Sudlar oʻtgan yilda 13 ming 824 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qoʻyilgan moddalarni ayblovdan chiqarib tashlagan yoki qayta malakalagan.
Toʻgʻri, shaxsning aybli yoki aybsiz ekanini sud hal qiladi. Lekin asossiz ayblovlar minglab odamlarni ovorayu-sarson qilgani, ularni va yaqinlarini iztirobga solgani kishini oʻylantiradi.
Oliy sud axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, 2022-yil davomida jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 75 ming 78 nafar shaxsga nisbatan 58 ming 697 ta jinoyat ishi koʻrib chiqilgan.
– Ming nafardan ortiq shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilindi, – deydi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov. –Sudlangan shaxslar soni 56 ming 542 nafarni tashkil etib, shundan 17 ming 610 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 37 ming 503 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi. 1,5 mingga yaqin shaxs shartli hukm qilindi.
Sudlangan shaxslarning asosiy qismini erkaklar, 6,5 mingga yaqinini ayollar, 1,7 mingdan ortigʻini voyaga yetmagan shaxslar tashkil etdi. 8,5 mingga yaqin shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
26 ming 753 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 10 mingdan ziyodiga tayinlangan jazo yengili bilan almashtirildi va 495 nafar shaxsga (yoshlar, ayollar va boshqalar) kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlandi.
– Qaysi jinoyat turlari koʻproq sodir etilgan?
– Jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan koʻrilgan jinoyat ishlarining aksariyatini firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish kabilar tashkil etdi.
Shuningdek, oʻgʻrilik, oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq harakatlar, hujjatlarni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, bezorilik, pora berish, qasddan badanga yengil yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish kabi jinoyatlar ham nisbatan koʻproq.
Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, yarashuv qoʻllanilishi natijasida 15 ming 315 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan.
Yetkazilgan 1,3 trillion soʻmdan ziyod moddiy zararning oʻrnini qoplagan 8 ming 719 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlangan.
– Sudlar qarorlari bekor qilinishi va oʻzgartirilishi holatlari uchrayaptimi?
– Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida 14,5 ming shaxsga nisbatan jinoyat ishlari koʻrib chiqilgan. Mingdan ortiq shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 3,6 mingdan ziyod shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari oʻzgartirilgan.
Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan kassatsiya tartibida 6 ming 264 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari koʻrib chiqilgan. 1 ming 245 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 534 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari oʻzgartirilgan.
Kassatsiya instansiyasida esa 309 nafar shaxsga nisbatan 271 jinoyat ishlari takroran koʻrib chiqilgan. 180 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 93 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari oʻzgartirilgan.