Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan IIB binosiga majburiy olib ketilgan aka-ukalarga nisbatan kuch ishlatilgani holati oʻrganilmoqda. Toshkent viloyati IIBB rasmiy munosabatida marhumning IIB binosiga kirish yoʻlagida sogʻligʻi yomonlashib, hushini yoʻqotgani, u shahar shifoxonasiga olib borilgani va koʻrikdan oʻtkazilgan vaqtida vafot etgani qayd etilgan.
Hozirda fuqaroning oʻlimi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan oʻrganilmoqda.
Hozirda ushbu holat boʻyicha ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili marhumning oila aʼzolari bilan uchrashib, taʼziya bildirdi. Mazkur holat boʻyicha Bosh prokuraturaga ombudsmanning nazorat xati yuborildi.
Ombudsman ushbu holat qonun talablari doirasida koʻrib chiqilishi, voqeaning barcha jihatlarining ochiq va adolatli surishtiruvini taʼminlashni soʻraydi.