Odil sudlov-demokratik jamiyat qurishning asosiy shartidir

    Fikr 5 Avgust 2020 3802

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan sud-huquq tizimini yana-da takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.

    2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining “Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yana-da isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlari” doirasida Prezidentimizning bir nechta qaror va farmonlari qabul qilindi.

    Jumladan, birgina 2017-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4966-son Farmonga asosan sudyalar hamjamiyatining organi hisoblanadigan va Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlashga koʻmaklashadigan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tuzildi.

    2017-yil 1-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi birlashtirilib, fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etilgan.

    Shuningdek, sudyalar mustaqilligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzurida Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti tashkil etildi.

    Ushbu islohotlarning davomiyligi sifatida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda koʻrish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda taʼminlash mexanizmlarini kengaytirish maqsadida 2020-yil 24-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–6034-son Farmoni qabul qilindi.

    Farmonda 2021-yil 1-yanvardan boshlab tegishli qonun hujjati bilan quyidagilarni, yaʼni:

    - viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;

    - maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatini maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazish;

    - maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlarini tashkil etish nazarda tutilgan.

    Shuningdek, Farmon bilan 2021-yil 1-yanvardan boshlab joriy etilayotgan “Bir sud – bir instansiya” tamoyili esa xalqaro tajribada sinalgan, umumeʼtirof etilgan dunyoda eng maqbul sud tizimi hisoblanadi. Bu tamoyilga koʻra, sud ish yurituviga kelib tushgan har qanday ish uch bosqichda yakuniga yetadi.

    Birinchi bosqich – tumanlararo, tuman (shahar) sudlari. Ikkinchi bosqich – apellyatsiya (viloyat sudlari). Uchinchi bosqich – kassatsiya (Oliy sud).

    Yaʼni, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat sudlari tomonidan, viloyat sudlarining birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oliy sudning sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish, apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini Oliy sudning sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish tartibi belgilandi.

    Bu yangilikning joriy etilishi natijasida sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti tugatiladi.

    Bundan tashqari, investorlar huquqlarining sud himoyasida boʻlishini taʼminlash maqsadida Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sudlov tarkibi tuziladi.

    Sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlardan asosiy maqsad sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlash, sud idoralarining nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirishdir.

    Jamshidxon Nuritdinov,

    Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi