Ombudsman instituti faoliyati takomillashib, vakolatlari va vazifalari kengayib bormoqda

    Qayd etish lozimki, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari buyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi buyicha komissiyasi tarkibiga 25 yil davomida birinchi marotaba jamoatchilik vakillari kiritilgan

    Ombudsmanning 2021-yildagi asosiy faoliyat yoʻnalishlarini belgilash boʻyicha Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi buyicha komissiya yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Ombudsman huzuridagi yangi tarkibdagi komissiya yigʻilishi kun tartibidan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning 2021-yilgi ish rejasini tasdiqlash, Vakilning murojaatlar bilan ishlash faoliyatida natijadorlikka erishishning yangi va samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, murojaatlar tahlili asosida respublika boʻylab sayyor qabullar tashkil etish, Mintaqaviy vakillar faoliyatini kuchaytirish, shuningdek, NNT va OAV bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari oʻrin olgan.

    Tadbirda soʻz olgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari buyicha vakili hamda Ombudsman huzuridagi komissiya raisi Feruza Eshmatova majlis ishtirokchilariga qarata bugungi yigʻilishda fuqarolar huquqlarini himoya qilishda Ombudsman hamda komissiya aʼzolari faoliyati tanqidiy-tahliliy jixatdan koʻrib chiqilib, murojaatar bilan ishlashda inson huquqlarining taʼminlanishiga erishishga qaratilgan takliflar asosida istiqboldagi rejalarni belgilab olinishini bildirdi:

    —Joriy yilning fevral oyida Parlament aʼzolari tomonidan Ombudsman lavozimiga saylanganimdan soʻng, bugungi kun talablaridan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining oʻtgan yillardagi faoliyatini, imkoniyatlarini va salohiyatini tahlil qildim. Shunday hulosaga keldimki, Ombudsman instituti oʻtgan 25 yil davomida takomillashib, vakolatlari va vazifalari kengayib borgan va albatta inson huquqlarini taʼminlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, ilgʻor xalqaro tajribalarga asoslangan qiynoqlarning oldini olish boʻyicha Milliy preventiv mexanizm yoʻlga qoʻyilib, bu orqali mahkumlar huquqlarini taʼminlash boʻyicha jamoatchilik nazorati oʻrnatilishiga erishilgan. Qolaversa, Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimi joriy etildi, oʻtgan yili Ombudsman instituti oʻz xalqaro pozitsiyasini mustahkamlab, “B” maqomga koʻtarilgan. Bu haqda uzoq gapirish mumkin. Lekin istiqbolda qilinishi kerak boʻlgan vazifalarimiz va majburiyatlarimiz ham anchayin zalvorli. Ularni samarali tashkil etish uchun esa birlashish va birgalikda ishlash zarur.

    Taʼkidlashim lozimki, Ombudsman tomonidan hal etilgan murojaatlar yuzasidan OAVdagi chiqishlarimiz koʻpaygani sari Vakilga yoʻllanayotgan murojaatlar soni ortib bormoqda. Albatta Ombudsmanga xalqning ishonchi ortgani yaxshi, lekin uni oqlash uchun bizdagi imkoniyatlarni kuchaytirishimiz lozim. Shuning uchun, murojaatlar boʻyicha ishlashda komissiya aʼzolarining faolligini oshirish talab etiladi. Shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha infografika va roliklar tayyorlash, murojaatchilarga huquqiy yordam koʻrsatish, Mintaqaviy vakillar faoliyatini kuchaytirish va albatta OAV bilan hamkorlikni mustahkamlash borasida samarali mexanizm va usullarni ishlab chiqishimiz zarur.

    Qayd etish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari buyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi buyicha komissiyasi tarkibiga 25 yil davomida birinchi marotaba jamoatchilik vakillari kiritilgan. 2020-yil dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatininng qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan mazkur komissiya aʼzolari tarkibiga Ombudsman oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakili Aliya Yunusova, shuningdek, “Demokratiya va inson huquqlari instituti” direktori Sayyora Xodjayeva, Oʻzbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati direktori Abduraxmon Tashanov, “Gumanitar huquqiy markaz” direktori Shuhrat Gʻaniyev, Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazi direktori Dilovar Kabulova, “Madad” bepul yuridik yordam koʻrsatish boʻyicha nodavlat notijorat tashkiloti ijrochi direktori Toʻlqin Tursunov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi oʻrinbosari - ijrochi direktori Askar Mamatxanov va qator nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari kiritilgan.

    Komissiya aʼzolari tegishli Nizomga muvofiq inson huquqlari va erkinliklarini buzayotgan organlar, tashkilotlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, xarakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyatlarni koʻrib chiqish, idoraviy xujjatlar, statistik va boshqa maʼlumotlar, xulosalar hamda boshqa maʼlumotlarni soʻrash, talab qilib olish, sudlarga davlat bojini toʻlamagan holda fuqarolar manfaatlariga doir ariza va daʼvolar bilan murojaat qilish toʻgʻrisida Vakilga taklif kiritish va boshqa huquqlarga ega.

    Yigʻilish davomida majlis kun tartibiga qoʻyilgan barcha masalalar yuzasidan aniq takliflar bildirildi va komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oliy Majlisining Inson huquqlari

    boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati