Uchrashuv davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yilda hamkorlikni faollashtirishga xizmat qilgan Fransiyaga qilgan tashrifi doirasida ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasidagi muzokaralar davlatlararo munosabatlarning yangi bosqichini boshlab bergani qayd etildi.
Suhbat chogʻida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va shu maqsadda parlament nazorati institutidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar natijasida mamlakatning barcha soha va tarmoqlarida ijobiy oʻzgarishlar yuz berayotgani, demokratik jarayonlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Bundan tashqari, savdo-iqtisodiy, investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, turizm va madaniyat, taʼlim sohasida, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash va gender tenglikni taʼminlash borasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.