2025/2026-oʻquv yili uchun bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida vakant qolgan oʻrinlarga qoʻshimcha qabul amalga oshiriladi.
Bu Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi bayonida keltirilgan.
Unga koʻra, 2025-yilgi kirish imtihonlarida 56,7 ball va undan yuqori natija koʻrsatgan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan, shu jumladan, roʻyxatdan oʻtishning ikkinchi bosqichida oliy taʼlim tashkiloti va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini tanlamagan abituriyentlarga quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:
- davlat oliy taʼlim tashkilotlarida qolgan vakant bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga tanlovda ishtirok etish uchun 2025-yil 25-sentyabrdan 3-oktyabrga qadar (shu kuni ham) my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratiladi;
- roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar toʻplagan ballari ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilingan holda vakant oʻrinlarga bazaviy toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi;
- roʻyxatdan oʻtish jarayonida fanlar majmuasi mos boʻlgan bakalavriat yoʻnalishini tanlash imkoniyati beriladi;
- tanlov natijalari boʻyicha qaydnomalar 2025-yil 8-oktyabrga qadar chop etilib, tegishli oliy taʼlim tashkilotlariga talabalikka qabul qilish boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish uchun yetkaziladi.
Umumiy qabul parametrlarida vakant oʻrinlar qolgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha maʼlumotlar Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.