Joriy yilning birinchi choragi holatiga koʻra esa ushbu koʻrsatkich 164 taga yetdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va xodimlarining Andijon viloyatiga safari doirasida 3-sonli tergov hibsxonasida monitoring oʻtkazildi. Unda ommaviy axborot vositalari xodimlari ham bevosita ishtirok etib, muassasadagi sharoit bilan tanishdi. 

Hibsxonaning yotoq joylari, oshxonasi, kutubxonasi, davolash boʻlimi, qisqa muddatli uchrashuv xonalaridagi sharoit oʻrganildi. Shuningdek, mahbus va mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi.

Shu kunning oʻzida Andijon viloyatidagi Qoʻrgʻontepa tumani ichki ishlar boʻlimining vaqtincha saqlash hibsxonasi ham koʻzdan kechirildi. Avvalgi monitoringlarda ushbu hibsxonani qayta taʼmirlash tavsiya qilingan edi. Bu galgi tashrifda hibsxona kapital taʼmirdan chiqqani va bildirilgan tavsiyalar bartaraf etilganiga guvoh boʻlindi.

Monitoring tashrifida maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash maxsus qabulxonasidagi sharoitlar ham oʻrganilib, tegishli tavsiyalar berildi.

Maʼlumot uchun: qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish maqsadida 2021-yilda Ombudsman tomonidan 177 ta monitoring tashrifi oʻtkazilgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 381 tani tashkil etgan. Joriy yilning birinchi choragi holatiga koʻra esa ushbu koʻrsatkich 164 taga yetdi.

Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularning oʻz vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Eslatib oʻtamiz: qiynoqlarning oldini olish boʻyicha Ombudsmanning monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan, monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda, deyiladi Ombudsmanning axborot xizmati xabarida.