Yarmarka doirasida ilm-fan va innovatsion texnologiyalar mahsulotlari koʻrgazmasi ham namoyish qilindi.

OKMK Mahalliylashtirish dasturi ijrosi asosan Markaziy taʼmirlash mexanika zavodi, Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish boʻyicha Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi hamda Rux zavodi tomonidan amalga oshiriladi. 2021-yilda mahalliylashtirish Dasturiga asosan 87 ta loyiha doirasida 217,2 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, reja 134,6 foizga bajarilgan.

Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida mahalliylashtirish Dasturi doirasida 222,7 mlrd. soʻmlik mahsulot tayyorlanib, reja esa 130% ga bajarildi va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 149,7 foizni tashkil etdi.

Import mahsulotlari hajmini maqbullashtirish boʻyicha tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi aloqalarini kengaytirish natijasida hisobot davrida 65,2 mln dollarga import hajmlari qisqartirildi. Yil yakuniga qadar esa 88,1 mln dollarga qisqartirilishi kutilmoqda.

Ilm-fanni ishlab chiqarishga integratsiyasi natijasida OKMKda bir qator yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishiga erishildi. Jumladan, 2019-yilda palladiy, 2021-yilda reniy, 2022-yilda molibden metalli sof holda olindi. 2022-yilning iyul oyida esa platina metallini ishlab chiqarish texnologiyasi uchun mualliflik huquqi qoʻlga kiritildi. Bugungi kunda OKMK 7 ta mahsulot ishlab chiqarish texnologiyasiga oid mualliflik huquqini qoʻlga kiritgan.

Yarmarkadan koʻzlangan maqsad mahalliy tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarni qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga jalb etish, sanoat kooperatsiyasini tashkil etish va ichki bozorda yuqori talabga ega boʻlgan mahsulotlarni mahalliylashtirishni yoʻlga qoʻyishdir. Yarmarka oʻz ishini 12-oktyabr kuni ham davom ettiradi, deb xabar beradi OKMK Axborot xizmati.