Biz bir yil avval televizor olgandik. Shom va asr orasida ekranga termulib, choponimga oʻranib, qunushgancha bir kunjakda oʻtirardim. Tashqarida esa izillagan shamol va qora yomgʻir... Ezib yogʻib yotibdi. Loygarchilik. Bu asnoda chorvadorning uyida hech kim boʻlmasligi kerak. Hamma tashqarida — mol-hol tadorigi bilan band boʻladi. Suruv qaytadigan payt yaqin. Bu pallada mening oʻz vazifam bor: otam haydab kelayotgan suruvning oldini olib, uyda qolgan uloq-qoʻzini onalariga topishtirishim zarur.Ammo men teleekrandan, unda boʻlayotgan Abdulla Oripov degan shoirning yubiley tadbiridan koʻz uzolmay oʻtiribman. Sahnaga bir yosh shoir chiqdi. Ozgʻin, baland boʻyli, sochlari kumushrang, ovozi mutlaqo oʻzgacha. Uning ushbu satrlari umrbod yodimda qoldi:
... Qoʻy, yigʻlatma,
aytib eski ashulangni,
Hech boʻmasa, asra endi Abdullangni.
Sheʼr shunday tugar edi. Zalda qarsaklar chalindi. Yubiley davom etdi. Shu payt qorongʻulik chulgʻayotgan darichadan birovning qarayotganini sezdim. Onam ekan. U mening suruv oldiga chiqib, otamga qarashish oʻrniga televizor koʻrib oʻtirganimdan achchiqlanib derazani shahd bilan ochdi. Qoʻlidagi sutli chelakni deraza raxiga qoʻya turib:
— Nima qilib oʻtirasan shu mahal uyda. Suruv keldi... — dedi jahl bilan.
Zipillab tashqariga chiqib ketdim. Shamolli yomgʻir ostida, suruvdagi qoʻy-qoʻzilarning maʼrashi aro boyagi ikki satrni pichirlab yurar edim. Otamning dashnomini ham, qilayotgan yoqimsiz yumushimni ham shu satrlar aralash tingladim, ado qildim.
Bu mashhur, millatparvar shoirimiz Muhammad Yusufning ustoziga atalgan sheʼridan ekanini, oʻsha men otamdan dakki eshitgan shomda olis Toshkentda Abdulla Oripovning yubileyi boʻlib oʻtganini keyin bildim. Oʻsha sheʼr aslida vatan haqida edi. Uning oʻtmish oʻgʻlonlari va kelgusidagi alplari, xususan, Abdulla Orif xususida edi. Bu xotirotning menga nonday issiq va aziz bir joyi bor. Bu — nega Abdullangni asra, dedi, kimdan va nimadan asrash kerak shoirni, degan savol va bu savolning ichimdagi oʻzimga maʼlum javobidir.
Vatan hissi yurakka qanday qilib kirib keladi?
Shoirlikdan muddao nima aslida?
Fermer bir yilda falon tonna gʻalla berib xirmon koʻtarganda, uning elga berajak nafi kunday ravshan — odamlarning noni tayin. Ammo xayol surib sheʼr bitayotgan shoirdan qanday foyda bor?
Bu savollarim ichimda qaynab koʻp zamon yurdim. Sheʼrga boʻlgan havasim tobora ortaverdi. Abdulla Oripovning “Ishonch koʻpriklari” nomli kitobi qoʻlimga tushgach esa, hayotim xuddi yashin urganday tamom boshqa oʻzanga burilib ketdi. Bu kunlarim sheʼrga toʻla edi. Tushlarimda qandaydir tizmalar yozardim hatto. Bolaligim Abdulla Oripov sheʼrlarining izmida qolib ketgandi. Tushga, kamalaklar diyoridagi sayrga oʻxshagan ajoyib kunlarim, olisdagi maktabga qatnash asnosidagi beadoq xayollarim ruhimda Abdulla Oripov siymosini tikladi. “Bu dunyoda Abdulla Oripov degan shoir bor va... boshqalar ham bor”, degan allatovur qiyos ichimda qaror topdi. “Boshqalar” — shoirga muxlis edi, xolos. Xuddi men kabi.
Bu kechmishlar men singari koʻplab insonlarning yuragida sodir boʻlganiga aminman. Shoirning sheʼri ogʻriqqa malham boʻlolsa, ichingdagi gʻussalaringni olib ketolsa, uning beixtiyor muhibiga aylanasan. Sheʼriga oshiq boʻlasan. Abdulla Oripov xalqning shunday bostirilgan isyonlarini, alamlarini, yoʻqotilgan ganjlarini sheʼriyatida aks ettirgan shoir boʻlib maydonga keldi. Shu boisdan ham xalq ichida suyukli boʻldi.
U juda katta sheʼriy anʼanaga ega boʻlgan milliy sheʼriyatda Gʻafur Gʻulom, Oybek, Shayxzoda, Hamid Olimjon, Mirtemir kabi salaflarning koʻzini koʻrib qolgan, soʻzini eshitgan, ayni damda inson koʻngli manzaralarini boshqa nuqtadan koʻra olgan yangi shoir boʻldi. Bu sheʼriyat xalqni uygʻotib yuborishga kuch topgan sheʼriyat boʻla oldi. Buning uchun u katta tadorik bilan maydonga kirgan edi. Mumtoz va jahon shoirlari sheʼriyatining, nasrining katta oʻquvchisi, bilimdoni, oʻzbek tilining xotirasi zoʻr mutaxassisi edi u. Uning taqdir ato qilgan yombi isteʼdodi, katta bilimi, Abdulla Qahhor taʼbiri bilan aytganda, “toʻlib soʻng tomadigan tomchi” yangligʻ sheʼrlarida oʻzini koʻrsatdi. Bu bilaklari tolmas, bir sheʼr ustida kunlab ishlashdan erinmaydigan talabi qattiq shoirning eng oliy yutugʻi — haqiqatning yuziga tik boqqanidadir. Bu qiyin ish, ado qilish mushkul boʻlgan vazifa. Adabiyotda turli xil ijodkorlar bor: ijodi tarix bilan mushtarak boʻlgan, oʻzining tor qobigʻiga oʻralashib qolganlar, soʻz sanʼatini isyonga yoki irfoniy vositaga aylantirganlar... Abdulla Oripov hayoti va shaxsiyati esa vatan mavzusidan sira ayro emas. Uning muhabbat mavzusidagi sheʼri ham, tunislik bola haqidagi gʻamgin satrlari ham, ming bir ranglarda charx uruvchi tabiat tasvirlari ham, albatta, vatan mavzusi bilan tutashadi. Bu katta ijod egasining hayotiga boqib bir narsani ilgʻadim: Inson bir ezgu narsaga chin yurakdan koʻngil bersa, albatta, yaxshi manzillarga, murodiga yetarkan. Men shu ikki daryo oraligʻida qoʻnim topgan aziz Oʻzbekistonni Abdulla Oripovchalik sevgan ikkinchi bir insonni hali koʻrmadim. Uning baxti ham, ogʻriqlari ham shu yurtga boʻlgan muhabbatidan dunyoga kelgani, shubhasiz.
Shu sababli ham u chinakam vatan shoiri, xalq shoiridir.
Elni eʼtiqod suyadi. Xalqning nasibasi, boyligi boʻlgan asl shoirga xalq suyanar ekan. Odamlar Oripov sheʼriyatiga shunday katta ishonch bilan, olisdan keladigan xushxabarday inonib qaradilar. Dard-hasratini shu choʻng sheʼriyatning yelkasida koʻrdilar. Yuqorida, “oʻzi shoirlikdan nima naf”, degan soʻzimizga javob shunday: Bu dunyoda inson uchun eng ogʻir boʻlgan yuk aslida, uning kayfiyatidir. Kayfiyati soʻnik, ruhi singan askar vatanni qoʻriqlay olmaganidek, xalqning ruhi tiklanmay turib, qaddi ham koʻtarilmaydi. Haqini tanimagan ulus chinakam saodatga yetib borolmaydi.
Abdulla Oripov sheʼriyati xalqning ana shu ruhini koʻtardi. “Milyon egatlarga sochilgan” elning hordigʻi boʻlib mezonday suzib keldi bu sheʼriyat. Jahonning turli davrlarda yashab oʻtgan barcha novator shoirlari yangligʻ uning yelkasiga ham katta, zalvorli yuk tushgandi. Bu odamlar siniq ruhiyati edi. Uni yuksaltmoqday mushkul yumushni Abdulla Oripovdek nazmiy norlar ado etishi mumkin. Ustoz suhbatlar asnosida oʻziga, sheʼrlariga nisbatan juda koʻp qarshiliklar boʻlganini aytar edi. Bu holning tabiiy asoslari bor: U olam va odamga boshqa nuqtadan qarab boqdi. Ilk sheʼridanoq boshqa bir muddaosi borligi ayon edi. Uning sheʼriyatining oʻq tomirlari boʻlgan “men, meniki, xalqim, vatanim” kabi birovlarga iddao boʻlib tuyulgan sifatlar kimlargadir erish tuyulgan va oʻzi aytganidek qarshiliklarga duch kelgandi. Mustabid davrning oyboltasi millat oydinlarini har qirq-ellik yilda kallaklangan tutday boltalab turgan rutubatli pallalarda “Oʻzbekiston vatanim manim”, “ona tilim”, “qachon xalq boʻlasan”, degan alamlar bilan nido berib kelgan bu shoirni tabiiyki silliqqina yoʻl kutmasdi.
Shu sababli ham ustozning sheʼriyati va shaxsiyati millatning tilovlariga taqdir ato qilgan nasibadir, milliy boylikdir. Xuddi Olmaliq oltinlari, shifobaxsh Omonxona buloqlari kabi. Bu soʻzlarning isboti uchun shoir ijodini teran nigoh bilan oʻqib koʻrish kifoya qiladi.
Bolaligimning qadrdon hamrohi, oʻsmir yuragimning mahrami boʻlgan sheʼriyat sohibi bilan vaqti kelib koʻrishib qolarman, hatto uzun-uzun suhbatlar quraman deb xayol ham qilmagandim. Ammo ne baxtki, muazzam sheʼr yoʻli bizni uchrashtirdi, suhbatdosh, dildosh qildi. Shu maʼnoda, taqdirdan juda minnatdor boʻlaman.
* * *
Men uning qoshiga shom tushayotgan pallada keldim. Shomki, umrning shomi. Kech tanishdim juda. Ammo gʻarq pishgan boqqa kirib kelgandim men. Abdulla aka bilan uch yildan koʻproq vaqt Doʻrmonda — aziz ustozlarning qadami, nafasi, ovozlari qolgan goʻshada qoʻshni boʻldim. Dasturxonidan tuz yedim, suhbatini tingladim. U biz ertaklarda duch keladigan donishmandning ayni oʻzi edi. Izoh talab qilmaydigan, ichingda savol qoldirmaydigan, asosli, misollarga boy, ravon nutqi odamni oʻziga bogʻlab qoʻyardi. Uzoq vaqtgacha taʼsiridan chiqib ketolmay yurardim. Qaysi tomonidan kelsang ham yiqitaveradigan pahlavon kabi barcha savollarim, oʻylab yurgan narsalarimga shoirdan javob yo taskin topar edim. Ayni damda bola qalbini oʻzida saqlab qolgan bu noyob insonda ajib bir soddalik ham bor edi. Biroq shu soddaligi bilan barcha narsani ilgʻar, tushunib oʻtirardi. Yana bir fazilati shu ediki, hamisha roʻparasidagi suhbatdoshiga yarasha suhbatdoshligi edi. Kibrdan xoli, oliftalikdan uzoq, sheʼriyati kabi aniq, nuqtaday tugal va loʻnda gap-soʻzlari kishini bezdirmasdi.
2014-yilda oʻgʻlimni sunnat qildirdim. Qibraylik shifokor bilan avvalo, Abdulla akaning duosini olmoq, keyin uyga oʻtib ishni ado etmoqchi boʻldik. Doʻrmon sari borayotgan mashina rulidagi vrach hayajonda: bizni qabul qiladimi, Abdulla Oripov bilan koʻrishamizmi?
Men esa parvoyim palak: Abdulla akani “oʻzimniki” qilib olgan kayfiyatda, dimogʻim koʻtarilib gap sotyapman...
Hali nima voqea boʻlishidan bexabar boʻlgan oʻgʻilcham esa oʻrganib qolgan joyi Abdulla akaning bogʻchasiga chopqillab keldi. Ustoz bizni ikkinchi qavatda qabul qildi. Mehribon Hanifa aya odatdagiday dasturxonga borini toʻkib tashladi. Necha-necha bemorlarni jarrohlik stoliga yotqizganda yuragi “qilt” etmagan Nurlan ogʻa — vrachning choy tutgan piyolasi titrab turibdi. U juda hayratda edi.
Abdulla aka buni sezdi. Shu bois, vrachga yarasha soʻzlarni aytib uning hayajonini bosib qoʻydi. Shu asnoda tashqariga oshiqayotgan bizning bolakayni ham tushundi. Unga bu gaplar nima kerak? Unga tashqarida ustozning nevaralari bilan yugurib-yelib oʻynash zarurroq edi. Abdulla aka azza-bazza oʻrnidan turib, shkafdagi kostyumi choʻntagidan pul chiqardi. Men esa:
— Ustoz, pulni qoʻying, duo bersangiz yetadi, — deyman oliftalik bilan.
— Sen jim oʻtir, — dedi Abdulla aka qatʼiy. — Bu nevaramning haqi. Duo beramiz, pul ham beramiz.
Pul olayotgan, sochlari tipratikandek bolakay esa mehribon boboga ehtirom bilan koʻzlari yonib boqadi. Soʻngra tashqariga yura boshlaydi. Ammo uni ustoz toʻxtatdi va hovuchlarini toʻldirib duo qildi:
— Omin! Bir yarim milliarddan oshayotgan musulmonning qatoriga qoʻshilayotgan Sobirjon nevaramning umri uzoq boʻlsin...
Duoni qarang! Shu yerda bildim dunyodagi musulmonlar sonini...
Bolakay tashqariga chopib ketdi. Shuni kutib turgandek Abdulla aka oʻz boshidan oʻtgan, ayni qoʻl halollash bilan bogʻliq alamli va qiziq tarixni ham soʻzlab berdi...
Abdulla aka musulmonchilikning ushbu katta belgisi — qoʻl halollash bilan bogʻliq juda koʻp misollarni, Paygʻambarimiz hadislari bilan asoslab shunday bir tarzda aytib berdiki, qarshimda men tanigan shoir emas, balki aynan xatna masalasida atay shugʻullangan olim oʻtirganday sezdim oʻzimni. Ayni pallada uning qalbidagi katta musulmon bir koʻrinish bergandi. Bejizga, “Haj daftari”dek kitoblar yozilmagan ekan-da, deb oʻylab qoldim.
Bu endi-endi oʻylasam, mening moʻjaz oilam uchun katta voqea boʻlgan ekan. Nurlan shifokor bekorga hayajonlanmagan ekan.
* * *
Sheʼrga, soʻzga boʻlgan katta eʼtiqod va masʼuliyat Abdulla akaning borliq hayoti edi. U hamisha shoir boʻlib qoldi, sheʼrsiz kunlarini taqvimdan yulqib otdi. Sheʼr yozgan pallasidagichalik hech narsa uni ortiq shodmon etmasdi.
U kishi betoblik sabab Istanbulga safar qilganda, shifoxonada turib sheʼrlar yozdi. Va, qizigʻi, bu sheʼrlarni oʻsha yoqda turib Oʻzbekistonga uzatib turdi. Bir nechta sheʼrni telefon orqali yozib olishga muvaffaq boʻldim.
Shunda meni hatto toliqtirgan bir ish boʻldi. Abdulla aka “Sultonlar va shoirlar” nomli kattagina sheʼr bitdi. Sheʼr Istanbulda yozildi, ayni shu asnoda Toshkentda qogʻozga tushdi. Qulogʻimda telefon goʻshagi, qoʻllarim kompyuter klavishlarida. Matnni koʻchirib oldim. Abdulla akaning yetuk tafakkurida yogʻilgan bu sheʼrning bahosini ham aytdim. Yaxshi sheʼrning asl qimmatini bilgan kishi, uni boricha eʼtirof qilsa, shoirning quvonishi boshqacha boʻladi. Ustoz ham xursand boʻldi. Endi navbat tahrirga keldi. Tahrir shundan iborat ediki, sheʼrdagi bitta vergul ustozga oʻz oʻrnida turmayotgandek edi. U yoqqa olsak ham begona joyda turgandek, soʻzdan keyin qoʻyilsa ham nooʻrinday, butkul olib tashlasa ham boʻlmadi. Qoʻyingki, shu bitta vergulning oʻz oʻrnini topguncha boʻlgan muddat roppa-rosa yarim kunni oldi. Vergul joyini 13-marta oʻzgartirdi. Qizigʻi, oxirida yana birinchi joyiga borib muqim turib qoldi. Sheʼrni yozib olishga chamasi biror soat vaqt ketgan boʻlsa, vergul esa mening ham, ustozning ham anchagina boshini qotirdi.
— Abdulla aka, vergulingiz birinchi oʻrniga borib qoldi-ku? — dedim telefonda.
Ustoz xastahol, ammo mamnun ovoz bilan kuldi va:
— Oʻzi oʻsha yer ekan-da joyi, — dedi. Bir ozdan soʻng oʻsha ovozda davom qildi. — Shodmonqul, bu tinish belgilarsiz sheʼr yozadigan shoirlar ham boʻlarmish, oʻshalarga maza ekanda-a, — deya yana oʻziga xos ovoz bilan kuldi.
Uning yelkalari silkinib miriqayotganini his qilib mening ham charchogʻim chiqdi. Oʻzim ham yayradim.
Bu xotiralar bugun bir tushga oʻxshaydi. Qani endi, shunday katta shoirga kotib boʻlib, kunda-kunora suhbatlashib yuraversang...
* * *
Abdulla Oripov sheʼriyati yangi davr milliy tafakkurimiz, adabiyotimiz uchun oltin zinadir. Bu zinani bosib oʻtmay yuqorilashning imkoni yoʻq. Uning sheʼriyatidan unib chiqqan shoirlarning bir necha avlodi bugun koʻz oldimizda ijod qilyapti.
Shu damgacha, baholi qudrat, sheʼriyatimizning gultoji boʻlgan shoirlarimiz ijodini oʻrganishga intildim. Erkin Vohidovning muhtalif, keng va royish nazmi, Rauf Parfining qora gavharlari, Usmon Azimning seldek shiddati, Omon Matjonning jodukash sheʼr tili, Shavkat Rahmonning taqvodor kamalaklari, Xurshid Davronning oq bulutday poeziyasi, Sirojiddin Sayyidning shamolli sheʼriyati, Eshqobil Shukurning ming yillik soʻzlari, Salim Ashurning mozaik nazari va boshqa shoirlarimizning sheʼriy xirmonda ulushlari bor va kattagina. Ne tongki, Abdulla Oripovda bu sifatlarning hammasidan koʻrishimiz mumkin. Mutlaqo yangi shoir deya tanishtirilayotgan yangi davr ijodkorining zuvalasiga ham Abdulla Oripovdan bir chimdim boʻlsa-da, qoʻshilganini koʻraveramiz.
Shu sababli ham millatning bu katta shoiri, zabardast, nekbin ziyolisining vaqt oʻtgan sayin qimmati oshib boraveradi. Unga boʻlgan ehtiyojimiz ortaveradi.
* * *
Men hamisha insonga moʻjiza deb qaradim, insondan shuni istadim, derdi zako ustoz. Va suhbatlarning birida, “Men uch marta insonning moʻjiza ekaniga ishondim”, degandi. Oʻsha uch holatni ham oʻz yoʻsinida tasvirlab berdi. Biri Toshkentda, biri Boysundagi voqea, yana biri jizzaxlik asalchi yigit xususida edi bu gurunglar. Oddiy, har kimning hayotida boʻlishi mumkin boʻlgan gaplar. Ammo Rumiy aytganidek, filning xartumini tutgan basir kishi fil — ilondek narsa ekan, deb xulosa qilgani kabi, insonga Abdulla Orif nazari bilan qaragan kishigina his etadigan teran moʻjizalardir bular ham.
Oq qogʻozning hurmati bir insondan kam emas, deb uqtirgan zukko ustoz, yetuk murabbiyning oʻlmas sheʼriyati va hayoti haqida koʻp yozish mumkin. Ammo bir kunlik gurungni sakkiz satr sheʼriga jo aylagan mohir ustaga oʻxshashni maʼqul koʻrdik.
Shodmonqul SALOM,
shoir