Ombudsmanga murojaat qilgan mahkum sud zalidan ozodlikka chiqarildi

    Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi hududiy vakili Abdurashid Ortiqov shu yil yanvar oyida Termiz shahridagi 9-tergov hibsxonasiga qilgan monitoring tashrifi davomida ajrashgan hamda 4 nafar farzandning onasi bo‘lgan mahkuma U.Z. murojaat qilgan edi, deyiladi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati xabarida.

    Muqaddam farrosh bo‘lib ishlagan mahkumaning so‘zlariga ko‘ra, uning soddaligida foydalanib, bir guruh shaxslar tomonidan nomiga MCHJ ochilgan va bankdan kredit olingan. Ular 10 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘ini noqonuniy aylantirib, soxta tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. Bu ham yetmagandek 1,7 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan. Kirdikorlari fosh bo‘lgach, Buxoro viloyat prokuraturasi tomonidan 2022 yil 14 oktyabr kuni yolg‘iz onaga firib bergan shaxslar bilan birga, murojaatchi U.Z.ga ham “qamog‘ga olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

    Jinoyat ishlar bo‘yicha Termiz shahar sudining 2022 yil 23 dekabrdagi hukmiga asosan, murojaatchi U.Z.ga 3 yil 6 oy, qolganlarga 4-7 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

    Mahkuma U.Z. o‘z nomiga ochilgan MCHJda faoliyat yuritmagani, barcha buxgalteriya ishlari yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan unga bildirmasdan yuritib kelingani, biror rasmiy hujjatlarga imzo qo‘ymagani va ushbu faoliyatdan hech qanday foyda ko‘rmaganini bildirib, hududiy vakildan jazo chorasi inson haq-huquqlari tamoyillariga muvofiq tayinlanishi va viloyat sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’ati tomonidan o‘tkazilgan sud majlislarida ishtirok etishni so‘ragan.

    Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi hududiy vakili bir necha marotaba viloyat sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’ati o‘tkazgan sud jarayonlarida ishtirok etdi. Sudda sudya tomonidan Ombudsmanning hududiy vakiliga ham so‘z berilib, uning fikrlari ham tinglandi. Ombudsman vakili 4 nafar farzandni yolg‘iz voyaga yetkazayotgan va soddaligi sababli shunday vaziyatga tushib qolgan ayolga insonparvarlik tamoyillari asosida yengillik berilishini so‘ragan.

    Sud hay’atining 2023 yil 13 mart kunidagi ajrimiga ko‘ra, mahkuma U.Z.ga uning ijtimoiy holatidan kelib chiqib, O‘R JKning 72-moddasini qo‘llab 1 yil muddatga sinov sharti bilan shartli jazo tayinlandi va sud zalidan ozod etildi.