Uch kunlik ochiq-jonli muloqotlarda Oliy sud masʼullari viloyat, tuman-shaharlar sudlari bilan birga 825 ta masalani koʻrib chiqdi, ularning 394 tasi joyida hal qilindi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand va Kattaqoʻrgʻon shahar, Samarqand, Pastdargʻom, Ishtixon, Oqdaryo, Payariq, Qoʻshrabot, Kattaqoʻrgʻon, Narpay, Paxtachi, Bulungʻur va Toyloq tuman sudlarida 121 nafar shaxsning ishlari koʻrib chiqilib, ularning barchasi oʻtalmay qolgan jazodan muddatidan oldin shartli ozod etildi.
Bir misol – tayloqlik Eldor Bahronov 2017-yil kuzida Turkiyaga ishlashga ketadi. Unga chet elga chiqish uchun 2019-yil 31-iyul kuniga qadar ruxsatnoma-stiker berilgan boʻlsada, bu yigit 2020-yil 13-martga qadar Istanbulda qolib ketadi. Kamiga bu orada unga Turkiyada vaqtinchalik boʻlish huquqini beruvchi hujjat muddati ham 2019-yil 30-noyabrda tugaydi. Bu muddatni yana uzaytirish uchun esa Eldor Turkiya chegarasidan bir chiqib qayta kirishi, lekin buning uchun avvalo mamlakatimizga kelib chet elga chiqish uchun ruxsatnoma-stikerini yangilashi lozim edi. Eldor esa bu tartibga rioya qilmay, 2019-yil 1-dekabr kuni Ozarbayjonning Boku shahriga borib, aeroportning oʻzidan yana Istanbulga qaytib keladi. Ayni shu xato 2020-yil 14-martda Samarqandga qaytgan Eldorga qimmatga tushadi.
“Samarqand” xalqaro aeroportida chegara nazorati xodimlari bu qonunbuzarlikni aniqlab, tegishli tartibda rasmiylashtiradi. Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudi 2020-yil 18-avgustda bu ishni koʻrib chiqib, Eldor Bahronovga 1 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlaydi. Bu yigit 18 oylik jazoning yarmidan koʻpini tartib-intizom bilan oʻtadi, shu davrda u belgilangan qoidalarga qatʼiy amal qildi, qonun chizigʻini boshqa bosib oʻtmadi. Shu bois ham Toyloq tumani ichki ishlar boʻlimi taqdimnomasi asosida jinoyat ishlari boʻyicha Toyloq tuman sudi bu ishni koʻrib chiqib, Eldor Bahronovni oʻtalmay qolgan jazodan shartli ravishda ozod etdi.
Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlar tomonidan 27 ta ariza qanoatlantirildi. 93 ta tadbirkorlik subyekti yetkazilgan moddiy zararni ixtiyoriy qoplagani uchun ularga nisbatan qoʻzgʻatilgan maʼmuriy ishlar tugatildi, sayyor sud majlislarida 2 ta iqtisodiy ish koʻrilib, tadbirkorlar foydasiga hal qilindi. Deylik, paxtachilik tadbirkor Aʼzam Mustafoyev 2018-yilda muqobil mashina traktor parkiga tegishli eskiyu taʼmirtalab binoni ijaraga olib, qariyb 600 million soʻm sarflab taʼmirlaydi, Xitoydan zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlar olib keladi.
Natijada binoyidek xususiy klinika ish boshlaydi. Lekin orada bu mulkning tuman hokimligi balansiga qaytarilib, kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyilganidan tadbirkor bexabar qoladi. 2020-yil 9-oktyabrda Majburiy ijro byurosi bu mulkni elektron auksion savdosiga chiqargach, tadbirkor sarflagan mablagʻining soʻrovini boshlaydi.
Aʼzam Mustafoyevning ommaviy qabuldagi murojaatidan soʻng Kattaqoʻrgʻon tumanlararo iqtisodiy sudi kuni kecha bu ishni koʻrib chiqib, tadbirkorning huquqlarini tikladi: mazkur mulk ijarachining xarajatlari inobatga olinmasdan sotilgani uchun Majburiy ijro byurosi Paxtachi tumani boʻlimining qarori haqiqiy emas, deb topildi. Endi tadbirkor istasa auksionda qatnashib bu mulkni sotib oladi, agar boshqa shaxs bu mulkni xarid qilsa, unda Aʼzam Mustafoyevga qilgan xarajatlarini qoplab beradi.
Bundan tashqari, aliment undirish boʻyicha 88 ta sud buyrugʻi chiqarildi, 23 ta murojaat yuzasidan yuridik faktlar belgilandi, 9 ta oila yarashtirildi. Deylik, oqdaryolik Anvarxon Saʼdullayev vafot etgan onasi Munavvar Saʼdullayevaning tugʻilganlik vaqti bilan bogʻliq yuridik faktni belgilash masalasida murojaat qildi. Bu – meros hujjatlarini rasmiylashtirish uchun zarur. Sud ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, guvohlarni tinglab, marhum Munavvar Saʼdullayevaning 1930-yil 15-iyulda Oqdaryo tumani Qozoqxoʻja qishlogʻida tugʻilganlik faktini belgilash boʻyicha qaror chiqardi.
Muhiddin Boʻtayev va Salim Karimovning esa dardu tashvishi bir: ularning ism-familiyasi turli hujjatlarda turfa yozilgan, bu esa pensiya tayinlashda muammo boʻlmoqda. Sud qarorlari bilan bu ikkita ariza qanoatlantirildi, hujjatlardagi chalkashliklar ham bartaraf qilindi.
Urgutlik Kamoliddin Xoʻjamov avvalgi ommaviy qabulda Oliy sud masʼullariga oqlov masalasida murojaat qilgan edi. Sababi – 2007-2013-yillarda Urgut tumani Qayroqli qishlogʻida profilaktika inspektori boʻlib ishlagan katta leytenant Xoʻjamovning ham boshiga tushgan ogʻir savdo uning taqdirini ters aylantirib yuborgan. 2012-yili oxirlarida bir guruh shaxslar narkotik savdosi bilan qoʻlga olingach, ular tergovda inspektor Kamoliddin Xoʻjamovga bir yil avval pora bergani haqida koʻrsatma bergan.
Shu asosda 2013-yil yanvarda qamoqqa olingan katta leytenant Xoʻjamov 2013-yil 19-fevraldagi sud hukmi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Daliliy ashyolarsiz, oxirigacha isbotlanmagan koʻrsatmalar tufayli 20 oydan ziyod qamoqda oʻtirgan bu inson 2014-yil 25-avgustda ozodlikka chiqqan. Ayni paytda “Urgut savdo kompleks” MCHJ huquqshunosi boʻlib ishlayotgan Kamoliddin Xoʻjamovning murojaati asosida shu yil 26-mayda Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati appelyatsiya instansiyasida bu ish qayta koʻrib chiqildi. Sud majlisida esa 2013-yilgi jabrlanuvchilar oʻsha vaqtda bila turib yolgʻon koʻrsatma berganini boʻyniga oldi. Tergov va sud materiallarini oʻrganishlar ham Kamoliddin Xoʻjamovga nisbatan daliliy ashyolarsiz va inkor qilib boʻlmas dalillarsiz biryoqlama, nohaq hukm chiqarilganini koʻrsatdi. Shular asosida Kamoliddin Xoʻjamov oqlandi va mana bugun u Oliy sud masʼullariga odil sudlov uchun rahmat aytish uchun keldi.
Qabullarda 124 ta daʼvo arizasi birinchi instansiya sudining ish yurituviga, 76 ta murojaat boʻyicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi. Urgut tumani “Mergancha” mahallasida istiqomat qilayotgan Zinaida Ibragimova qurilish tashkilotlaridan birini bugun sudga berdi. Sababi – onaxon ipoteka krediti evaziga namunaviy loyihalar asosida qurilgan 2 sotixli hovli sotib olib, kreditni oʻz vaqtida toʻlayotgan boʻlsada, uy oʻta sifatsiz qurilganidan shikoyat qilmoqda. Bu masala sud tartibida koʻrib chiqilib, qonuniy-adolatli yechim topiladigan boʻldi.
Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi masʼullariga murojaatlarning ancha qismini firibgarlik holati boʻyicha shikoyatlar tashkil qilmoqda. Mazkur holat yil sayin koʻpayib borayotgani taʼkidlandi. Koʻpchilik huquqiy savodi pastligi yo faqat ogʻzaki lafzu kelishuvga ishongani tufayli chuv tushib qolganidan yozgʻirmoqda. Deylik, pastdargʻomlik Zarifa Rashidova uy-joy olish uchun xorijda ishlab topgan pullarini tanishiga yuborganini, tanish ayol esa uyni oʻz nomiga rasmiylashtirib olganidan arz qilgach, Pastdargʻom tuman prokuraturasi bu holat boʻyicha tekshiruv boshladi. Samarqandlik Sirojiddin Usmonovning savdo doʻkoni qurish uchun 280 million soʻmga xarid qilgan yer maydoni, Lenora Keshalovaning uy oldi-sotdi shartnomasi qalbakilashtirilgani, narpaylik Zamira Rustamovaning bankdan olgan 100 million soʻm kreditini firibgarlar oʻljasiga aylangani haqidagi shikoyatlarini oʻrganib chiqib, qonuniy-adolatli hal qilish boʻyicha viloyat prokuraturasiga aniq muddatli topshiriq berildi.
Ichki ishlar vazirligi masʼullariga samarqandlik Gulnora Nasimova xususiy firmalardan biri qizi va kuyovini Koreya davlatiga, pastdargʻomlik Aslam Xalilov, Elyor Turdiyev va Jasur Muhammadiyev esa oʻz hamqishlogʻi ularni xorijiy davlatga ishga joʻnataman deb pul olib aldab ketganidan shikoyat qildi. Ikki holat boʻyicha ham tekshiruv ishlari boshlandi.
Urgutlik Feruza Shodiyeva oʻtgan galgi qabullarda hovli-joyini kadastr qilish, ishga joylashish, oilaviy bogʻcha ochish masalalarida murojaat qilgan edi. Qisqa vaqtda uch masala ham hal qilindi: bu ayol ayni paytda maktabda ishlamoqda, hovlisining hujjatlarini qoʻliga oldi va oilaviy bogʻcha tashkil qildi. Bugun Urgut tumanidagi Xalq qabulxonasi nazoratida uchta muammosi hal boʻlgani uchun rahmat aytish uchun qabulga kelgan Feruza Shodiyeva yana bir quvonchli xabar bilan iziga qaytmoqda – unga oilaviy bogʻchasini rivojlantirish uchun imtiyozli kredit ham beriladigan boʻldi.
Albatta, bunday misollar juda koʻp. Sababi – ommaviy qabuldagi barcha murojaat Prezident virtual qabulxonasi tizimida roʻyxatga olinib, ijrosi qatʼiy nazorat qilinadi va shuning uchun ham muloqotlar osha takroriy murojaatlar soni ham kamayib bormoqda.
Umumlashtirib aytganda, Samarqand viloyatida sud-huquq sohasi boʻyicha tashkil qilingan uch kunlik ochiq-jonli muloqotlarda 1 ming 609 ta masala koʻrib chiqilgan boʻlsa, ularning 466 tasi joyida hal qilindi, 363 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat, 195 ta murojaat egasiga tushuntirish berildi, 585 ta murojaat esa nazoratga olindi.