Prezidentimiz Navro'z umumxalq bayrami munosabati bilan yo'llagan tabrigida e'tirof etilganidek, “Shu fayzli kunlarda mirishkor dehqon va fermerlarimiz ezgu niyat bilan qadrdon dalasiga yo'l olmoqda.
Kelinglar, bobodehqonlarimizni yangi mehnat mavsumi bilan qutlab, hosillarimiz mo'l bo'lsin, rizqu nasibamiz ziyoda bo'lsin, deb duo qilaylik.”
Elning duosi doimo ijobat bo'lib kelgan. Qolaversa, keyingi kunlardagi obi havo dehqonu chorvador uchun yil yaxshi kelishidan dalolat beryapti. Ayniqsa, Navro'z ayyomi arafasida yoqqan yomg'irlar dashtu dalalarda yer ochayotgan, rizq-ro'z sochayotgan dehqonu fermerlarni mamnun etdi.
Dunyoda global oziq-ovqat etishmovchiligi xavfi yuzaga kelayotgan bugungi vaziyatda yurtimiz ichki bozorini to'liq ta'minlash bilan birga, qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirish hajmini ikki barobar oshirish va eksportni ko'paytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilyapti, ularning ezgu-maqsadlari rag'batlantirilyapti. Jizzax viloyatining Zafarobod tumanidagi “Istiqbolli elyor Chimqo'rg'on” fermer xo'jaligining ayni kunlardagi faoliyati bunga yaqqol misol bo'la oladi.
Tuproq hidi
Cho'l havosining avzoyi kun bo'yi ochilmadi. Maydalab yog'a boshlagan yomg'ir kech kirgach zo'raya bordi. O'ktam traktori oynaartgichiga tobora qattiq urilayotgan yomg'ir yog'ishini radiodan taralayotgan musiqaga hamohangligini ko'nglidan o'tkazdi.
Bu yaydoq cho'lning hosiliyu daromadi, shu yerliklar tili bilan aytganda, osmonga qarab qolgan. Agar ko'klam yaxshi kelsa, ya'ni yomg'irli bo'lsa, do'ppingni osmonga qancha otsang ham kamlik qiladi. Avvalgi yili bahor shunday keldi. Yetimtog' etaklari odamning beliga etgulik o't-o'lanlar bilan qoplandi. Cho'ponning ham, dehqonning ham pichog'i moyga botdi. Hozirgi kunda ham erning jon tomiriga yetib boradigan ana shunday yomg'ir yog'ayapti.
Ko'klamning har kuni yilga tatiydi. Bir dam ham g'animat. Nurota tizma tog'larining bir o'rkachi bo'lgan Yetimtog' etaklari Aydarko'l qirg'oqlariga tutashib ketgan. Uning yon bag'irlarida chorak asr avval dehqonchilik qilingan, sara uzumlar yetishtirilgan. Lekin suv ta'minoti, melioratsiya ishlaridagi muammolar oxir-oqibat yerlarni ishdan chiqarib yubordi. Tog' etaklaridagi yuzlab gektar maydonlar yaydoq cho'lga, poda boqiladigan dashtga aylanib qolgan.
Shu yildan bu yerlar manzarasi tubdan o'zgaryapti. Bundan hafta avval O'ktam Abdullayevni “Istiqbolli elyor Chimqo'rg'on” fermer xo'jaligi ish boshqaruvchisi eldor Abdug'aniyev chaqirib qoldi. Eldorning otasi, yaqinda pensiyaga chiqqan bo'lishiga qaramay, hanuz izlanish va yangilikni joriy qilishda kamarbasta bo'lib kelayotgan Mirzaali Ashurov bilan birgalikda yangi rejaning maslahati bo'ldi. Yetimtog' etagida fermer xo'jaligiga qarashli 40 gektar yerda uzum etishtirishga qaror qilinibdi. Shu maydonni shudgorlash kerak. Yerlarning holati o'rganilgan. Qattiq tuproqli bo'lgani uchun u boshqarayotgan, “New Holland T6070” traktorida ertadan ishni boshlashga kelishildi. Pluglar yangi va kerakli chuqurlikda yerni hayday oladi. Kunu tun ishlab, shudgorni qisqa fursatda tugallash zarur. Bunda unga hamkasbi Ozod Hamroyev yordam beradi, ya'ni almashib ishlashadi.
Mana dalani haydash ishlari oxiriga yetyapti. Lekin o't-o'lanlarga qorishiq erning hidi uning dimog'idan ketmaydi. Chunki, chorak asrdan buyon bo'zga aylanib ketgan maydonlar ag'darilishi bilan taralgan tuproq ufori dilni yayratib yuboradi. Tez orada bu erlarga tok qalamchalari ekiladi, qazilgan tik quduqlar orqali tomchilatib sug'orish texnologiyasi asosida parvarishlanadi. Tajribadan ma'lum, tog' yon bag'irlaridagi uzum hosili erta yetiladi va yaxshi mayiz beradi. Balki oradan uch-to'rt yil o'tib hosili Amerikaga ham eksport qilinib, undan ushbu traktorni yaratganlar ham tatib ko'rsa ajab emas.
O'ktam xayoliga kelgan o'ydan mamnun jilmayib qo'ydi-da, nasib etsa, hammasi bo'ladi, deya ko'ngliga tuydi. Chunki bundan besh-olti yil oldin xo'jalikda yetishtiriladigan qovunlar yevropaliklar dasturxoniga yetib boradi, desa ko'pchilik ishonmasdi.
Uch yil burun “New Holland T6070” traktorini haydash ham O'ktam uchun orzu edi. Mirzaali Ashurov unga xarid qilingan traktor kalitini tutqazganda, qanchalik quvongani, qalbi g'ururga to'lgani haligacha esidan chiqmaydi. Aslida xo'jalikda haydov, ishlov va o'rim-yig'imda ishlatiladigan, hatto xashak o'rish va presslash texnikalari deysizmi, hammasidan bor. Ularni boshqarishni miridan sirigacha yaxshi biladi. Lekin “New Holland”dek kuchli va o'ta zamonaviy traktorni boshqarish boshqacha-da. Eng muhimi, ishdagi unum va sifatdan ko'nglingiz yayraydi.
Cho'lning oydin chiroqlari
Mirzaalini rahmatli akasi Ibrohim cho'lga etaklab kelganida yosh yigitcha edi. Uning qavatida dehqonchilik ham, hisobchilik ham qildi, chorvachilik fermasiga bosh ham bo'ldi. Bu yerlarning noni qattiqligini yaxshi biladi. 2005 yilga kelib uning o'zi fermer xo'jaligiga asos soldi. Keyin u o'g'lining nomi bilan “Istiqbolli Elyor Chimqo'rg'on” deb ataldi. Ko'p yillar davomida paxta va g'alla yetishtirish bo'yicha rejalarni ortig'i bilan bajarib keldi. Qora qozonni qaynatish mumkin-ku, lekin mehnatga yarasha daromad kam edi.
Izlagan imkon topadi, deganlari rost gap. Chorva mollarini parvarishlashga o'tib, ular bosh soni orta boshlagandan keyin mahsulotni sotish muammosi ko'ndalang bo'ldi. Bundan o'n yil muqaddam eski xo'jalikning qarovsiz yotgan binosini sotib olib, sutni qayta ishlash korxonani ishga tushirgandan keyin bu muammo o'z yechimini topa boshladi. Mana, bugun fermer xo'jaligining 100 boshdan ziyod qoramoli va 600 boshga yaqin qo'y-qo'zisi bor. Sut qayta ishlanib, sariyog', qatiq, brinza kabi mahsulotlar qadoqlangan holda Paxtakor, Bog'don shaharchalari va Lolazordagi do'konlarga yetkazib berilyapti.
Bundan to'rt yil oldin fermer xo'jaligining paxta va g'alla ekib kelingan yuz sakson gektar yeri yangi inshoot qurilishiga berildi va uning o'rniga Yetimtog' etaklaridan etarli maydonlar ajratildi. Yuqorida qayd etilganidek, ishdan chiqib ketgan va sug'orish tizimi bo'lmagan dashtda dehqonchilik qilishning o'zi bo'lmaydi. Shu bois erlardan samarali foydalanishning yangi tizimini ishlab chiqdi.
Unga ko'ra, yuz gektardan ortiq maydonni sug'orish uchun o'n kilometrga yaqin elektr tarmog'ini tortish va 13 ta tik quduq qazish zarur bo'ladi. Buning uchun o'z mablag'lari, bankdan olinadigan imtiyozli kredit va subsidiyalar hisobiga simyog'ochlar va 5 ta transformator o'rnatishga to'g'ri keladi. Bunda ularga davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 martdagi “O'zbekiston Respublikasida bog'dorchilik va issiqxona xo'jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida suv chiqarish uchun burg'ilangan quduq bo'yicha har 35 gektar maydonga 120 million so'mdan oshmaydigan miqdorda subsidiya ajratilishi belgilanganligi juda qo'l keladi.
Fermer xo'jaligining bu yo'nalishda bajargan ishlari o'z samarasini bera boshladi, rejadagi tadbirlar ham birin-ketin amalga oshyapti. Ayni kunlarda Yetimtog'ning Aydarko'l tomonlariga o'tsangiz, tunda porlab turgan chiroqlar diqqatingizni tortadi. Ular, eng avvalo, ishchi-mutaxassislar dam oladigan binoni va uchta issiqxonani yoritib turibdi.
Qovunning o'zi 600 million dollarllik daromad keltiradi
Bu yil 60 gektar yerda qovun etishtirish mo'ljallanmoqda. Bir gektar maydonga 7 mingta nihol qadalishi hisobga olinsa, umuman olganda, 420 ming dona urug'ga ehtiyoj borligi ayon bo'ladi. Demak, hozirgi kunda issiqxonalarda ana shuncha miqdordagi urug' stakanchalarda parvarishlanyapti. Ularni o'stirish juda nozik, go'dak misol e'tiborni talab etadi. Bunda har bir jarayon muhim. eng avvalo, paxta tozalash korxonalari chiqitidan hosil qilingan chirindilar kichik stakanchalarga joylanib, ichiga urug' qadaladi. Tez va durkun unishi uchun 20 kun davomida issiqxona sharoitida parvarishlanadi. Shundan keyin dalaga va yana plyonka ostiga o'tkaziladi. Havo qiziy boshlashi bilan agrotexnik tadbirlarga e'tibor oshiriladi. Qarabsizki, may oyi oxiriga kelib qovun pishib turibdi.
— Hozirgi paytda biz uchun eng maqbul yo'l shu, — deydi Mirzaali Ashurov. — Avvallari mahalliy qovun ekardik. Lekin ular uzoq yo'lga unchalik chidash bermadi. Keyingi paytda o'zimizning “Oq urug'” bilan bir qatorda xorijning “Dakara”, “Mazain” navlarini ekyapmiz. Qadoqlashda mahsulotning o'lchami asosiy o'rin tutadi. Shu bois, Evropa bozorini o'ylab, ta'mi o'zimiznikiday tilni yoradigan bo'lmasa-da, xorij navlarini ekyapmiz. Daromad yomon bo'lmayapti. 2019 yili 200 000, 2020 yili 400 000 AQSH dollari miqdorida qovun eksport qildik. Bu yilgi mo'ljal – 600 000 dollar. Nasib etsa, Qozog'iston, Rossiya, Belarus va Polsha bozorlariga etib boradi. Yana bir tomoni, kamida oltmish kishi ish bilan ta'minlanadi.
G'o'za bilan kunjut qo'shib ekilganda...
“Istiqbolli Elyor Chimqo'rg'on” fermer xo'jaligi ko'p tarmoqli. 20 gektar maydonda g'alla va shuncha yerda paxta etishtiradi. O'tgan yili bu yerda yangi tajriba sinovdan o'tkazildi. 5 gektar maydonda chigit kunjut urug'i bilan qo'shib ekildi.
— Buning uchun chigit suvda namlanadi va uning ustiga kunjut urug'i sepiladi, — deydi Eldor Abdug'aniyev. — Seyalkada ikkalasi birgalikda erga qadaladi. Unib chiqishdagi qalinligiga qarab, yagana qilinadi. G'o'za qanday parvarishlansa, u ham shundan oziqlanadi. Iyul oy oxirlariga kelib, kunjut qo'lda yig'ib olinadi. O'tgan yili gektariga 500 kilogrammdan hosil berdi. Har bir kilosi bozorda 12 ming so'mdan turadi. Bu — gektar boshiga olti million so'm foyda berdi, degani. Bu yilgi mavsumda g'o'za bilan kunjut qo'shib parvarishlanadigan maydonlarni 10 gektarga yetkazmoqchimiz.
Kunjut bir yillik o'simlik bo'lib, bo'yi 60-120 santimetrga etadi. Urug'i tarkibida 55-68 foizgacha moy, 16-22 foiz oqsil va 18 foiz eriydigan uglevod bor. Uning moyi oziq-ovqat sanoatida va upa-elik ishlab chiqarishda muhim xomashyo hisoblanadi. Uning shifobaxsh xususiyatlari ham talaygina. Abu Ali ibn Sino kunjut urug'i va moyi yordamida qon quyilgan a'zolar, shishlar va astma xastaliklarini davolagan.
Oq donli kunjut urug'laridan yuqori sifatli holva, parfyumeriya vositalari va turli shirinliklar tayyorlanadi. Dunyo sanoatida o'simlik konserva, konditer, tibbiyotda dori-darmon ishlab chiqarishda, yurtimizda esa, ayniqsa, non va non mahsulotlari tayyorlashda keng ishlatiladi.
Saxovatli ishlar mukofoti
Zafarobod tumanidagi “Lolazor” mahalla fuqarolar yig'ini o'tgan yildan boshlab o'z tarixining yangi sahifalarini ocha boshladi. Davlat dasturiga kirgan mahalla qurilish-ta'mirlash ishlari tufayli fayzli maskanga aylandi. Bu jarayonga tadbirkorlar ham o'z hissalarini qo'shib kelyapti.
“Istiqbolli Elyor Chimqo'rg'on” fermer xo'jaligi ish boshqaruvchisi Eldor Abdug'aniyev o'ttiz ikki yoshni qoralab qoldi. U ham tengqurlari kabi sportni, ayniqsa, futbolni yaxshi ko'radi. Lekin buning uchun imkoniyat yo'q edi. Shuning uchun mahalla markazidagi bo'sh turgan joyda zamonaviy kichik futbol maydonchasi qurilishiga bosh-qosh bo'ldi. Ayni kunda bu erda to'p tepayotgan bolalarning shodon qiyqiriqlari tinmaydi.
Ilgari xo'jalik idorasi bo'lgan, keyinchalik tashlandiq holga kelib qolgan bino auktsionda sotib olinib, tubdan ta'mirlandi va “Yoshlar mehnat guzari”ga aylantirildi. 16 ta tikuv mashinasi xarid qilinib, tikuvchilik sexi ochildi. Uning yonida boshqa maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalari ish yurityapti.
— Yaqin kunlarda xususiy maktabgacha ta'lim muassasasini ochish niyatidamiz, - deydi Eldor Abdug'aniyev. — Buning uchun binomiz bor. Hozir uni zamonaviy jihozlash ustida ishlayapmiz. Unda yuzga yaqin bolakayning tarbiyalanishi uchun shart-sharoit yaratiladi.
Yurtimizdagi ko'pgina tadbirkorlik subyektlari kabi ushbu fermer xo'jaligi ham pandemiya avj olgan pallalarda “Saxovat va ko'mak” umumxalq harakati doirasidagi tadbirlarda faol ishtirok etdi. Bu boradagi ezgu ishlar Navro'zi olam kunlariham davom ettiryapti.
Dehqonu fermer bu hayotning baquvvat ustuni, tiriklikning mustahkam tayanchi bo'lib kelgan va shunday bo'lib qolaveradi. Navro'z kunlaridagi ezgu duolar esa, ularning yangi maqsad-marralariga qanot beradi. Zero, Hazrat Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Olam ma'murlig'i alardin, olam ahli masrurlig'i alardin...”
Abdurauf QORJOVOV,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri