OIIB Qishloq xoʻjaligi infratuzilmasi loyihalarini investitsiyalaydi

    Investitsiyalar 11 Mart 2023 1228

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitovning Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) investitsiya operatsiyalari boʻyicha vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Tomonlar qishloq xoʻjaligi sohasidagi infratuzilma loyihalarini investitsiyalash boʻyicha hamkorlikning mumkin boʻlgan yoʻnalishlarini muhokama qildilar. Ular orasida yerlarni oʻzlashtirish, elektr energetikasi, quyosh energiyasi, agrologistika va boshqa yoʻnalishlar oʻrin olgan, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    — Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki Oʻzbekistonda koʻplab loyihalarni amalga oshiryapti. Biz hozir amalga oshirayotgan loyihalar asosan, yangi ish oʻrinlarini yaratish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Qishloq xoʻjaligi infratuzilmasi esa, alohida eʼtibor talab qiladigan yoʻnalishdir, – deya taʼkidladi Aziz Voitov.

    Hozirgi vaqtda respublikamiz bilan hamkorlik yoʻnalishlari asosan Oʻzbekistonning inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga oʻtishiga qaratilgan uchta strategik maqsadga qaratilgan:

    - xususiy tarmoqda inklyuziv bandlikni oshirish;

    - infratuzilma investitsiyalarini amalga oshirish orqali farovonlikni yuksaltirish va aloqalarni yaxshilash;

    - energetika sohasiga sarmoya kiritish orqali farovonlik va barqaror rivojlanishni oshirish.

    Biroq, Konstantin Limitovskiy aytganidek, OIIB loyihalari portfelida qishloq xoʻjaligi infratuzilmasi bilan bogʻliq boʻlganlari ham mavjud.

    — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro viloyati va Xorazmda mahalliy ahamiyatga molik boʻlgan suv va yoʻllar boʻyicha yirik dasturlarni amalga oshiryapmiz. Shuningdek, biz agrologistika markazlarini moliyalashtirish boʻyicha tajribaga egamiz. Shuning uchun biz qishloq xoʻjaligi sohasiga yaqinlashdik”,— dedi Konstantin Limitovskiy uchrashuvda.