Oilaviy nizolarni koʻrish boʻyicha ixtisoslashtirgan “Oila sudyalari” tashkil etiladi

    Mamlakatimizda 25 Dekabr 2023 1093

    “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-401, 21.12.2023-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, boshqaruv xodimlari orasidagi xotin-qizlarning ulushini 2030-yilgacha 30 foizga yetkazish talabi davlat korxonalarining ijro organlari, shu jumladan direktorlar kengashi va kuzatuv kengashlarining tarkibini shakllantirishda ham tatbiq etiladi.

    2024-yil 1-fevraldan:

    🔹 kasanachilik va hunarmandchilik yoʻnalishida yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar uchun tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, rivojlantirish, takomillashtirish hamda ularga uslubiy yordam berish maqsadida taʼlim tashkilotlarida tajribali kasanachi va hunarmandlarni jalb etgan holda kasb-hunarga oʻqitish kurslari tashkil etiladi;

    🔹 xotin-qizlarni kasanachilik va hunarmandchilik yoʻnalishlarida kasb-hunarga oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlar Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida moliyalashtiriladi.

    Bunda, taʼlim tashkilotlarida kasb-hunarga oʻqitilgan har bir bitiruvchi xotin-qiz uchun sarflangan oʻqitish xarajatlarining 70 foizi, biroq BHMning 5 barobaridan oshmagan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

    “xotin-qizlar.uz” platformasi negizida “Band boʻlmagan xotin-qizlar” moduli yaratilib, vazirlik va idoralarning axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.

    2024-yil 1-martgacha “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlari oʻrtasida oʻtkaziladigan ochiq tanlovlarda ishtirokchilarni baholash imkonini beruvchi elektron dasturiy taʼminot ishlab chiqiladi hamda 2025-yildan har yili ushbu tanlov oʻtkaziladi.

    Ishsiz xotin-qizlar zamonaviy milliy liboslarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish maqsadida tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgandan soʻng bino va inshootning dastlabki 3 oylik ijara toʻlovi 2024-yil 1-yanvardan BHMning 10 baravarigacha miqdorda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi tomonidan qoplab beriladi.

    2024-yil 1-yanvardan:

    ▪️xotin-qizlarning haq toʻlanadigan jamoat ishlari asosida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida ish yurituvchi boʻlib ishlashiga 11 oygacha muddatga ruxsat etiladi;

    ▪️tashkilot (ish beruvchi) tomonidan ish oʻrinlari zaxiraga qoʻyiladigan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar toifalariga oilaviy (maishiy) zoʻravonlik natijasida jabrlanganlar ham kiritiladi.

    Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudlarda oilaviy nizolarni koʻrishga ixtisoslashgan sudyalar korpusi shakllantiriladi.

    2024-yil 1-fevraldan tajriba tariqasida fuqarolik ishlari boʻyicha Samarqand shahar, Namangan tumanlararo va Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudlarining 2 nafardan sudyasini oilaviy nizolarni koʻrish boʻyicha ixtisoslashtirgan holda ushbu sudlarda “Oila sudyalari” tashkil etiladi.