Olmaliqda virusologiya laboratoriyasi ochilmoqda

    Sanoat 22 Iyul 2020 2725

    Bugungi murakkab pandemiya sharoiti tezlik bilan koronavirus infeksiyasini aniqlash va zarur chora-tadbirlarni qoʻllashni taqozo etmoqda.

    “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati shuni hisobga olib, savobli ishga qoʻl urdi. Olmaliq shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi qoshida zamonaviy statsionar virusologiya laboratoriyasi barpo etilmoqda.

    «Olmaliqmetallurgqurilish» tresti bosh muhandisi Akmal Abduqodirovning taʼkidlashicha, laboratoriyani bunyod etish joriy yilning 15-iyulidan boshlangan. Ayni paytda qurilish yumushlari uch smenada tashkil etilgan.

    Laboratoriya loyihasi Respublika Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan kelishilgan holda tayyorlangan boʻlib, buning uchun alohida bino bunyod etilyapti. Ayni kunlarda taʼmir ishlari yakuniga yetmoqda.

    Bino ventilyatsion tizimi yangilangan. Xonalarga zamonaviy plastik eshik va romlar oʻrnatildi. Hozirgi kunlarda laboratoriya zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, PZR apparati ham olib kelinadi.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, zamonaviy mobil virusologiya laboratoriyasini shu haftaning oxirida foydalanishga topshirish koʻzda tutilmoqda. Endilikda olmaliqliklar koronavirus infeksiyasi boʻyicha topshirilgan tahlil namunalari xulosasini 24 soatda olish imkoniga ega boʻlishadi.