Olimpiya shaharchasida yashovchi sportchilarda koronavirus aniqlandi

    Sport 18 Iyul 2021 655

    Tokiodagi Olimpiya shaharchasida yashovchi ikki xorijlik sportchida koronavirus aniqlandi.

    Bu haqda Olimpiada tashkiliy qoʻmitasining saytida eʼlon qilingan hisobotda qayd etilgan. Biroq sportchilarning shaxsi maʼlum qilinmagan.

    Bundan tashqari, hujjatda aytilishicha, bugun, 18-iyul kuni infeksiya Olimpiya shaharchasida yashamaydigan bir nafar sportchi, OAV xodimi, xizmatchi, shuningdek, musobaqaga aloqador boʻlgan yana besh kishida aniqlangan. Ularning hech biri Yaponiya fuqarolari emas.

    Tashkiliy qoʻmita 17-iyul kuni Olimpiya shaharchasi hududida koronavirus aniqlangan birinchi holat toʻgʻrisida xabar berdi.

    “Kyodo” agentligi xabariga koʻra, Tokio-2020 tashkiliy qoʻmitasining musobaqa bilan bogʻliq vakili va Olimpiya shaharchasida infeksiya mavjudligi tasdiqlangan ikkala sportchi ham bir mamlakat fuqarolari. Bundan tashqari, bir sport turida faoliyat olib boradi.

    Maʼlumot uchun, Tokio Olimpiadasi 2020-yilning 24-iyuldan 8-avgustgacha boʻlib oʻtishi kerak edi. Pandemiya sababli musobaqalar bir yilga qoldirildi va joriy yil 23-iyuldan 8-avgustgacha boʻlib oʻtadi. Tashkilotchilar turnirni xorijlik muxlislarsiz oʻtkazishga qaror qilishdi, hatto mahalliy tomoshabinlarning ham Yaponiyaning oltita prefekturasida, shu jumladan Tokioda boʻlib oʻtadigan tadbirlarga kirishlariga ruxsat berilmaydi.