Oktyabr oyidan nafaqa tayinlashda yangi onlayn tizim ishga tushadi

    Bunda fuqaro nafaqa tayinlash uchun birorta davlat organiga murojaat qilmaydi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-fevral kuni “Nogironligi bo'lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo'llab-quvvatlashning qo'shimcha chora- tadbirlari to'g'risida”gi PF-74-son Farmoniga ko'ra, 2022-yil oktyabr oyidan boshlab 18 yoshgacha nogironligi bo'lgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to'lanadigan nafaqalarni hamda parvarishlash nafaqasini fuqarolardan hech qanday murojaat talab etilmasdan “proaktiv” shaklda tayinlash tizimi joriy etilmoqda.

    Fuqaroning murojaatisiz davlat xizmatlarini "proaktiv" shaklda ko'rsatish amaliyoti respublikamizda ilk marotaba Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi tomonidan joriy etiladi.

    Bunda fuqaro nafaqa tayinlash uchun birorta davlat organiga murojaat qilmaydi. Nafaqa tayinlash uchun barcha ma'lumotlar Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan elektron shaklda olinadi.