Tumanning Katput MMTP hududidagi adirliklarda 1 000 gektar yer maydonini yangi oʻzlashtirib foydalanishga kiritish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan.
Bu yerda 1 000 gektar maydonni oʻzlashtirish hamda beton ustunlar oʻrnatish ishlari ketyapti. Parallel ravishda tik quduq burgʻulash ishlari olib borilyapti, dastlabki quduqdan suv chiqarildi. Oʻzlashtiriladigan maydon 25 sotixdan 4 000 oilaga 25 million soʻmlik 7 yillik imtiyozli kredit asosida boʻlib beriladi, bunda har bir dehqon xoʻjaligiga beton shpaler ustunlar oʻrnatilib, tok koʻchatlari ekilgan hamda tomchilab sugʻorish tizimi oʻrnatilgan holda taqdim etiladi. Uzumzorlar biriktirib beriladigan fuqarolar roʻyxatini shakllantirishda mahallalardagi hokim yordamchilari xulosalari olinib, maktab bitiruvchilari, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga asosiy eʼtibor qaratiladi.
Tuman mutasaddilari bilan muloqot qilgan viloyat rahbari, yangi oʻzlashtirilayotgan yerlar uchun suv taʼminotini yetarli yoʻlga qoʻyish uchun tik sugʻorish quduqlarini qazish, suv hovuzlari barpo etish, nasoslar oʻrnatish, quyosh energiyasi panellari oʻrnatish hamda zaxira elektr tarmogʻi tortish bilan bogʻliq barcha xarajatlar viloyat mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan qoplab berilishini maʼlum qildi.
Adirlikni oʻzlashtirish, tokzorlarni barpo etish hamda fuqarolar roʻyxatini shakllantirib, uchastkalarni boʻlib berish boʻyicha barcha ishlar ikki oy ichida yakunlanishi belgilab qoʻyildi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.