Oʻtgan yil yakuni boʻyicha mamlakatimizga 6 million 748 nafar turist tashrif buyurgan. Joriy yilda ularning sonini 7,5 millionga yetkazish koʻzda tutilgan. Bu saʼy-harakatda oilaviy mehmon uylarining oʻziga xos oʻrni va ahamiyati bor. “Oilaviy mehmon uylari” faoliyati yoʻlga qoʻyilganiga endigina bir yildan oshgan boʻlsada, ularning soni 900 dan oshdi. Avvallari faqat Buxoro, Xiva, Samarqand kabi tarixiy shaharlarimiz turist va mahalliy aholi bilan gavjum boʻlsa, bugunga kelib, yurtimizning barcha goʻshalari insonlarga zavq beradigan maftunkor qadamjolarga aylandi. “Oilaviy mehmon uylari” tashkil etilishi natijasida yurtdoshlarimiz endilikda oʻz uyida tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyib, roʻzgʻoriga baraka kiritish bilan birga turizm rivojiga hissa qoʻshmoqda.

Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi viloyatga tashrifi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 5781-son farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 631-sonli qarori ijrosini taʼminlashga yoʻnaltirilgan. Ishchi guruh Surxondaryo viloyati Boysun tumani Inkobod MFYdagi Omonxona qishlogʻi, Sayrob MFYni, Denov tumani Sangardak qishlogʻi, Toʻpolon suv ombori, Oltinsoy tumani Hoji Pok ota mahallalarida boʻlib, tashrif doirasida har bir mahallaning turizm salohiyatini oʻrgandi va tadbirkorlar hamda mahalliy aholi bilan turizm xizmatlarini tashkil etish yuzasidan uchrashuvlar oʻtkazdi. Ushbu maqomini berish orqali “Obod qishloq, Obod mahalla” davlat dasturiga kiritish yuzasidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar toʻgʻrisida tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, oilaviy mehmon uylari faoliyatni yagona reyestrdan oʻtkazish tartiblari, oilaviy mehmon uylarida sayyohlarga xizmat koʻrsatish, mehmon uylari tomonidan belgilangan talablarga rioya etilishi, oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etishda mehmonlarga yaratiladigan sharoitlar, jumladan, mehmon uylarini milliy elementlar bilan bezatish, ular tomonidan qoʻshimcha xizmatlarni koʻrsatishga doir targʻibot-tashviqot ishlari amalga oshirildi. Endi ushbu mahallalarda yashovchi oilaviy mehmon uylari egalari mehmon uylariga tashrif buyuruvchi sayyohlarni qonuniy tartibda qabul qilishlari mumkin.

Surxondaryo viloyati mahallalarida oilaviy mehmon uylarining ochilishi mahalliy aholining bandligini taʼminlash hamda ichki turizmni yana-da rivojlantirish yoʻlida muhim ahamiyatga ega.