Ommaviy qabulda mingdan ziyod insonnnig muammosiga yechim topildi

    Mamlakatimizda 21 May 2022 823

    Uychilik Matluba Rahmonberdiyeva bir umr jigarlari dardi bilan yashadi. Sababi 4 nafar singlisining koʻrish qobiliyati juda past. Tugʻma nogironlik bor. Ikki singlisi esa oʻzgalar koʻmagisiz yurolmaydi.

    Matluba opa davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida Respublika ishchi guruhi tuzilgani va ular Namanganda ommaviy qabullar oʻtkazayotganini eshitib, muloqot maydoniga shoshdi. Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullariga dardu tashvishlarini aytdi. Natijada, qisqa vaqtda singillariga aniq tashxis qoʻyilib, ikki singlisida katarakta tozalash, yana ikki singlisida esa gavhar qoʻyish amaliyoti oʻtkazildi.

    Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Namangan viloyatidagi ommaviy qabullari bu kabi yuzlab insonlarning dardiga davo, koʻziga nur, qalbiga malham bagʻishladi. Murojaatlar tahlili esa yechimsiz muammolar uncha koʻp emasligini koʻrsatdi. Gap masalaning mohiyati, oʻz vaqtida tegishli idoralar oldiga qoʻya bilishda ekan.

    Shu bois ham oʻttizga yaqin vazirliklar, qoʻmitalar va boshqa respublika tashkilot-idoralari rahbarlari har bir masalani murojaatchilar va hududiy masʼullar bilan birga ochiq muhokama qilib, qonuniy-adolatli hal qilish uchun bor kuch-imkoniyatni safarbar qildi. Ayniqsa, bu jarayonda ijtimoiy himoyaga muhtoj koʻplab insonlarning davolanish, salomatligini tiklash, bandlik bilan bogʻliq muammolari hal boʻldi.

    Namangan tumanida yashovchi Mastura Muminovaning qizida yurak xastaligi bor. Davolatishga esa qoʻli kalta. Murojaatdan soʻng uning yuragida murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladigan boʻldi.

    Pop tumanining “Obod” mahallasida yashovchi 40 yoshli Iroda Rahimova bir necha yildan beri jigar sirrozi xastaligi bilan kurashib keladi. Keyingi paytlarda ayol oʻzini ancha ogʻir his qila boshladi. Xastalik ayolni butunlay yengmasligi uchun murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazish kerak, ammo oilasining bunga qurbi yoʻq. Ommaviy qabulga najot izlab kelgan Iroda opaning bu masalasi ham shu yerda hal qilinib, unga bepul jarrohlik amaliyoti oʻtkazi uchun yoʻllanma berildi.

    Qabullarda tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq qator muammolarga ham yechim topildi. Aytaylik, chortoqlik tadbirkor Jahongir Abduraimovga faoliyatini kengaytirish uchun 160 mln. soʻm imtiyozli kredit ajratilishi taʼminlandi.

    Turli tashkilotlarga autsorsing xizmati koʻrsatib kelayotgan tadbirkor Bahodir Ahadov esa koʻrsatilgan xizmat uchun buyurtmachi tashkilot qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlanmayotganidan norozi boʻldi. Tadbirkorning shikoyatidan soʻng bu masala shu yerda hal qilib berilib, protsessual hujjatlar tayyorlandi.

    Yangi Namangan tumanida yashovchi Isoqjon Yoqubjonov va mahalladoshlarini ham shu muammo qiynab kelayotgan ekan. Aytilishicha, mahallaga beton tayanchlar oʻrnatilgan, lekin elektr kuchlanish berilmagan. Bu masala ham tez orada hal etiladigan boʻldi.

    Chortoq tumani “Mustaqillik” mahallasida yashovchi Mashhura Akbarova esa masʼullar oldiga hududdagi koʻp qavatli 9 ta uy aholisi muammosiga yechim topishda amaliy yordam soʻradi. Aytilishicha, qurilganiga bir necha yillar boʻlgan bu uylar fasadi ancha eskirgani bois taʼmirlash lozim edi. Murojaatidan soʻng zarur mablagʻ, qurilish materiallari va mutaxassislar ajratilib, shu kunning oʻzida taʼmirlash ishlari boshlab yuborildi.

    Chustlik Abdurazzoq Zokirovning Suv xoʻjaligi vazirligi masʼullariga arz qilishicha, oʻzi yashayotgan Yangiobod mahallasi aholisi tomorqasidan foydalanishda bir necha yildan beri suv taʼminotidan qiynalishadi. Ekinlarni sugʻorish uchun yozda umuman suv boʻlmaydi. Oʻtgan yili qishloqdan 4 km. olisdagi ikki joydan suv chiqarildi, ammo shu suvni mahallaga olib kelish uchun quvur tortishga mablagʻ topilmayapti. Zoʻrgʻa chiqarilgan suv esa eski ariqlarda ortiqcha isrof boʻlmoqda. Murojaatdan soʻng bu masala ham oʻrganilib, hal qilib beriladigan boʻldi.

    Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi masʼullari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim vazirliklariga ajratilgan muloqot maydonlari ham anchayin gavjum boʻldi.

    Uchqoʻrgʻonlik Dilrabo Eshmatova ijarada yashaydi. Ikki nafar farzandning yolgiz boquvchisi. 20 yildirki oʻz uyi boʻlish orzusida. Ayolning murojaatidan soʻng unga va farzandlariga Uchqoʻrgʻonda qurilgan koʻp qavatli uylardan xonadon sotib olishi uchun boshlangʻich badali ichki imkoniyatlar hisobilan toʻlab beriladigan boʻldi.

    Uch farzandini yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgan uchqoʻrgʻonlik Margʻuba Nabijonova esa 6 sotix yerida uy-joyini oxirigacha qurib bitirib koʻchib chiqishga imkoni yoʻqligi uchun hanuz ota uyida yashab kelayotgan ekan. Murojaatidan soʻng bu masala ham oʻrganilgach, ichki imkoniyatlar hisobidan ayolning uy qurilishi yakuniga yetkazib beriladigan, kadastr hujjatlari ham imtiyozli asosda rasmiylashtiriladigan boʻldi.

    Maktabgacha taʼlim vazirligiga qilingan qator murojaatlarga ham shu yerda yechim topildi. Yangi Namangan tumani “Mustaqillikning besh yilligi” va “Bunyodkor” mahallalarida maktabgacha taʼlim tashkilotlari yoʻq. Shu hududda yashovchi Muharram Ahmedova esa qabulga kelib, har ikki mahallada nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini ochish uchun imkoniyati borligini aytgach, bu boradagi hujjatlar rasmiylashtirilib, yaqin kunlarda ikkita oilaviy bogʻcha ish boshlaydigan boʻldi.

    Uch kunlik muloqotlarda Bosh prokuratura masʼullari koʻrib chiqqan 296 ta ariza-shikoyatning 130 tasi, Ichki ishlar vazirligi tizimiga oid 188 ta murojaatning 73 tasi joyida hal qilindi.

    Murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha 187 ta tuman-shahar sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 63 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi. Taraflar yarashganligi munosabati bilan 8 nafar shaxsga oid jinoyat ishlari tugatildi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 8 nafar voyaga yetmaganga aliment undirish boʻyicha sud buyrugʻi chiqarildi.55 ta ariza Oliy sudda kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi.

    Umumlashtirib aytganda, davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Namangan viloyatidagi uch kunlik ommaviy qabullarida 2308 ta masala koʻrib chiqilib, ularning 1075 tasi joyida hal qilindi. 249 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, 669 ta murojaatni hal qilish boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.