Shu boisdan ham, mamlakatmizda ta'lim tizimining barcha bosqichini isloh qilish va yakunda zamonaviy oliy ta'lim tizimi orqali keng dunyoqarash, zamonaviy fikrlash qobiliyatiga ega kadrlarni etishtirib chiqarish yo'lida bir qator islohotlar amalga oshirildi. Albatta, sobiq Ittifoq davridagi markazlashtirilgan boshqaruv hamda iqtisodiyotda bozor munosabatlarini to'liq joriy etmaslik va mulkchilikda davlat monopoliyasining saqlanib qolishi ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda bo'lgani kabi ta'lim tizimida ham turg'unlik davrini hukm surishiga olib keldi.

Bunga 1965–1970 yillardan boshlab, professor-o'qituvchilikka ishga qabul qilishdagi mahalliychilik, qarindosh-urug'chilik unsurlarining kirib kelishi, oliy ta'lim muassasasiga o'qishga kirishda tanish-bilishchilik, nimanidir evaziga (moddiy yoki ma'naviy manfaatdorlik) yordam berish hamda ko'plab olimlarning o'z vatanlaridan rivojlangan mamlakatlarga yaxshi shart-sharoitlar uchun doimiy yashash uchun ketishi kabi ko'plab misollarni keltirib o'tish mumkin.

Shu bilan birga, sotsialistik davlatlarda ro'y bergan ta'lim tizimi ustidan qat'iy davlat nazorati ushbu tizimni mazkur mamlakatlarni qamrab olgan iqtisodiy-siyosiy tanazzul oldida himoyasiz qilib qo'ydi. Natijada 90-yillar boshida yangi mustaqil davlatlar ta'lim tizimi uchun moliyaviy muammolar, ta'limning mazmun-mohiyati va sifati, undan hammaning foydalanishi, talab etilishi, moddiy-texnika bazasiga doir muammolar muayyan darajada salbiy oqibatlarga olib keldi.

Yuqoridagi kabi muammolardan kelib chiqib, o'sha davrda mamlakatlar va hukumatlari oldida ta'lim tizimini isloh qilishga qaratilgan bir qator kechiktirib bo'lmas muammolarni hal etish masalasi turgan edi. Bular:

– kuchli ta'lim tizimini izdan chiqargan, birinchi navbatda o'qituvchi kadrlarning ketib qolishi va avvalgi tizimning kuchli jihatlarining yo'qolishiga sabab bo'lgan omillarni aniq belgilash va bartaraf etish;

– yangi ta'lim tizimining davr talablariga javob beradigan va tushunarli maqsadli vazifalarini belgilash, uni yangi maqsad va vazifalarga muvofiq tashkiliy va uslubiy qayta tuzish;

– ta'limning barcha bosqichlarini bozor iqtisodiyoti tamoyillari va global talablarga muvofiq samarali isloh qilishni ta'minlaydigan yangi boshqaruv tizimini tashkil etish.

O'zbekiston hukumati ushbu muammolarni chuqur anglagan holda, 1997 yili MDH davlatlari orasida birinchi bo'lib ta'limning barcha tizimini bosqichma-bosqich isloh qilishni nazarda tutuvchi Kadrlar tayyorlash milliy dasturini ishlab chiqdi va tasdiqladi.

Ushbu dastur mamlakatning ta'lim tizimini tubdan qayta tashkil etish, ta'lim tuzilmasi va mazmun-mohiyatini takomillashtirish imkonini berdi. O'z o'rnida bu jarayonni quyidagi to'rt bosqichda amalga oshirilgan deyish mumkin.

Birinchi bosqich – 1991–1997 yillar tayyorgarlik bosqichi bo'lib, bu davrda ta'lim tizimining asosiy muammolari va ziddiyatlari, jamiyatda iqtisodiy va siyosiy tub o'zgarishlarga mos kelmasligi o'rganildi hamda aniqlandi;

Ikkinchi bosqich – 1997–2001 yillarni o'z ichiga qamrab oladi. Bu davr kadrlar tayyorlash bo'yicha yangi milliy siyosatni shakllantirishning dastlabki bosqichidir;

Uchinchi bosqich – 2001–2005 yillar bo'lib, unda uzluksiz ta'lim tizimini keng ko'lamli isloh qilish faol bosqichga chiqdi.

To'rtinchi bosqich – 2005 yildan keyingi davr bo'lib, bu davrda uzluksiz va izchil ta'lim tizimini takomillashtirish hamda rivojlantirish davri sifatida e'tirof etish mumkin.

Ammo buyuk allomalar va ikki bor uyg'onish davriga tamal toshi qo'yilgan mamlakatning bugungi ta'lim tizimi va unda erishilgan natijalarni quvonarli holat, deb bo'lmaydi. Sababi, o'tgan vaqt davomida oliy ta'lim muassasalariga qabul kvotalari keskin kamaytirildi, kechki va sirtqi ta'lim batamom yopildi, professor-o'qituvchilarning pensiya yoshida ishlashi uchun munosaib rag'bat va sharoitlar ta'minlanmaganligi sabab bir qismi ishdan ketishiga olib keldi.

Shuningdek, 2000 yildan boshlab aspirantura va doktoranturada o'qiydiganlar sonida keskin kamayish holatlari yuzaga keldi. Jumladan, aspirantlarning atigi 15,6 foizi, doktorantlarning 8,6 foizigina o'qishni muvaffaqiyatli tamomlagan.

Shu bilan birga, oliy ta'lim tizimida test tizimining kirib kelishi bu holatni yanada salbiy tomonga o'zgartiruvchi omillardan biri bo'ldi. Buning natijasida, kirish imtihonlarini oladigan nufuzli professor-o'qituvchilar o'rniga qabul komissiyasi rolini bir guruh rahbar va texnik xodimlar bajara boshladi. Yuqori kasbiy bilim va mahoratga ega professor-o'qituvchilarni boshqarish va hattoki ishga olish ham ana shu toifadagi rahbar-xodimlarning ixtiyoriga o'tish holatlar yuzaga keldi. Oliy ta'lim muassasalariga o'qishga, ishga kirishda tanish-bilishchilik va mahalliychilik yanada avj oldi.

Yuqorida oliy ta'lim tizimida 2005 yildan keyingi davr uzluksiz va izchil ta'lim tizimini takomillashtirish hamda rivojlantirish davri sifatida e'tirof etildi. Ammo, barcha yo'nalish va sohalar kabi ta'lim tizimida ham 2016 yildan boshlab yangi davr, yangi shakl va tamoyil kirib kelgan davr bo'ldi, deb aytish mumkin. Sababi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning boshqaruvga kelishi bilan ta'lim va ilm-fan sohalaridagi salbiy holatlarga davlat miqyosida haqqoniy baho berish, yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni tan olish boshlandi.

Davlat rahbarining qat'iy harakati va tashabbusi bilan ta'limga davlat siyosati darajasida munosabatda bo'lish, uning har bir bosqichi kelajagimizning bir muhim bo'g'ini sifatida qaralishi borasida dastlabki qadamlar qo'yildi.

Buni o'tgan besh yillik vaqt davomida erishilgan natijalar misolida ham ko'rish mumkin. 2017–2019 yillarda ta'lim sohasida keskin o'zgarishlar yuz berdi, kechki va sirtqi ta'lim tiklandi, maktab bitiruvchilarini oliy ta'limga qamrab olish darajasi qariyib 3 marotabaga oshdi. Ta'lim muassasalarining oylik maoshlari oshirildi, ziyoli, o'qituvchiga munosabat davlat siyosati darajasiga ko'tarildi, bir qator xorijning nufuzli oliy ta'lim muassasalari filliallari va institutlar ochildi. OTMlarning moddiy-texnik bazasi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. O'quv binolari, talabalar turar joylari, sport inshootlarini qurish ko'lami kengaytirildi.

Yana bir eng muhim islohot OTMlarga qabul qilishning test tizimi tubdan takomillashtirilib, 2020–2021 o'quv yilidan boshlab, abiturientlar uchun 5 ta fandan kirish imtihonlarini topshirish imkoniyati yaratildi. Umumta'lim maktablarining 11-sinfida o'quvchilarga fanlarni tanlash huquqining berilishi ularni o'zlari tanlagan kasbga tayyorgarlik ko'rish imkoniyatlarini yanada oshiradi.

Albatta erishilgan natijalar kishini quvontiradi. Ammo, yillar davomida sohaga tizimli yondashuvlar asosida yangi qon olib kirilmaganligi sabab, hozirda boshlangan islohotlarni jadal rivojlantirish ustuvor vazifa sanaladi. Bunda esa avvalambor, ichki va tashqi omillar to'sqinligini alohida o'rganib, bartaraf etish darkor.

Jumladan, ichki omillar sifatida OTMlardagi professor-o'qituvchilarning yangicha ishlash mexanizimlariga ko'nika olmayotganligi yoki kasbiy bilim va mahoratlari, fidoyilik va tashabbuskorliklari etishmayotganligini, shuningdek talabalarning aksariyati faqat diplom uchun o'qishi hamda OTMda ta'lim resurslarining talab darajada emasligi va moliyaviy siyosatni rivojlantirish bo'yicha strategiyaning yo'qligi kabi omillarni misol qilib keltirish mumkin.

Tashqi omillar sifatida esa barcha qatlamlarining ta'lim tizimiga aralashuvi (ota-onalar, huquq-tartibot tizimlar, nazorat organlari, yuqori lavozimdagi rahbarlar va h.k.) hamda markazlashgan byurokratik boshqaruv va nazorat-tekshiruvlaridir. Shuningdek, ta'lim muassasalarimizning xalqaro hamjamiyatlarga integrallashuv darajamizning o'ta pastligi. Keyingi 3-4 yil mobaynida amalga oshirilgan chora-tadbirlar ishbilarmonlik muhitini sezilarli darajada kuchaytirdi. Biroq oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash orqali iqtisodiyotning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish, barqaror o'sish sur'atlarini ta'minlash va aholi turmush darajasini yuksaltirishning muhim sharti hisoblangan qulay investitsion muhitni yaratish borasida hali juda katta amalga oshirish kerak bo'lgan masalalar mavjud.

Davlat rahbarining tashabbusi va bevosita boshchiligida ta'limning barcha bosqichlarida islohotlar uzluksiz ta'lim tizimiga amal qilingan holda olib borilmoqda. Jumladan, Davlat maktabgacha ta'lim muassasalari bilan bir qatorda nodavlat maktabgachi ta'lim muassasalari, viloyatlarda Prezident maktablari, Abdulla Qodiriy, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdieva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablari, shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktablari tashkil etildi.

Shu bilan birga kelgusi besh yilda, 10 ta OTMlarni xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlarning reytingining birinchi 1000 taligiga, shu jumladan O'zbekiston Milliy Universiteti va Samarqand Davlat universitetlarini kuchli 500 talik OTMlar ro'yxatiga kiritish vazifalari belgilandi.

Yuqoridagi fikr va mulohazalardan kelib chiqqan holda, OTMlarga to'laligicha mustaqillikni berish tizimini yanada jadallashtirish, oliy ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, davlat oliy ta'lim muassasalarining moliyaviy barqarorligini ta'minlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalarini mustaqil hal etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga mablag'larni jalb etish imkoniyatini kengaytirish hamda oliy ta'lim muassasalari o'rtasida raqobat muhitini rivojlantirishga yanada ustuvor ahamiyat qaratish darkor.

Shuningdek, oliy ta'limdagi sifat va samaradorlikni oshirish uchun OTMdagi bo'lim boshliqlari, o'quv-yordamchi xodimlar hamda laborantlarning ham ijtimoiy shart-sharoitini tubdan yaxshilash, ularning oylik maoshlarini oshirish maqsadga muvofiq. Qolaversa, OTM professor-o'qituvchilarini oddiy savodlilik darajasini va kasbiy bilim va mahoratini klassik usul, ya'ni suhbat va muloqot orqali o'rganish lozim. Professor-o'qituvchilarni ijtimoiy himoyalash tizimini takomillashtirish bo'yicha yangi tizim ishlab chiqish zarur.

Ta'lim sifati va samaradorligi sanoat va qishloq xo'jaligi samaradorligini oshirish jarayonidan keskin farq qiladi. Agar yaxshi urug' tanlanib, yerga zamonaviy agrotexnik ishlovlar berilsa, shuningdek, qulay iqlim sharoiti kelsa, bir yilning o'zidayoq yuqori sifatli mahsulot yetishtirish mumkin. Ta'limning samaradorligi bir-ikki yilda emas, besh-o'n yillarda ko'zga tashlanadi.

Shu boisdan, ta'lim tizimida boshlangan islohotlar uzluksizligini ta'minlash orqaligina mamlakatni yuksaltirishga qaratilgan vazifa va maqsadlarga erishini ta'minlovchi hamda uchinchi Renessansni amalga oshiruvchi barkamol avlodni yetishtirish mumkin.

U.Bo'tayev, M.Qodirov

“Istiqbol” tadqiqot markazi ekspertlari