Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi ma’lum qilishicha, holat «Islom ota» mahallasidagi «Qoraqamish 1/2» mavzesida joylashgan uyda murojaat asosida o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, loyiha bo‘yicha ochiq ayvon bo‘lishi kerak bo‘lgan tom qismida ayrim fuqarolar tomonidan og‘ir va yengil turdagi noqonuniy qurilmalar barpo etilgan.

Mas’ullar bu kabi qurilishlar ko‘p kvartirali uyda yashovchilar xavfsizligiga jiddiy tahdid solishini ta’kidlamoqda. Qayd etilishicha, bunday qurilmalar binoga qo‘shimcha yuklama berib, uning seysmik barqarorligi va texnik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Mazkur holat yuzasidan mulkdorlarga qurilmalarni bartaraf etish bo‘yicha muddatli yozma ko‘rsatmalar berilgan. Agar qonunbuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, aybdorlarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilishi hamda qurilmalar majburiy tartibda buzdirilishi mumkinligi bildirildi.

Eslatilishicha, bunday qonunbuzarliklar uchun jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, yuridik shaxslarga esa 100 baravari miqdorida jarima belgilangan.