Ommaviy axborot vositalarini akkreditatsiya qilish jarayonlari boshlandi

    Saylov 3 Oktabr 2024 579

    Joriy yil 2-oktyabrda boʻlib oʻtgan Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan oʻtkazishga doir masalalar koʻrib chiqildi.

    Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 5-oktyabrdagi 952-son qarori bilan tasdiqlangan Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq OAV vakillari saylov kampaniyasi davrida xolis axborotlarni keng, tezkor va erkin tarqatish, shuningdek oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etishi uchun akkreditatsiyadan oʻtkaziladi.

    Ommaviy axborot vositasi saylovga kamida oʻn kun qolguniga qadar Markaziy saylov komissiyasiga oʻz vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida murojaat qilishlari mumkin.

    Joriy yil 27-oktyabrda mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir tadbirlarda qatnashish uchun xorijiy va mahalliy OAV vakillarining akkreditatsiyasi boʻyicha murojaatlari mutlaqo yangi tartibda “E-saylov” axborot tizimi orqali elektron tarzda taqdim etilyapti.

    Eʼtiborli jihati, akkreditatsiya boʻyicha murojaatlar nafaqat elektron shaklda, balki soddalashtirilgan tartibda yuborilyapti. Xususan, endilikda murojaat bilan birga OAVning davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi, xodimning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nusxasi, OAV vakilini akkreditatsiyadan oʻtkazish anketasi hamda elektron fotosuratini taqdim etish zarurati qolmadi.

    Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan “E-saylov” axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlarga koʻra 7 ta ommaviy axborot vositasining, xususan 1 ta teleradiokanal, 4 ta bosma, 2 ta internet nashrining jami 42 nafar vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

    OAV vakillari saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarni yoritishi, saylov komissiyalarining majlislarida hozir boʻlishi, nomzodlar koʻrsatishga bagʻishlangan yigʻilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etishi, muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti va joyi haqida xabardor boʻlishi hamda ushbu jarayonni kuzatishi mumkin.

    Bundan tashqari, majlis kun tartibiga muvofiq xalqaro va xorijiy kuzatuvchilarning navbatdagi guruhini akkreditatsiyadan oʻtkazish masalasi koʻrib chiqildi.

    Jumladan, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Osiyo Parlament Assambleyasi, Koʻrfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi, SHHT kabi xalqaro tashkilotlardan, Malayziya, Maldiv, Armaniston, Ozarbayjon, Filippin, Gruziya, Moldova, Pokiston, Turkiya kabi xorijiy markaziy saylov organlaridan, Avstriya, Armaniston, Belarus, Buyuk Britaniya, Belgiya, Ispaniya, Qozogʻiston, Koreya, Latviya, Malayziya, Niderlandiya, Ozarbayjon, Polsha, Saudiya Arabistoni, Slovakiya, Tayland, Fransiya, Yaponiya va Hindiston kabi xorijiy davlat hokimiyati organlari, vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlarining jami 109 nafar vakillari kuzatuvchi maqomida akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

    Hozirgi kunda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar soni 291 nafarni tashkil etadi.

    Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.