Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri AQSH elchisi bilan uchrashdi

    Ta'lim 26 Yanvar 2023 1268

    25-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov AQSHning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda AQSH elchixonasi vakillari – Jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha maslahatchi Aleksis Sallivan (Alexis Sullivan) va Siyosiy masalalar boʻyicha maslahatchi Abdumalik Ismoilov ishtirok etdi.

    Uchrashuv davomida universitetlar oʻrtasida hamkorlik, talabalar, doktorantlar va tadqiqotchilar almashinuv dasturlari, ingliz tilini qoʻllab-quvvatlash kabi loyihalar doirasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri I. Abdurahmonov Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar toʻgʻrisida AQSH tomoniga batafsil maʼlumot berdi. Oʻzbekistonda oliy taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan dasturlarni joriy etish, kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish bilan bogʻliq boʻlgan hamkorlikka yanada koʻproq eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Jumladan, qishloq xoʻjaligi, energetika va muqobil energiya manbalari, mashinasozlik, arxitektura va qurilish, toʻqimachilik va kimyo sanoati texnologiyalari, tibbiyot va farmatsevtika, shuningdek, matematika, fizika, ximiya, biologiya va geologiya fanlarini oʻqitishga alohida urgʻu berilayotgani aytildi.

    Professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish, ingliz tilini oʻqitish, shuningdek, respublika oliy taʼlim muassasalarida maʼruza oʻqish, seminarlar va mahorat darslarini oʻtkazish maqsadida amerikalik mutaxassislarni jalb etish hamda Oʻzbekistonda AQSH universitetlari filiallarini ochish Oʻzbekiston tomoni uchun manfaatli ekanligiga alohida toʻxtab oʻtildi.

    Qoʻshma taʼlim dasturlarini (Double-degree Program) yaratish, amerikalik mutaxassislarni respublika oliy taʼlim muassasalariga jalb etgan holda qisqa va uzoq muddatli maʼruzalar, mahorat darslarini tashkil etish orqali hamkorlikni yanada kengaytirish ham katta ahamiyatga egaligi taʼkidlandi.

    Oʻz navbatida, J. Xenik elchi janoblari Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida taʼlim sohasidagi ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganligini taʼkidlab oʻtdi va kelgusida aloqalar yanada yuqori darajaga koʻtarilishiga umid bildirdi.

    Elchi J. Xenik Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashlari (ACIE) tomonidan Markaziy Osiyo universitetlari hamkorligi dasturi (UniCEN), Oʻqituvchilar malakasini oshirish dasturi (Faculty Enrichment Program – FEP) hamda Ingliz tili stipendiyasi dasturi (English Language Fellow Program – EL Fellow) respublika oliy taʼlim muassasalari ishtirokida amalga oshirilayotganligini hamda kelgusida ushbu dasturlar hamkorlik aloqalarini rivojlanishiga yana bir turtki boʻlishini taʼkidlab oʻtdi. Shular qatorida, 2023-yil oktyabr oyida Oʻzbekistonda AQSH universitetlari hamda respublika OTMlari ishtirokida forum yoki konferensiya oʻtkazish taklif etildi, deb xabar beradi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.