BIZNI SAMIYAT VA MEHR QARSHI OLDI
Samolyot Minsk shahridagi aeroportga qoʻndi. Havo salqin. Oʻrmon cheti qor. Qish hali ketmabdi. Delegatsiyamiz oʻn bir kishidan iborat. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasidan besh nafarmiz. Qolganlar noshirlar. Belarusda Oʻzbek adabiyoti kunlari hamda Xalqaro kitob koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi; ishtirok etamiz.
Bizni Belarusdagi elchixonamiz rahbariyati hamda Belarus Yozuvchilar uyushmasi raisi Aleksandr Nikolayevich Karlyukiyevich kutib oldi. Uyushma rahbari qoʻlimizga gazeta tutdi. Mamlakatdagi nufuzli adabiy nashr – “Adabiyot va sanʼat” (“Literatura i mastastva”) gazetasini varaqlab, hayratga tushdik.16 sahifalik gazeta toʻliq, boshdan oyoq oʻzbek adabiyotiga bagʻishlanibdi. Oʻzbek adib va shoirlarining asarlarini bosishibdi. Birorta begona maqola yo sheʼr-per yoʻq. Hammasi oʻzbeklarga, Oʻzbekistonga atalgan. Ha, gazetaning birinchi sahifasidan to oxiri, eng soʻnggi qatorigacha oʻzbek, Oʻzbeyeistonga baxshida!
Bunchalik izzat-hurmatdan oʻzingizni gʻalati his qilasiz, turgan joyingizda uchib-qoʻnasiz.
Bu Sizning adabiyotingiz, xalqingizga buyuk ehtirom aslida. Buyuk Navoiysi, qanchalab ulugʻlari bor yurtga izzat-ikrom ifodasi. Shularning hurmati Siz uchun ham bu hurmat...
Men hali oʻzga biror yurtning nashri toʻligʻicha bir xalq adabiyoti, madaniyati, qadriyatiga bus-butun bagʻishlanganini koʻrmaganman. Agar bizda “Belarus adabiyoti kunlari” bayrami oʻtkazilsa, bizning adabiy gazetamiz shunday, “A”dan “Ya”gacha Belaruslarga bagʻishlanarmidi?, degan oʻy oʻtdi xayolimdan... Va, oʻsha holatni tasavvur qilib koʻrdim; nega endi bagʻishlanmas ekan, bagʻishlanadi, bizning bagʻrikenglikda Belaruslardan kam joyimiz bormi?
Xullas, aeroportdan shunday yorugʻ oʻylar ila Minsk sari yoʻl oldik.
ODAMIYLIK EZGULIK, TINCHLIK ELCHISI
Mehmonxona... XXI-asrning kim oʻzarga oʻynaydigan koʻp yulduzli mehmonxonalaridan qolishmaydi. Taʼrifga til ojiz.
Soat 16:00. Belarus Yozuvchilar uyushmasida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Hurmatimiz uchun eng taniqli, nomdor adiblar, Belarus OAV vakillari hozir boʻlishgan.
Davra ahli birdan til topisha qoldi. Adabiyot chegara bilmaydi. Adabiyot xalqlar qalbini birlashtira oladigan qudratli kuch. Dunyoni asrab qolishning birdan-bir yoʻli, bani-bashar uchun umuminsoniy Adabiyot zarur boʻlib turibdi. Ha, umumdunyoviy ezgulik adabiyoti. Bir paytlar, “Butun dunyo proletarlari birlashingiz!”, degan chaqiriq boʻlgan edi. Hamma gazetalarning, adabiyotning ham tepasida shu chorlov turardi. Adabiyot bugun bir haqiqatni angladi va oʻz kuch-qudratini ham his qildi; Butun dunyo shoir - adiblari birlashmogʻi davri keldi.
Adabiyot – ezgulik, odamiylik, mehr-muhabbat, tinchlik kuychisi. U inson bolasiga Sen oʻzingni, oʻzligingni, odamgarchilikni yoʻqotmasang, bu dunyo joyida turadi. Sendan koʻp narsa kerak emas, faqat odam boʻlib qol, shundagina bu dunyoni ofatdan, urushdan, ochkoʻzlikdan asrab qolasan, deb uqtiradi.
Shunday ekan hozirgi adiblarning ham, ezgu niyatli Adabiyotning ham millati boʻlmaydi. Uning millati – Insoniylik!
Davra suhbatiga ana shunday ulugʻ aqida qur berdi.
ADABIYOT CHEGARA BILMAYDI
“Belarus adabiyoti tarixi” muzeyidamiz. Keng zalda odam gavjum. Yozuvchi – shoirlar, ziyolilar, adabiyot muxlislari jamuljam. Bu yerda ham oʻzbek adabiyotiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtadi.
Mezbonlar oʻzbek adabiyoti haqida zavqu shavq ila gapirishdi. Minbarda adabiyotimizning yorqin namoyondalari sheʼrlari Belarus tilida yangradi.
Bu yerda tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar ham gʻazal va sheʼrlar oʻqishdi. Mumtoz kuylarimiz yangradi. Xullas, Adabiyot bayrami va Navroʻz tantanasi uygʻun holda nishonlandi. Tadbirda kamina ham soʻzga chiqdim. Doʻstlik va tinchlik bobida nimalardir deb gapirdim va oxirida oʻz tilimda sheʼr oʻqidim. Yigʻilganlar samimiy qabul qilishdi. Chindan ham adabiyot chegara bilmaydi. Qizigʻi, tadbirimizda boshqa davlatlar adib va olimlari ham ishtirok etishayotgandi.
Tashqariga chiqdik. Rossiya Yozuvchilar uyushmasi raisi, anchagina vazmin va sipo boʻlib koʻringan Nikolay Fedorovich Ivanov jilmaygan koʻyi yonimga keldi.
– Tinchlik haqida yaxshi gapirdingiz. Siz haqingizda koʻp narsa bilib ham oldim. Afgʻon urushida boʻlgan ekansizdaa? Men ham oʻsha yerda boʻlganman. Desanturada xizmat qilganman.
– Bilaman. Sizni yaxshi bilaman, – dedim men.
– Aa?
– Ha, Toshkentda ustozimiz Ahmadjon Meliboyev aytgandilar: “Rossiya Yozuvchilar uyushmasi raisi ham «afgʻon” deb...» U kishi “Jahon adabiyoti” jurnali Bosh muharriri.
Mening “afgʻon quroldoshim” bir nuqtaga tikilib turadi:
– Ha,ya, esladim. U kishi bilan biz Dogʻistonda yeoʻrishganmiz. Salom ayting.
– Xoʻp. Aytaman.
– Tadbirlaring zoʻr oʻtayapti, qoyil qoldim!
... Qoyil qoldim dedi. Boshida ancha magʻrur edi. Tadbir soʻnggida qoyil qoldi...
ILIN AKAGA QOYIL QOLISHDI
Belarus Davlat Universitetida “Yozuvchi va zamon” mavzusida Xalqaro simpozium boʻldi. Uyushmamiz aʼzosi, hamrohimiz Nikolay Ilin maʼruza qildi. Tan olish kerak, Ilin aka hammani qoyil qoldirdi. Esimizda qolgan gap: “Sizlar Inson qalbini, ruhiyatini nurlantiradigan, inson qismatini tahlil qiladigan sof adabiyot haqida gapiringlar, kichik manfaatlar yoʻlida adabiyotni sarson qilishning nima keragi bor”, – dedi u.
Zal jim... Soʻng zal bir qalqdi. Zalni qarsak tutib ketdi. Rossiyaning boshqa oʻlkalaridan kelgan adib va adabiyotshunoslar, boshqa chet-ellik mehmonlar oʻzbek delegatsiya vakilining maʼruzasiga ich-ichidan tan berishdi!
MINBARDA OʻZBEK SHEʼRIYATI YOXUD OʻZBEKISTON HAYRATLARI
Minsk shahridagi Yanka Kupala nomidagi Markaziy kutubxonadamiz. Bu yerda Gʻafur Gʻulom tavalludining 120-yilligiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Ulkan zalda odam gavjum. Oʻzbek adabiyotiga bagʻishlangan maxsus koʻrgazma tashkil etilgan. Oʻzbekcha kitoblarni koʻrib hayratlanasiz. Sheriklarim Salim Ashur, Sirojiddin Rauf, Nikolay Ilin, Olimjon Davlatovning ham qalbida hayajon; Belaruslar xuddi oʻz shoirining yubleyini oʻtkazayotgan kabi tayyorgarlik koʻrishibdi. Belarus xalq qoʻshiqlari hamda Gʻafur Gʻulom sheʼrlari Belarus tilida yangradi. Shoirning sheʼrlari oʻqilgach, liq toʻla zalni gulduros qarsaklar tutdi. Ikki soat davom etgan adabiyot bayramidan soʻng, shu yerning oʻzida “Oʻzbekiston hayratlari” degan foto koʻrgazmani ham tomosha qildik. Rasmlarga boqib, shunday goʻzal maskan, tabiati oromijon, tarixi buyuk zamin fanzandi ekanligimizdan faxrlandik.
QISHLOQLAR QABRISTONIDA
Bu yerga qishloqlar koʻmilgan, yonib ketgan qishloqlarlarning qabristoni. Tasavvur qiling, yonib kul boʻlgan 186 ta qishloqning qabri. Oʻsha qishloqlardagi odamlarni ayting. Ularni ham tiriklayin yoqishgan. Ayrim qishloqlarda 34 mingdan ziyod odam yashagan.
Minsk shahridan 50 chaqirim naridagi Xatin qishlogʻi oʻrnidi joylashgan bu qabristonga qadam qoʻyishga yuragingiz betlamaydi, oyoq- qoʻlingiz qaltiray boshlaydi:: men shu ahvolda edim. Son - sanoqsiz qabrtoshlarga odamlarning emas, qishloqlarning nomi yozib qoʻyilgan; oʻz ahli bilan birga yonib kultepaga aylangan qishloqlarning nomi.
Yer ostidan begunoh goʻdaklar, bolalar, ayollar va keksalarning dod- faryodi eshitilganday, yuzingizga olovning tafti urilganday boʻladi. Ayniqsa, roʻparadagi olovda yonib-kuygan farzandini koʻtarib turgan shoʻrlik ota haykali qoshida gandiraklab qolasiz...
Musibatdan ingrab yotgan bu zaminda bir xalqning fojeali qismati koʻmilgani, oradan sakson yil vaqt oʻtsada, yonayotgan odam tanasi, jizgʻanak et hidi, urushning, beshafqat va battol fashizmning tassavvurni tirqiratadigan yovuzligini tuyasiz. Inson bolasiga Tinchlik va osoyishtalikdan ulugʻ neʼmat yoʻqligini his qilasiz.
Urush uyingni kuydiradi, tomiringni quritadi, bola- chaqangni qiradi, toptaydi, xoʻrlaydi, uning ogʻrigʻi asrlarki tinkangni quritadi.
Yer yuzida qirilib ketmagani uchun, yashab qolgani uchun ham bugun har bir belarus biz oʻzbeklar uchun qadrli, deganimda, bizni Xatin qishlogʻiga olib borgan yoʻlboshlovchimiz koʻzlarida yosh qalqdi.
DUNYONI NIMA ASRAYDI? KIM QUTQARADI?
Barcha alifbolar, yozuvlar insoniyat xotirasidan batamom oʻchib ketgan taqdirda ham kitoblar yashab qolishiga ishongan xalqni yengib boʻlmaydi.
Albatta bu dunyo tarbiyaga muhtoj emas, u oʻz joyida turibdi. Uni asrash kerak boʻlsa, Insondan, Inson bolasidan asrash kerak. Demak, dunyo emas, Inson bolasa tarbiya yoki yordamga muhtoj.
Dunyo bir toʻxtamga kelib boʻldi; odamzot kitobdan uzoqlashgani, adabiyotni his qilguvchi tuygʻularni taraqqiyot qurimi bosgani sayin uning hayoti tahlika ichida qola boshladi. Shunday ekan, dunyoni qutqarma, Odamzot, oʻzingni qutqar. Kimdan? Albatta, oʻzinglan! Odamsizlikdan! Shunda hamma narsa joyida turadi, bu dunyo ham tinch boʻladi.
Bir necha kunlardan beri Minsk shahrida davom etayotgan XXX - Xalqaro Kitob koʻrgazmasi zmirida --- bugun dunyoni kitoblar qutqaradi, kelajak avlod qalbiga adabiyot yorugʻlik olib kiradi, kitobdan uzoqlashib borish oʻzlikni yoʻqotib qoʻyishdir, degan xovotir, ochiq aytsak, tahlika singdirilgan edi. Jahonning qaysi burchagidan kelib bu tadbirda ishirok etmasin, har bir noshir yoki adibning qalbida shu bezovtalik bor edi.
Yoʻqsa, Afrika yoki Venuseladan, Hindiston yoki Arabistondan, Oʻzbekiston yoki Yevropadan shuncha yoʻl bosib, bu ezgu tadbirga kitob koʻtarib kelishmasdi. Ochigʻini aytish kerak, bugun hamma joyda bir xoʻroz qichqirayapti; dunyo kitobsizlik kasaliga yoʻliqib bormoqda, dunyoning har bir oʻlkasida oʻz kelajagimni qanday asrab qolsam ekan, degan oʻy bosh ogʻriqqa aylanib boʻldi. Va, yagona yoʻl kitob va adabiyot ekanligini dunyo anglab yetdi. Alabiyot yorugʻlik timsoli, kitob esa adabiyotga nur ato etajak yagona manba.
Ahloq ham shu, mehr ham shu, muhabbat ham shu, bir soʻz bilan aytganda, ODAMIYLIK sabogʻi adabiyot. Axir dunyo bugun shu narsaga zor boʻlib turibdiku. Bolaning, yosh oʻsmirning qoʻlidan qoʻltelefonni, qoʻlogʻiga qoʻrgʻoshin boʻlib quyilib kirib, qotib qolgan “quloqtiqma” ni sugʻirib olishga kuchi yetmay turgan ojiz dunyo uchun oʻz kelajagi qoʻliga qanday qilib boʻlmasin, kitob tutqazishdan boshqa chora qolmadi. Shuni anglab yetgan davlatlarning tadbiri edi bu. Koʻrgazma maydonidagi Oʻzbekiston stendiga kelib kitoblarimizga qiziqqan Belarus Respublikasining Tashqi Ishlar vaziri Sergey Aliynikning ham ayni dam koʻnglidan shunday oʻylar kechayotgandi, ehtimol.
Ha, adabiyot chegara bilmaydi. Adabiyot Insonlar qalbini birlashtiradi. Adabiyotning quroli esa kitob. Bu qurol bilan odam oʻldirmaydilar, aksincha, odamlar qalbida odamiylik urugʻini sochadilar. Bugun dunyoga shundan ortiq nima kerak?
Minskda boʻlib oʻtayotgan Kitob tadbirida turli oʻlkalardan kelgan noshirlarlar bugungi avlod ertasi haqida bizning fikrimiz bilan ham qiziqishdi.
“Bolangiz Sizdan oʻzoqlashayotgan boʻlsa, bir amallab qoʻliga kitob bering, kitob, albatta, uni qaytarib olib keladi...”
Bizning javobimiz shu edi. Fikrimizni uqqan horijlik noshirladan biri yon daftarini olib nimalarnidir yozdi. “Maylimi, shu gapingizni nashriyotimiz eshigiga yozib qoʻyamiz?..”
Samimiy jilmayib turgan xusisiy nashriyot sohibining qalbida kechayotgan tuygʻular ayni dam boshqalarga ham begona emas edi. Bu yerdagilarning koʻnglini bir oʻy yoki xavotir birlashtirib turganini his qildik; Dunyoni adabiyot asraydi, kitob qutqaradi...
BU UYDA OʻZBEKISTON YASHAYAPTI
Minsk shahrida bir hovli bor. Bu yerda deyarli har kuni Oʻzbekiston, oʻzbek xalqi ulugʻlanadi. Odam oyogʻi uzilmaydigan bu xonadon bekasi Vasilisa bizni oʻz ogʻalari kelgan kabi ochiq va yoniq chehra bilan qarshi oldi.
Vasilisa belarusning buyuk oʻgʻloni, ardoqli shoir Yakub Kolasning chevarasi. Ha, angladingiz, bu dargohda ulugʻ shoir Yakub Kolas yashagan. Hozirgi kunda uy muzeyga aylantirilgan.
Muzeyda rizqi roʻz bilan qarshi olishdi, kechki nonushtaga dasturxon tuzashdi, oʻzimizning koʻk choydan damlashdi. Kelshimiz oldidan Belarus TV hamda bir qancha OAV vakillari hozir boʻlishgandi. Safimizda moskvalik, qozogʻistonlik va boshqa oʻlkalarning ham adiblari bor edi.
Choydan soʻng chevara qiz Vasilisa bizni muzey bilan, shoir hayoti bilan tanishtirdi. Ishonavering, bir soatdan koʻproq vaqt davomida mezbonimiz minnatdorlik ila har ikki gapning birida Oʻzbekiston haqida, oʻzbeklarim haqida toʻlqinlanib, ayrim hollarda koʻzlari tubida yosh aylanib gapirdi. Chunki, ulugʻ shoir yashagan uyning qay bir xonasiga kirmaylik, oʻsha yerda Oʻzbekistonmiz bilan bogʻliq biror hodisa, shoir hayotida oʻchmas iz qoldirgan voqea tilga olinadi.
Shoir Ikkinchi Jahon urushi davrida ikki yil Toshkentda yashagan. Toshkent boshpana boʻlgan, oʻzbeklar unga mehr koʻrgazgan. “Chimgan”, “Salor”, “ Quyoshning botishi» kabi baland sheʼrlarini shu yerda yozgan, kitoblari chop etilgan. Eng muhimi, bagʻri keng, mehribon Xalqimning mehrini tuygan, boshiga ish tushgan insonga tayanchu suyanch boʻloladigan, yaxshiligini minnat qilishdan or biladigan oqibatli odamlarning mardligini his qilgan.
Boshlovchi qizimiz Vasilisa biz kelganimiz uchun Oʻzbekistonga, oʻzbeklarga ataylab urgʻu berib gapirayatimikin, degan gumonga ham bordim. Biroq oʻsha zahoti uning koʻzlari tubidagi qaynoq yosh mavjlarini koʻrib, xayolimga kelgan oʻydan uyalib ketdim. Chunki, bu uydagi eksponatlar, kitoblar, sheʼrlar, oʻzbek adiblarining suvratlari, monitorda aks etib turgan manzaralar, hatto, milliy bosh kiyimimiz, oʻsha davrning kosaga oʻxshab ketadigan shopiyolasi... bari - bari Oʻzbekistonni eslatib tursayu, qanday qilib Oʻzbekiston haqida gapirmaslik mumkin? Vasilisa tanishtiruv soʻnggida bir gapni aytdi: “Oʻsha yillarda bobomning vujudi Toshkentda, biroq qalbi Belarusda qolgan edi... Biroq Toshkentdan qaytib kelib, oʻz uyida yashay boshlagach, endi uning qalbi, ruhi Toshkentga koʻchgandi. U urushdan keyingi yillarda umrining soʻnggi kunlarigacha Oʻzbekiston va oʻzbeklar yodi bilan yashadi. Demak, bu yer Sizning ham uyingizdir. Kelib tursangiz, oʻzimning oʻzbeklarim keldi, deb bobomning ruhi shod boʻladi...”
Men gʻururlanib ketdim. Koʻzimda yosh qalqdi. Chindan ham bu xonadonda Oʻzbekiston yashayotgani, dov-daraxtlar bilan oʻralgan sokin uy timsolida mehribon Vatanim va Xalqimga mangu haykal qoʻyilganini his qildim. Oʻzbeklarning “Bir kun tuz yegan joyingga qirq kun salom ber”, --- degan oʻgitini belaruslar birovdan yaxshilik koʻrsang, bir umr unutma, deb talqin qilisharkan.
Oʻz qadrdonlarimiz bilan xayrlashar chogʻida yonimdagi moskvalik va qozogʻistonlik, yana qayerdandir kelgan adiblarning bizga endi boshqacha, mehri iyib qarayotganini sezib gʻurulandim. Bu tuygʻuni birgina men emas, sheriklarim --- shoirlar Salim Ashur, Sirojiddin Rauf, Nikolay Ilin, navoiyshunos olimimiz Olimjon Davlatov ham his qilishdi.
Mashinaga chiqayotib beixtiyor ortga yuzlandim. Uy egalari xuddi oʻz aka - ukalarini safarga kuzatayotgan kabi qoʻl silkishayapti. Uy ham biroz mungʻayib, yana kelinglar, deb iltijo qilayotganga oʻxshaydi. Koʻnglimdan: “Biz yana kelamiz qadrdonlar! Ey, oq kemaday oppoq uy, axir Sen bizga chin oʻzbeklik haqida soʻzlayapsan - ku, albatta kelib turishimiz kerak ekan...” degan oʻy kechdi.
NAVOIY DAHOSI YER YUZIDA ULUGʻDIR
Belarus Yozuvchilar uyushmasining teatr tomoshalari zalida Hazrat bobomiz Alisher Navoiyga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Keng zalda boʻsh oʻrindiq topish amri mahol.
Tadbirni Belarus Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Yelena Stelmax hamda Belarus Yozuvchilar uyushmasi Minsk shahar boʻlimi raisi Mixail Pozdnyakov olib borishdi. Ularning ikkisi ham oʻzbekcha urfda kiyinishgan. Yelena opa egnida adras, Mixail aka esa doʻppi kiyib olgan.
Bu yerda ham kuy-qoʻshiq, gʻazal va sheʼr avj pardaga chiqdi. Ishonasizmi, yurtingdan uch yarim ming kilometr olisda, Yevropaning biqinida, Sening adabiyoting, sanʼating, qadriyatlaring ulugʻlansa, xuddi oʻz yurtingdagi kabi aʼlo darajada oʻtayotgan bayram tadbirida ishtirok etsang, qalbing quvonchga toʻlib, beixtiyor koʻzga yosh ham kelarkan. Boshlovchilar har ikki gapning birida Toshkent, Oʻzbekiston, mehribon oʻzbek xalqini ulugʻlashadi. Teatr aktyorlari chiqishib ulugʻ Navoiy gʻazallarini oʻqishadi. Belarus milliy cholgʻu asbobida kuy yangraydi, qoʻshiqlar aytiladi. Ayniqsa, u yerda tahsil olayotgan oʻzbek talabalari – oʻgʻil-qizlarimiz Hazrat Navoiy gʻazallarini yod aytishganda, Navoiy gʻazallarini qoʻshiq qilib kuylashganda butun zal junbushga keldi.
Navoiyga ehtirom namunasi oldida, ulugʻ bobomizni sharaflagan xalq, oldida taʼzim qilamiz.
Ha, chindan Adabiyot cheksiz qudratga ega. Yana aytaman, adabiyot chegara bilmaydi. Chunki Inson qalbi, Inson sevgisi hech qanday chegarani tan olmaydi.
Xullas, Belarusdan koʻp va xoʻp taassurotlar bilan qatdik. Vaqt soati yetgach boshqa voqea-hodisalarga ham toʻxtalamiz. Ayniqsa, Minskdagi urush muzeyi, oʻrmon ichidagi partizanlar lageriga qilgan safarimiz xotiralari esa olam-jahon. Kishi qalbini titratadi. Bular haqida esa keyingi chiqishlarimizda hikoya qilamiz.
Qoʻchqor NORQOBIL