Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun 75 ta bir mandatli saylov okruglarini tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Bir mandatli saylov okruglari har bir maʼmuriy-hududiy birlik doirasida ulardagi saylovchilar sonidan kelib chiqqan holda tuzildi. Saylov okruglarini tuzish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomalari hamda Markaziy saylov komissiyasining qarorlari “E-Saylov” axborot tizimi orqali qabul qilindi.
Shuningdek, majlis kun tartibidagi siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzish toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi.
Saylov kodeksining 39-moddasiga koʻra, Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi, Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar va adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etilishi mumkinligi belgilangan.
Shunga koʻra, Markaziy saylov komissiya tomonidan imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi 3 ta ekspert guruhlari tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.