yordam beradi.

    — Har yili mamlakatimizda 16 yoshgacha bo'lgan bolalarda milliy emlash kalendariga muvofiq difteriya, shol, ko'kyo'tal, qoqshol, virusli gepatit V, qizamiq, qizilcha, sil va rotavirusli infektsiya kabi 13 turdagi boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi vaktsinatsiya tadbirlari o'tkazilmoqda, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo'lim boshlig'i Dilorom Tursunova.

    — Shuningdek, 2019 -yildan 9 yoshli qizlar 6 oy oraliq muddat bilan 2 marta papilloma virusiga qarshi emlash tadbirlari amaliyotga tatbiq etilgan. Joriy yilda esa yurtimizda 12-14 yoshli qizlarni 1-doza bilan, 2022 -yilda 2-doza bilan emlash belgilangan. Bu orqali mamlakatimizda 14 yoshgacha bo'lgan qizlarning barchasi OPVga qarshi emlanadi.

    Ma'lumotlarga ko'ra, papilloma virusi dunyoda eng ko'p tarqalgan infektsiyalardan biri hisoblanadi. Uning 190 dan ortiq turi bo'lib, 13 tasi onkologik kasalliklarga sabab bo'ladi. Agar o'z vaqtida vaktsina olinmasa, 16 va 18-tiplari bachadon bo'yni saratonini keltirib chiqarishi isbotlangan.

    — Odam papilloma viruslari guruhi inson tanasining turli qismlari shilliq qobiqlariga jiddiy shikast etkazadi, — deydi D.Tursunova. — Unga qarshi emlanish 90 foiz holatda bachadon bo'yni saratonining oldini olishga imkon beradi. eng muhimi, qo'llaniladigan vaktsinalar butunlay xavfsiz.

    To'g'ri, boshqa vaktsinalar qatori OPV vaktsinasi ham engil nojo'ya ta'sirlarga ega. Jumladan, emlanishdan so'ng ba'zan in'ektsiya o'rni qizarishi, shishishi, og'rishi kuzatiladi. Ayrim qizlar bosh og'rig'i, tana haroratining biroz ko'tarilishi yoki umumiy holsizlikdan shikoyat qilishlari mumkin. Biroq bundan xavotirga tushish kerak emas.

    Sog'liqni saqlash vazirligi
    matbuot xizmati.