Oʻzini kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimidan deb tanishtirgan 31 yoshli gumonlanuvchi shaxs behayo saytlarga kirgan 405 nafar fuqarolarni chuv tushirgani aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, ushbu soxta ilovaga kirgan fuqarolarga sayt ekranida Oʻzbekiston Respublikasi IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimidan bildirishnoma koʻringan. Mazkur bildirishnoma gumonlanuvchi shaxs tomonidan quyidagicha yozilgan.
“Siz Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchiligi bilan taqiqlangan materiallar yaʼni pedofiliya, zoʻravonlikni targʻib qilish elementlariga ega boʻlgan pornografiya materiallari mavjud boʻlgan saytlarga tashrif buyurganingiz uchun blokirovka qilindingiz. Blokirovkani olish uchun siz ushbu davlat kartasiga 350 ming soʻm miqdorida jarima toʻlashingiz lozim”.
Natijada fuqarolar davlat kartasi deya taʼkidlangan ushbu shaxsning kartasiga pul oʻtkazib berishga majbur boʻlgan. Gumondor esa soxta ilovaga tanishining karta raqamini kiritgan va maʼlum muddatdan keyin yana boshqa karta raqami bilan almashtirgan. Sababi kartalarga katta miqdorda pul mablagʻlari tushavergach, shubha uygʻotmaslik uchun yangi kartalarni kiritib borgan.
Natijada fuqarolardan 5 kun ichida 142 mln soʻm miqdorida pul kelib tushgan.
Hozirda gumondor shaxs aniqlanib, hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.