Oliy va kasb-hunar ta’limi: evrilish va yuksalish yo‘lidagi zalvorli odimlar

    Oliy ta’limning barcha bosqichini bugungi kun talablari asosida tashkil etish va modernizasiya qilish borasidagi ishlar, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, sifatli va mazmunli ta’lim olish huquqini ta’minlash, shuning barobarida jahon mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov bilan suhbatimiz shu mavzuda kechdi.

    Jahon andozalari darajasida bilim olgan, zakovatli, har tomonlama barkamol milliy kadrlarni tayyorlash bevosita o‘qitish tizimining qanday tashkil etilganiga bog‘liq. Shu bois, mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim sohasining barcha bosqichini isloh qilish, xalqaro andoza va zamonaviy talablar asosida tashkil etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

    Jumladan, oliy ta’limning barcha bosqichini bugungi kun talablari asosida tashkil etish va modernizasiya qilish borasidagi ishlar, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, sifatli va mazmunli ta’lim olish huquqini ta’minlash, shuning barobarida jahon mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

    Shu hafta Prezidentimizning “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori hamda “2022/2023 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametr lari to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi.

    Shuningdek, davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videselektor yig‘ilishida kasb­-hunar ta’limini zamon talablariga moslashtirish yuzasidan zarur topshiriq va vazifalar belgilab berildi. Muxbirimiz oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir TOSHQULOV bilan suhbatlashib, mazkur masalalar yuzasidan savollarga javob oldi.

    — Mazkur me’yoriy hujjatlar va videoselektor yig‘ilishi oliy hamda professional ta’limni sifat jihatdan yanada yuksaltirish, natijada mamlakatimiz ijtimoiy­iqtisodiy jabhalari rivojiga beqiyos hissa qo‘shadigan yetuk kadrlarning shakllanishiga xizmat qiladi, — deydi A.Toshqulov.

    Shuningdek, qarorga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab 12 ta oliygoh uchun eksperiment tariqasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha masofaviy ta’lim shakli joriy etildi. Oliygohlarning magistratura bosqichida tahsil oluvchi xotin-­qizlarning to‘lov­-kontrakti to‘liq davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Lisey va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlari manfaatdor vazirliklarning taklifi asosida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Qarorda shu kabi qator masalalar o‘z yechimini topdi. Shundan kelib chiqib zimmamizga juda katta vazifalar yuklatildi. Bu yilgi qabul jarayoni kechikkani haqida ham ijtimoiy tarmoqlarda haqli e’tirozlar yangradi. Nima uchun kechikkani sababini tushuntirishga harakat qilaman. Avvalo, bu yilgi qabul muddati o‘zgargani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kvota esa ancha oldin aniq bo‘lgandi. Shu bois, keyingi o‘quv yillarida muammo bo‘lmasligi uchun davlatimiz rahbari tomonidan faqat farmoyish imzolanadi. Keyingi o‘quv yilidan boshlab qabul borasida unchalik jiddiy yangiliklar kutilmaydi. Zero, bu boradagi muammolar o‘z yechimini topib bormoqda. Faqat kvotani tasdiqlash masalasi ochiq qoladi. Bu ham ilgarigidek murakkab jarayon bo‘lmay qolyapti. Sababi, akademik va moliyaviy mustaqillik berilgan 36 ta OTMga hozircha kontrakt tizimi kvotasini o‘zi belgilashi vakolati berilgan. Bu ham bozor qonuniyati, rivojlangan mamlakatlar tajribasi. Yangi o‘quv yilidan professional ta’lim muassasalariga qabul Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi zimmasiga yuklatildi. Bundan tashqari, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab, davlat oliygohlariga o‘qishga qabul qilish parametrlari faqat davlat granti bo‘yicha tasdiqlanadi.

    Shuningdek, to‘lov-­kontrakt asosidagi qabul parametrlari bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik (idora) tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi, har yili 20 iyunga qadar e’lon qilinadi.

    Yana bir yangilik: xorijiy va nodavlat oliygohlarga ajratiladigan davlat granti miqdori 1 000 ta etib belgilandi. Bu o‘tgan yilgiga nisbatan ikki barobar ko‘p demak. Bu jarayonda davlat buyurtmachisi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bo‘ladi. Joriy yil yurtimizda faoliyat yuritayotgan 31 ta xorijiy va 26 ta nodavlat oliygohga jami 34 ming nafar talaba qabul qilinishi kutilmoqda.

    Nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalariga grant berilayotganining ahamiyati katta. Chunki ularda tahsil olayotgan yoshlarning aksariyati kelgusida mamlakatimiz iqtisodiyotiga, milliy davlatchiligimiz ravnaqiga xizmat qiladi. Qolaversa, bu OTMlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni ham shakllantiradi.

    Eng salmoqli o‘zgarishlardan biri yoshlarning xorijdan o‘qishini yurtimizga ko‘chirish bo‘yicha bo‘ldi.

    O‘tgan yillarda xorijdan o‘qishni ko‘chirishga doir arizalar ko‘paygan edi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab xorijiy OTMlardan o‘qishni ko‘chirish bu bo‘yicha ko‘rsatkich 10 foizdan oshmaydi. Bu bilan talabalarimizning kelishini xohlamaydigan rahbar sifatida ko‘rinmaslikni istamayman, ammo hamma joyda tartib bo‘lishi lozim. Ayni shu qadam oliy ta’lim tizimida tartib o‘rnatib, korrupsiyaga qanchalik qaqshatqich zarba berishini soha mutaxassislari yaxshi tushunadi.

    Davlat ta’lim muassasalaridan biz natija kutyapmizmi, demak, farzandlarimiz aldanmasligi darkor.

    Zotan ertaga akkreditasiyadan o‘tmaydigan, nostrifikasiya qilib bo‘lmaydigan xorijiy OTM diplomining keragi yo‘q. Talaba umrining 4 yilini behuda o‘tkazmasin. Shuning uchun ham xorijiy OTMga o‘ylab hujjat topshirish kerak. Mana, oliy ma’lumot olish uchun mamlakatimizda ham imkoniyat tobora kengaymoqda. Oliy ta’limga qamrov 40 foizga yetyapti. Bu avvalgi yillarga solishtirganda juda katta imkoniyat.

    Kelgusi o‘quv yilidan boshlab masofaviy ta’lim shakli joriy etilishi haqida aytdik. Shu o‘rinda kunduzgi ta’lim sifatini ta’minlamay turib, masofaviy ta’limga o‘tish qanday bo‘larkan, degan savol tug‘ilishi mumkin.

    Birinchidan, hamma oliy o‘quv muassasasi masofaviy ta’limga o‘tmadi. Ko‘p jihatlar inobatga olingan holda 12 ta oliy ta’lim muassasasiga 3410 ta kvota ajratildi. Bu xorij tajribasida mavjud. Yurtimizda pilot loyiha sifatida amaliyotga joriy etiladi.

    2022/2023 o‘quv yili uchun o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari umumiy kvotasi 121 395 ta etib belgilandi. Jumladan, bakalavriatga 110 707, (jumladan, kunduzgi ta’lim shakliga 77 477, sirtqi ta’lim shakliga 26 095, kechki ta’lim shakliga 3 725, masofaviy ta’lim shakliga 3 410 nafar), magistraturaga 10 688 nafar o‘rin ajratildi.

    Shu bilan birga, moliyaviy mustaqillik berilgan 36 ta davlat OTMning to‘lov­-kontrakt bo‘yicha 50 mingdan ortiq abituriyent olish bo‘yicha qabul parametri kuzatuv kengashlari qarori bilan tasdiqlanishi rejalashtirilgan. Natijada joriy o‘quv yilida qabul parametri o‘tgan yilga nisbatan keskin oshadi. Moliyaviy mustaqillik berilgan oliygohlar tomonidan magistraturaga 2 904 nafar talabani qabul qilish ko‘zda tutilgan.

    Eng katta o‘zgarishlardan yana biri shuki, xotin­-qizlar alohida 2 mingta va 5 yil stajga ega ayol mutaxassislarga 500 ta kvota ajratildi. Deylik, tibbiyot muassasasida 5 yil ishlagan hamshira Oila va xotin-­qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasi asosida Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qish uchun hujjat topshirsa, 500 ta o‘rindan birini egallash uchun tanlovda qatnashadi. Buni imtihonsiz qabul qilinadi, deb tushunmaslik kerak.

    Xotin­-qizlarning davlat va jamiyatdagi faolligini oshirish maqsadida ular uchun 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab yangi tizim yaratilmoqda. Unga ko‘ra, bakalavriatning kunduzgi shakli bo‘yicha qabul parametriga qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti ajratiladi. Ushbu davlat granti Oila va xotin-­qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasini olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-­qizlar uchun maqsadli tashkil etiladi. Uning kamida 50 foizi aniq va tabiiy fanlar, texnika va tibbiyot yo‘nalishlariga ajratiladi. Davlat grantining oliygoh va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti har yili 20 iyulga qadar tasdiqlanadi va e’lon qilinadi.

    Magistraturaga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy to‘lov­-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin­-qizlarning to‘lov­-kontrakt miqdori davlat byudjeti hisobidan to‘liq qoplanadi. Bundan maqsad bitta — sifatli oliy ta’limga erishish. Ko‘p yillar xalqning ko‘z o‘ngida tizimda ko‘plab adolatsizliklar qilindi. Shuning uchun ham yurtdoshlarimizni ezgu islohotlarga ishontirish bir oz og‘ir kechyapti. Endi o‘sha ishonchni tiklashimiz, xalqimizning e’tiborini qozonishimiz kerak. Prezidentimiz bizdan bugun shuni talab qilyapti.

    — Yaqinda aholini kasb-hunarga tayyorlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda kasb-hunar ta’limini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi haqida so‘z bordi. Bu tizim o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, kasb-hunar o‘rganishi uchun o‘quvchilarga zarur sharoit yaratishdagi barcha jarayonni qamrab oladimi?

    — Davlatimiz rahbari raisligida o‘tgan yig‘ilishga qadar uch oy tayyorgarlik ko‘rildi. Mana shu vaqt davomida barcha mas’ul idoralar vakillari bilan joylarga chiqib, vaziyatni o‘rgandik. Kasbiy ta’lim ustalari, pedagog lar va o‘quvchilar bilan suhbatlashdik. Muammoning ildizini aniqlashga harakat qildik. Xususan, Olmaliqda kollejda bo‘lganimda payvandchilik kasbini o‘rganayotgan o‘quvchilarni kuzatdim. Ular bilan suhbatlashib, bildimki, payvandchilikni o‘rganish jarayonida ishlatiladigan elektrodni ham, temir parchalarini ham bolalarning o‘zi olib kelarkan.

    Bir­-biriga qo‘shib payvandlanadigan temir parchasini o‘quvchilar o‘zi bilan olib kelsa, payvand qiladigan uskuna qaysidir fondning puliga olingan bo‘lsa yoki qizlar o‘zi keltirgan matoni tikib, hunar o‘rgansa... Ochig‘i, buni ko‘rish juda og‘ir edi. Prezidentimiz topshirig‘idan so‘ng tizim butkul o‘zgaradigan bo‘ldi.

    Professional ta’lim umumta’limga nisbatan qimmat, lekin eng tez va samarali foyda beradigan soha. Professional ta’limda o‘quvchi o‘qiyotgan vaqtining o‘zida pul topa oladi. U ikki hafta payvandlashni o‘rgangach, ustozining yonida ishlab, kunlik xarajatini o‘zi topa boshlaydi. Shuning uchun endi texnikumlarning nufuzi oshadi. Samara bermagan, qamrovni eplolmagan kasb-­hunar ta’lim muassasalarining soni 70 taga qisqaradi.

    Davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan, har bir viloyat, tuman va shaharda kasb-­hunar ta’limi kengashlari tashkil etiladi va ularga hokimlar rahbarlik qiladi. Kengash tarkibiga davlat idoralari, banklar rahbarlari, rektorlar hamda tuman iqtisodiyotidan kelib chiqib, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish va servis korxonalari boshliqlari kiritiladi. Ular mutaxassislarga mavjud ehtiyoj asosida monomarkaz va kollejlarda o‘qitiladigan kasblarni belgilaydi, yoshlarni ishlab chiqarish korxonalariga biriktirib, amaliyotini tashkil etadi.

    Bu professional ta’limni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘ladi. Birinchidan, professional ta’limda oliy ta’limga nisbatan ham muammolar ko‘pligini yaxshi bilamiz. Shuning uchun 2022 yilni vazirlik uchun professional ta’lim yili sifatida qabul qildik. Eng muhimi, Prezidentimiz xuddi shu tizimga juda katta e’tibor qaratdi. O‘tgan yillar davomida 1500 dan ortiq kollejning taqdiri nima bo‘lganini ko‘rdik. O‘zim ham ayni paytda texnikum va kasb­hunar maktablaridagi sharoitni o‘rganib yuribman. Texnikum, kasb-­hunar maktablaridagi sharoit yaxshi emasligini, hattoki tikuvchilikka ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlarda mato yo‘qligini ko‘rdik. Shu sababli, qisqa muddatda juda katta islohot amalga oshiriladi.

    Oliygohlardagi kamida 60 ta ta’lim yo‘nalishi texnikumlarga beriladi. Kelgusi yilning 1 yanvaridan boshlab texnikumlarning ilmiy darajali muallimlarining maoshi oliygoh o‘qituvchilarinikiga tenglashtiriladi. Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun joriy etilgan imtiyozli ta’lim krediti yangi o‘quv yilidan texnikum va kollej o‘quvchilari uchun ham joriy etiladi. Shuningdek, ularda o‘qish uchun davlat granti va ehtiyojmand oila a’zolari uchun subsidiyalar miqdori ko‘paytiriladi. Ayrim texnikumlarga bir yilda 2 marta qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.

    Professional ta’lim pedagog va ustalarining oyliklari oshiriladi. Fidoyi va tashabbuskor murabbiylarning oyligiga 50 foizgacha ustama to‘lanadi. Kelgusi yilda buning uchun byudjetdan qo‘shimcha 150 milliard so‘m ajratiladi.

    — Oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning ilmiy- tadqiqot olib borishi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida to‘xtalsangiz.

    — 2021 yilda oliy ta’lim muassasalarida falsafa doktorligi ilmiy darajasini yoqlash 2016 yilga nisbatan 6 barobar oshgan. Sondan sifatga qarab o‘sish kuzatilyapti. Bugun sizga katta mamnuniyat bilan aytaman: to‘rtta yetakchi oliy ta’lim muassasasi doktorantlari uchun turar joy qurish bo‘yicha loyihalarimiz tayyor. Qurilish jarayoni bu yildan boshlanadi. Doktorantlar uyi 2023 yilning oxirigacha foydalanishga topshiriladi. Bunga vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘i yo‘naltiriladi.

    Oliy ta’lim muassasalarining rektorlariga viloyatlardan kelib, poytaxtda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yoki izlanish olib borayotgan tadqiqotchilar ijara xarajatining asosiy qismini to‘lash bo‘yicha topshiriq berildi. Biroq moliyaviy mustaqillikka ega 36 ta oliy ta’lim muassasasi kuzatuv kengashlari qaroriga ko‘ra, doktorantlarning yo‘l xarajati va ijara pulini to‘lab beradi.

    Hozir biz yangicha yo‘l tutyapmiz. Yangidan qurilayotgan yotoqxonalarning bir qismini alohida kirish yo‘li bilan ajratiladigan mehmonxonaga aylantiryapmiz. Bu yerga xorijdan jalb etiladigan pedagoglar joylashtiriladi. Chunki oliy ta’lim muassasalarining oldiga umumiy o‘qituvchilarning kamida 5 foizini xorijlik mutaxassislar tashkil etishi bo‘yicha talab qo‘yilyapti. Bu o‘qituvchilar ko‘proq universitet kampusida yashashi, yotoqxonalarni aylanishi, talabalar bilan suhbat qilishi kerak. O‘zim ham viloyatlarga chiqsam, yotoqxonadagi mehmonxonada turaman. Shunda talabalar bilan ko‘ngildan suhbatlashishim, monitoring o‘tkazishim, ijtimoiy muammolarni o‘rganishim mumkin. Qurilayotgan yotoqxonalarning ikkinchi qismi esa oilaviy yashaydigan doktorant va talabalarga ajratiladi. Bunday toi fali oilalar bor va ular minglab uchraydi. Bu sharoit asosan moliyaviy ahvoli barqaror bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarida bor, lekin barcha oliygohlarda oila institutiga e’tibor qaratilishi kerak. Xorijga boradigan rektorlarga o‘zi bilan kamida 5 nafar talabani olib ketish topshirig‘i berildi. Bu taklifni O‘zbekiston Milliy universitetidagi uchrashuvda talabalar bildirgandi. Bu ham kelgusida talabalarning dunyoqarashi yangilanib, ilmga, ta’limga munosabati tubdan o‘zgarishiga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

    Bugun oliy ta’lim korrupsiyadan xoli, deya olamizmi?

    — Yuqorida aytganimizdek, xalqimizning oliy ta’lim haqidagi fikrini o‘zgartirishga astoydil harakat qilyapmiz. Ming afsuski, tizimda ayrim holatlarda maishiy korrupsiya uchraydi, lekin vazir sifatida tizimli korrupsiyani yo‘qotdik, deb ayta olaman. O‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq juz’iy muammolar uchramoqda. Biz firibgarlarga yo‘l ochib bermasligimiz kerak. Har qanday imkoniyat, har qanday imtiyoz, ayrimlar uchun “imkoniyat” vazifasini bajarmoqda. Endi bunday bo‘lmaydi.

    Yangi o‘quv yilidan e’tiboran, oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga hamda davlat organlari xodimi ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandining o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi. Bu tartib-taomil faqat davlat oliy ta’lim muassasalari orasida amaliyotga tatbiq etiladi.

    O‘tgan yili o‘qishni ko‘chirish uchun 60 mingta hujjat topshirilgan. Talaba tuproqshunoslikka topshirgan, maqsadi — biologiya yo‘nalishida o‘qish. Aslida birinchi kursdanoq maqsadni aniq belgilab olish kerak edi. Bundan oldin tashxis markazi, ota-­onalar ishlashi lozim. Bu yil o‘qishni ko‘chirish uchun 150 ming hujjat topshirilishi taxmin qilingan.

    Magistraturaga bu yil faqat xorijiy til bo‘yicha xalqaro va mahalliy sertifikat olgan bakalavriat bitiruvchilari topshira oladi. Magistraturaga qabul jarayoni bir yilda ikki marta (avgust va yanvar oylarida) abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha sertifikat bali asosida amalga oshiriladi, qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi.

    O‘tgan yili 4­-kurs bitiruvchilarining 777 nafari chet tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikat olgan. Bu yilgi ko‘rsatkich 7000 dan ortiq, ya’ni 10 barobar oshgan. Talabalar xorijiy tilni o‘rganyapti. Endi xalqaro yoki mahalliy sertifikat olgan talaba magistraturaga hujjat topshirsa, mutaxassislik fanidan imtihon topshirmaydi. Diplomi o‘rtacha ball hisobida o‘tadi.

    Qisqa qilib aytganda, tizimdagi islohotlar Prezidentimiz oldimizga qo‘yayotgan vazifalar ijrosini ta’minlash, davrning o‘zi talab qilayotgan tub o‘zgarishlarga hamqadam bo‘lish yo‘lidagi harakatlarimizni izchil davom ettiramiz.

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri

    Risolat Madiyeva suhbatlashdi.