"Hammangiz yaxshi bilasiz, xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan. Tuproqni, suvni, havoni, ostonasini pok saqlashga intilgan. Xalqimizda “Birni kessang, oʻnni ek” degan dono maqol ham bejiz aytilmagan.

Oilada yangi farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan. Afsuski, mana shu ezgu odatlar bugun deyarli yoʻqolib ketdi.

Odamlarimiz hatto eshigi va hovlisi atrofini tozalashdan, daraxt, gul, koʻchat ekib, saranjom-sarishta qilib qoʻyishdan erinadigan boʻlib qoldi.

Nimaga bu masalada OAV orqali hamda mahallalarda bong urilmayapti? Qani mahalla faollari, nuroniylarimiz va jamoatchiligimiz? Afsuski, koʻpchilik tomoshabin boʻlib qolmoqda.

Bugun dunyo miqyosida texnika va texnologiya, sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrda ekologiya bilan bogʻliq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqayotgani bejiz emas.

Biz bu masalada faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni oʻylab ish tutmasak, koʻzlagan maqsadimizga erisha olmaymiz", dedi davlatimiz rahbari.

Prezident mavzuni davom ettirdi:

“Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun biz tabiatga mehr va eʼtibor berishimiz, u bilan uygʻun boʻlib yashashimiz kerak.

Bu nima degani? Bu – tabiatni toza-ozoda tutish, yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrash, daraxt ekib, bogʻ yaratish degani.

Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarur.

Bugun koʻchaga yoki istalgan joyga qarang. Hamma joyda odamlar tashlab ketgan chiqindilarni koʻrasiz.

Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Agar shu yurt, shu tuproq biz uchun muqaddas boʻlsa, nima uchun uni toza-ozoda saqlamaymiz?

Albatta, bunday muammolarni faqat maʼmuriy yoʻl bilan hal etib boʻlmaydi. Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin.

Mahallada, koʻchalarda chiqindi tashlagan kishini koʻrganda, “bu ishingiz notoʻgʻri boʻldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarimizni bunga oʻrgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir”.