Qabullar doirasida hududlarda sayyor sudlar ham tashkil etilib, bunda muqaddam jinoyat sodir etib, hozir jazo muddatini oʻtayotgan, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslarning oʻtalmay qolgan jazo muddatidan shartli ravishda ozod qilish boʻyicha ichki ishlar organlari probatsiya guruhlari tomonidan kiritilgan taqdimnomalar koʻrib chiqildi.
Salohiddin Mamajonov hamda Furqat Parpiyevlar ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etib, ularga nisbatan jazo muqarrarligi taʼminlagan edi. Jazo muddatini oʻtab kelayotgan ushbu shaxslarning pushaymonligi, jazo muddatini oʻtash davrida qonunlarga toʻla rioya etganligi sayyor sudda inobatga olinib, qilmishlari kechirildi.
Qahramon Qorasherov ham bugun qilgan ishidan pushaymonda. Sodir etgan jinoyati uchun unga jazo muqarrarligi taʼminlagan. Ammo, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtganligi, halol mehnati bilan namuna boʻlib, jazoni oʻtash davridagi xulq-atvori inobatga olinib, uning aybi ham sayyor sudda kechirildi.
Xurshid Qodirov Baliqchi tumanida tugʻilgan. Firibgarlik jinoyati tufayli oʻtgan yilda sud qaroriga asosan ikki yil axloq tuzatish ishlari boʻyicha jazo tayinlangan. Sayyor sud jarayonida belgilangan muddatning yarmi oʻtash davrida namunali xulqi, tuzalish yoʻlga oʻtganligi inobatga olinib, muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi.
Oliy sud vakillari jinoyat, fuqarolik, maʼmuriy, iqtisodiy ishlar boʻyicha 345 nafar fuqaroni qabul qilgan boʻlsa, 117 ta murojaat joyida ijobiy hal etilib, murojaatlar qanoatlantirildi, 198 ta murojaat boʻyicha huquqiy tushuntirishlar berildi, 30 ta murojaat yuzasidan arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi va tegishli sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazildi.
Bosh prokuratura vakillari qabuliga ham koʻplab fuqarolar oʻz muammosiga yechim izlab keldi.
Tadbirkor Elyorbek Rayimjonovning faoliyatini yana-da kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish niyatida ekani, ammo kredit olish muammo boʻlayotganini aytib qilgan murojaati ijobiy hal etildi. Unga bank tomonidan 30 million soʻm kam foizli kredit mablagʻi ajratib beriladigan boʻldi.
Baxtiyor Yoʻldoshev Boʻston tumanining “Navroʻz” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 100 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkilotidagi jihozlarni yangilash uchun bankdan kredit mablagʻi soʻragan. 160 million soʻm kredit hadeganda chiqavermadi. Noiloj tadbirkor qabulda boʻlib, holatni tushuntirdi. Oʻrganishlar uncha koʻp vaqt talab qilmadi, tadbirkorning krediti kunning ikkinchi yarmida ajratib beriladigan boʻldi.
Asakalik Mohinur Dehqonova yosh tadbirkor. U ishlab chiqarayotgan pishiriqlarini oʻzi yashayotgan “Tajriba” mahalla fuqarolar yigʻini oʻramida sotayotgandi. Mahsulotlari xaridorgir boʻlganligi tufayli qisqa kursda oʻqib, bilim va malakasini yana-da oshirdi. Shundan soʻng, ish faoliyatini kengaytirib, yangi shogirdlar olishni niyat qilgandi. Buning uchun albatta mablagʻ kerak. Shu bois, ommaviy qabulga kelib, kredit olishda yuzaga kelgan muammoni hal etishda yordam soʻradi. Murojaat shu joyda oʻrganilib, hal etildi.
Ish topishda amaliy yordam soʻrab qabulga kelgan Madina Akbarova hamda Odina Gʻofurovlarning ham muammosi ijobiy hal etilib, ular tikuvchilik yoʻnalishida oʻz hududidagi trikotaj korxonasiga ishga qabul qilindi.
Mana bu ayol esa yil boshida ayollar daftariga kiritilgan. Andijon tumanining Boʻtaqara qishlogʻi «Oq rovvot» mahalla fuqarolar yigʻini Qoʻrgʻoncha koʻchasida istiqomat qiladi. Kam taʼminlangan fuqarolar roʻyxatiga kirgan ayol imtiyozlardan foydalanish maqsadida bankka murojaat qildi. Taajjubki, uning nomida 30 million soʻmlik kredit mavjud va u tadbirkor sifatida faoliyat yuritmoqda ekan. Mahalla raisi “temir daftar”dagi ayol nomiga boshqa bir insonga kredit olib bergani uni ancha tashvishga solgan. Shahnoza Ashurovaning muammosi Bosh prokuratura xodimlari tomonidan zudlik bilan oʻrganib chiqiladigan boʻldi.
Bosh prokuratura xodimlari tomonidan jonli muloqotlar jarayonida ijtimoiy-iqtisodiy, uy-joy, moddiy yordam, qurilish, kommunal va boshqa iqtisodiy sohalar, tergov va surishtiruv, sud qarorlari, sud qarorlari ijrosi, mahalliy hokimiyat va oʻzini-oʻzi boshqarish organlari xatti-harakatlari kabi yoʻnalishlarda 111 nafar fuqarodan murojaatlar qabul qilindi. 19 nafar fuqaroning murojaati joyida qanoatlantirildi, 17 nafar fuqaroga huquqiy maslahat berilib, masalasi hal etildi, 23 nafariga huquqiy tushuntirish berildi, 52 nafar fuqaroning murojaati qoʻshimcha oʻrganish uchun qabul qilinib, nazoratga olindi.
Shular qatorida tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish hamda qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish istagini bildirgan 8 nafar fuqaroga salkam 290 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilishida yordam koʻrsatildi.
Ichki ishlar idoralari masʼullari tomonidan 100 nafarga yaqin fuqarolar bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, 37 ta murojaat qabul jarayonining oʻzida ijobiy hal etildi, qoʻshimcha oʻrganish talab etiladigan 53 ta murojaat koʻrib chiqilishi nazoratga olindi.
Baliqchi tumanidan kelgan Husnida Mirzabekova kelin boʻlib tushgan xonadonidan tazyiqlar ostida haydalayotganini aytdi. Maʼlum boʻlishicha, qaynotaning vafotidan soʻng, uyni boʻlib olishda farzandlar oʻrtasida ziddiyatlar kelib chiqqan. Ayol bir necha bor xonadondan haydalgan. Shu kuni ichki ishlar vazirligi masʼullari tuman hokimligi bilan yarashtiruv ishlarini amalga oshirish va ayol uchun himoya orderini berish yuzasidan amaliy chora-tadbirlarni belgilab oldi.
Adham Qodirov ilgari sud hukmiga koʻra ozodlikdan mahrum qilingan. Oilasi, yaqinlari yoʻqligi sabab, hozir shaharda ijarama ijara yashab kelmoqda. Lekin sudlangani tufayli ijara uylarda muqim joy topa olgani yoʻq. Qoʻlida hunari bor boʻlgan Adham Qodirov qabulda murojaat qilib, yordam soʻradi. Uning soʻrovi Andijon shahar hokimligi va ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan ijobiy hal qilindi. Fuqaroga shahar markazidagi umumiy yotoqxonadan muqim turar-joy hamda kosibchilik uchun ish joyi ajratildi.
Ommaviy qabullar davomida ichki ishlar vazirligi tomonidan fuqarolik pasportlari ham tantanali topshirildi. Misol uchun Raʼnoxon Xojayeva 1997-yilda Andijonga taqdir taqozosi bilan qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasidan oilasi bilan koʻchib oʻtdi. Farzandli, nabirali boʻldi. Don kombinatida hisobchi boʻlib ishladi. Hozirda nafaqaga chiqdi. Uning birdan bir orzusi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlish edi va shu kuni unga ana shunday muqaddas nom berildi.
Muxtasar qilib aytganda, Andijon viloyatida boʻlib oʻtgan muloqotlar davomida 630 nafar fuqaroning 666 ta masalasi koʻrib chiqilib, ularning 215 tasi joyida qanoatlantirildi, 254 murojaat tushuntirish va huquqiy maslahat berish orqali hal qilindi, 197 ta murojaat esa ijro uchun nazoratga olindi.