Oldimizga qoʻyilgan ustuvor vazifalar xalq farovonligiga xizmat qiladi

    Soʻnggi olti yilda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida sanoat mahsuloti 1,8 barobar, mahalliylashtirish 7,7 barobar, investitsiyalarni oʻzlashtirish 13 barobar oshgan.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 14-15-oktyabr kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida boʻlib, sanoat tarmoqlari uchun muhandislar tayyorlash maktabi hamda “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish, 3-mis boyitish fabrikasi qurilishining yakuniy bosqichlari bilan yaqindan tanishdi hamda 4-mis boyitish fabrikasi qurilishiga start berdi. Bu Olmaliq shahri va kombinat tarixida unutilmas voqea boʻldi.

    Davlatimiz rahbarining tashrifi Muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishuvdan boshlandi. Bu yerda zamonaviy texnologiyalar asosida mutaxassislarning bilim va malakasini oshirish, oʻquv jarayoni dual tizim, yaʼni nazariya va ishlab chiqarish uygʻunligida amalga oshirilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Kasbining ustasi, har tomonlama yetuk, zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni puxta oʻzlashtirgan muhandis-texnik xodimlargina har qanday sanoat korxonasi taraqqiyotini belgilab beradi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati huzurida tashkil etilgan Muhandislik maktabida ham aynan mana shunday professional muhandis texnik xodimlar tayyorlanadi.

    Maktab faoliyati Yevropaning mis sanoati sohasidagi yirik kompaniyalar tajribasidan kelib chiqib tashkil etildi. Xususan, Germaniyaning “Aurubis” AG kompaniyasi oʻquv markazining mutaxassislarni qayta tayyorlash va oʻqitish boʻyicha metodologiyasidan andaza olindi.

    Muhandislik maktabida geologiya, konchilik ishi, kon sanoati transportlari, marksheyderlik ishi, foydali qazilmalarni boyitish, metallurgiya, mexanika, energetika, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yoʻnalishlarida faoliyat yuritadigan mutaxassislar oʻqitiladi.

    Oʻquv dasturlari Germaniyaning Frayberg konchilik akademiyasining texnika universiteti, “Aurubis” AG va “GP Günter Papenburg” AG kompaniyalarining kadrlarni tayyorlash boʻyicha taʼlim standartlaridan foydalanilgan holda ishlab chiqilib, tatbiq etildi.

    Prezidentimiz zamon oʻzgarib, innovatsiyalar kirib kelayotganiga va endi kombinat kelajagi raqamlashtirish bilan bogʻliq ekaniga alohida urgʻu berdi. Har bir boʻlimni, ishlab chiqarishning har bir bosqichini raqamlashtirish zarurligi taʼkidlandi.

    Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Raqamli OKMK – 2030” strategiyasi doirasida 70 dan ortiq loyiha amalga oshirilgan. Joriy yilda Mis eritish zavodi va 2-mis boyitish fabrikasining mnemosxemalari (SCADA) toʻliq yangi tizimga oʻtkazildi. 2-mis boyitish fabrikasida bunkerlar maʼdan darajasini taqsimlash maqsadida 4 tadan lazer datchiklari va zamonaviy tarozilar oʻrnatildi. Telejkani onlayn nazorat qilish va tegirmon bunkerlarini maʼdan bilan bir meʼyorda taʼminlash imkoniyati yaratildi.

    Axborot xavfsizligini oshirish uchun korporativ tarmoqqa qurilmalarning ulanishini boshqarish tizimini joriy etish (NAC) natijasida barcha foydalanuvchi va qurilmalarning markazlashgan nazorati yoʻlga qoʻyildi.

    “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlarida kon-transport boshqaruv tizimi doirasida maʼlumotlarni qayta ishlash markazida 8 ta server qurilmasi oʻrnatilib, maʼlumotlarni saqlash hajmi 290 TBga kengaytirildi.

    Davlatimiz rahbari tashrif chogʻida “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish” loyihasi doirasidagi ishlar bilan ham tanishdi. Konda loyiha boshidan buyon 200 million kub metr kon yuzasini ochish ishlari bajarildi. Konning uzunligi bugun 3,7 kilometr, eni 2,3 kilometr va chuqurligi 260 metrga yetdi. 41,6 kilometr uzunlikdagi temir yoʻl yotqizilib, elektrlashtirildi. 400 ta texnika vositasi ishlamoqda. Uzunligi 4,2 kilometr boʻlgan toʻxtovsiz oqim magistral konveyerlar maʼdanni fabrika xomashyo omboriga tashishga tayyorlandi. Konveyer liniyasida maʼdanni tashish tezligi sekundiga 4 metrni tashkil etadi. Konveyer tizimi joriy etilishi maʼdanni tashish xarajatini kamida 30 foiz kamaytirmoqda.

    Yana bir muhim jihati, “Yoshlik-1” konida foydalanish uchun keltirilgan, yuk koʻtarish quvvati 240 tonna boʻlgan ulkan avtosamosvallar mahalliylashtirish dasturi asosida Nurafshon shahrida “Nurafshon-maxsus-texnika” MCHJda yigʻilmoqda.

    Albatta, “Yoshlik-1” konining jadal surʼatda oʻzlashtirilishiga sabab davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan qulay sharoit, puxta texnologik tayyorgarlikdir.

    Shuningdek, davlatimiz rahbari 2021-yilda qurilish ishlari boshlangan 3-mis boyitish fabrikasidagi bugungi jarayon bilan tanishdi. Dunyodagi keskin vaziyatga qaramay, bugun bu yirik fabrika qurilishi muvaffaqiyatli yakunlanish arafasida.

    Yillik quvvati 60 million tonna rudani qayta ishlashga moʻljallangan ushbu fabrika hademay mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga munosib hissa qoʻsha boshlaydi. Prezidentimiz ushbu megaloyihalarning davomi sifatida kombinatda yangi 4-mis boyitish fabrikasi qurilishiga start berar ekan, bu ulkan islohotlar yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini taʼminlash yoʻlidagi xayrli ishlarning davomi va yurtimizga manfaatli boʻlishiga ishonch bildirdi.

    Yangi loyihalar doirasida kombinat mutaxassislari Chili, Peru, Yevropa va Xitoyning dunyodagi yetakchi korxonalariga borib, bilim va malakasini oshirdi. Mutaxassislarimiz Xitoydagi oʻnlab mis eritish zavod va boyitish fabrikalari faoliyati bilan tanishdi. Chili va Perudagi boyitish fabrikalari tajribasini oʻrgandi.

    Yangi fabrika dunyoning yetakchi kompaniyalaridan keltirilgan zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlanadi. Maʼdan tarkibidagi mis va kamyob metall komponentlarini samarali hamda yuqori sifatda ajratib olish uchun gravitatsiya va flotatsiya usulida kombinatsiyalashgan mukammal texnologiya tanlab olingan.

    4-mis boyitish fabrikasi bizga ruda qazib olish va qayta ishlashni yiliga 120 million tonnagacha oshirish hamda dunyodagi eng yirik korxonaga aylanish imkonini beradi. Loyihaga Italiyaning “Wood” hamda Buyuk Britaniyaning “Worley Parsons” kompaniyalari jalb qilingan. Ishlab chiqarishda yuqori texnologik, ekologik xavfsiz va tejamkor texnologiyalar qoʻllanishi belgilangan.

    Yangi sanoat korxonalari bunyod etilishi Olmaliq shahri va hududlarning infratuzilmasi yanada yaxshilanishi, aholi farovonligi oshishida muhim ahamiyat kasb etadi.

    Davlatimiz rahbari bizga katta ishonch bildirmoqda. Jamoamiz, oʻz navbatida, belgilangan vazifalarni yakdillik bilan bajarishga kirishgan. Zero, oldimizga qoʻyilgan bu muhim topshiriqlar ijrosi xalq farovonligiga xizmat qiladi. Shunday ekan, shu ustuvor siyosatga hamohang holda yangi-yangi ishlab chiqarishlar tarmoqlarini tashkil etib, ish oʻrinlarini shakllantirib, bor kuch va imkoniyatimizni safarbar qilib, xalqimiz farovonligini taʼminlashni oʻzimizning bosh maqsadimiz, deb bilamiz.


    Abdulla XURSANOV,

    “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”

    aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi


    Maqola “Yangi Oʻzbekiston“ gazetasining 215-sonida (2024-yil 24-oktyabr) chop etilgan.

    

    Hamkorlik materiali