Mazkur Qonun Jahon bankining tavsiyasi asosida bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zoʻravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muhit yaxshilanishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqildi.
Taʼkidlanganidek, ushbu vazifalar yuzasidan 2023-yil sentyabr oyida Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh shakllantirilgan edi.
JSSTning maʼlumotiga koʻra, dunyodagi har uchinchi ayolga oʻz umr yoʻldoshi tomonidan jismoniy tazyiq oʻtkaziladi. Tazyiq va zoʻravonlik oqibatida oʻlim kelib chiqqan hollarning 38 foizida uning turmush oʻrtogʻi yoki u bilan birga roʻzgʻor qurib yashayotgan shaxsning aybi boʻladi.
2023-yil va joriy yilning may oyiga qadar sodir etilgan 894 ta oilaviy (maishiy) zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatlarning 55,6 foizi, yaʼni 506 tasi taraflar yarashganligi munosabati bilan tugatilgan. Qolgan 44,4 foizi, yaʼni 388 tasi boʻyicha sud tomonidan tegishli jazolar tayinlangan.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 592-moddasi va Jinoyat kodeksining 1261-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zoʻravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash normasi bilan toʻldirilmoqda. Shuningdek, oilaviy (maishiy) zoʻravonlik bilan bogʻliq ishlar yuzasidan yarashuv toʻgʻrisidagi arizani surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida emas, sud muhokamasi paytida berish tartibi joriy qilinmoqda.
Yaʼni oilaviy (maishiy) zoʻravonlik boʻyicha ishlar yuzasidan yarashuv toʻgʻrisidagi ariza faqat ishni sudda koʻrish jarayonida, sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud maslahatxonaga kirishidan oldin berilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi oilaviy (maishiy) zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyat ishlari har tomonlama, toʻliq va xolisona koʻrib chiqilishiga, tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning xulqiga koʻrsatiladigan ijobiy taʼsirning kuchi yanada ortishiga, bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zoʻravonlikka uchrashining oldini olish choralarining samaradorligini oshirish hamda oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muhitni, shuningdek, xotin-qizlar huquqlariga oid xalqaro indekslarda mamlakatimizning oʻrnini yaxshilashga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.