Qizlar oʻrtasida -55 kg vazn toifasida oʻtkazilgan bahslarda hamyurtimiz Ozoda Hojiyevaning dast koʻtarish mashqidagi har uchchala urinishi ham omadli chiqdi. U dastlab 72 kg, keyin 75 kg va nihoyat soʻnggi uchinchi urinishida 77 kg toshni oʻziga boʻysundira oldi.

Shunga qaramay hamyurtimiz sovrindorlar safidan chetda qoldi, u 4-oʻrin bilan cheklandi. Qizigʻi, dast koʻtarish mashqida 3-oʻrinni egallagan AQSHlik sportchi ham 77 kg natija qayd etgandi, faqat Miranda Ulrey bu ogʻirlikni ikkinchi urinishda oʻziga boʻysundira olgani uchun bronza medali amerikalik sportchiga nasib etdi, deb yozadi Turizm va sport vazirligi Matbuot xizmati.

Darvoqe, norvegiyalik Ronya Levnik ham dast koʻtarishda 77 kg natija qayd etdi va u 5-oʻrinni egalladi. Ikkinchi oʻrindagi Meksika vakilasi Leon Perez esa Ozodani atigi 1 kiloga ortda qoldirdi.

Ushbu yoʻnalishda oltin medalni katta tafovut bilan AQSH terma jamoasining yana bir vakilasi Ketrin Estep egalladi. U dast koʻtarish mashqini 89 kilo bilan yakunladi.

Siltab koʻtarish mashqida Ozoda Hojiyeva ilk urinishida 92 kg, ikkinchi urinishida 95 kg ogʻirlikni oʻziga boʻysundirdi. Soʻnggi urinishda esa hamyurtimiz 98 kg ogʻirlikni koʻtara olmadi. Shunday boʻlsada, siltab koʻtarish mashqida hamyurtimiz 3-oʻrinni band etdi.

Ikkikurash natijasiga koʻra, 172 kg natija qayd qayd etgan Ozoda Hojiyeva 2-oʻrinni egalladi va terma jamoamiz hisobiga jahon chempionatining dastlabki kumush medalini taqdim etdi. Oltin medalni esa kutilganidek amerikalik Ketrin Estep qoʻlga kiritdi.

Ogʻir atletika boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida Jahon chempionati

-55 kg vazn toifasi, qizlar

1. Ketrin Estep (AQSH) – 198 kg,

2. Hojiyeva Ozoda (Oʻzbekiston) - 172 kg,

3. Leon Perez (Meksika) - 171 kg