Banklarga ishonch masalasi ular paydo boʻlgandan buyon dolzarb. Bugungi dunyo oʻzining keskin silkinishlari, axborot xurujlari, zamonaviy texnologiyalarning tez surʼatda hayotimizga kirib kelayotgani bilan ajralib turibdi. Geosiyosiy va geoiqtisodiy oʻzgarishlar jahon bank-moliya sektoriga ham taʼsirini oʻtkazyapti va tizim oldiga ulkan vazifalar qoʻymoqda.

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida bank tizimida islohotlarni jadallashtirish, xizmatlar bozori hajmini oshirish va sohada raqobatni rivojlantirish vazifasi qoʻyilgan. Aynan ushbu vazifani hal etishdagi muhim huquqiy hujjatlardan biri sifatida 2025-yil 18-fevralda qabul qilingan “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunni keltirish mumkin. Chunki ushbu qonunda qator ijobiy oʻzgarishlar nazarda tutilgan. Jumladan, davlat jismoniy va yuridik shaxslar depozitining 200 million soʻmgacha qismini kafolatlaydi — jismoniy va yuridik shaxslarning omonati davlat tomonidan himoyalanadi. Ilgari faqat fuqarolarga tatbiq etilgan kafolat endi biznes uchun ham amal qiladi. Omonatni qaytarish muddati 83 kundan 7 kungacha kamaytiriladi: 2026-yil 1-yanvardan 15 kun, 2027-yil 1-yanvardan esa 7 kun boʻladi. Omonatlarni kafolatlash agentligi tashkil etildi. Bank tizimidagi barqarorlikni taʼminlash uchun yangi institut ish boshlaydi. Bu esa banklarga ishonchni yanada mustahkamlaydi.

Xalqaro miqyosda omonatlarni kafolatlash tizimi boshqa mamlakatlarda turlicha amalga oshirib kelinmoqda. Quyida baʼzi davlatlarda omonatlarni kafolatlash tizimi tomonidan kafolatlanadigan mab­lagʻlar miqdorining taqqoslama koʻrsatkichini keltiramiz:

Misol uchun, bu miqdor AQSHda — 250 ming dollar, Germaniyada — 100 ming yevro, Yaponiyada — 10 million iyena (taxminan 70 ming AQSH dollari), Kanadada — 100 ming Kanada dollari (taxminan 75 ming AQSH dollari), Rossiyada — 14 ming 300 dollar (186 million soʻm), Ukrainada — 20 ming dollar (260 million soʻm), Moldovada — 10 ming 700 dollar (139 million soʻm), Belarusda — 10 ming dollar (130 million soʻm), Serbiyada — 16 ming dollar (208 million soʻm), Chexiyada — 13 ming dollar (169 million soʻm), Litvada — 15 ming dollar (195 million soʻm), Estoniyada — 18 ming dollar (234 million soʻm), Bolgariyada — 17 ming dollar (221 million soʻm) va Ruminiyada — 15 ming 500 dollar (202 million soʻm).

Ushbu maʼlumotlardan Oʻzbekistonda belgilangan kafolat miqdori mintaqadagi asosiy mamlakatlarda joriy etilgan meʼyorlarga mos kelishi va iqtisodiyotning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda shakllantirilgani koʻrinib turibdi.

Mazkur qonunda koʻzda tutilgan yangi tartiblarning mamlakatimiz bank tizimiga nisbatan baʼzi ijobiy jihatlariga eʼtibor qaratish lozim. Avvalo, bank tizimiga ishonch mustahkamlanishi ­omonatlarning bank sektorida uzoq muddat saqlanishini taʼminlaydi. Omonatlarni qaytarish muddati qisqartirilishi mijozlar uchun pul mablagʻiga talabni tezkor qondirish imkoniyatini paydo qilish barobarida banklar bilan uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlaydi.

Shuningdek, oldingi tartibda koʻzda tutilmagan yuridik shaxslar va tadbirkorlar uchun kafolat mexanizmlari joriy etilishi tufayli mamlakatda biznes muhiti yaxshilanadi va kredit resurslaridan foydalanish natijadorligiga xizmat qiladi. Omonatlarni kafolatlash agentligi tashkil etilgani ushbu yoʻnalishda tizimli nazorat va xavflarni boshqarish samaradorligini oshiradi. Bundan tashqari, bank tizimidagi moliyaviy barqarorlikni taʼminlash maqsadida qabul qilingan mazkur qonun jismoniy va yuridik shaxslarning omonatlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.

Xalqaro tajribadan maʼlumki, depozitlarni kafolatlash tizimi mavjudligi bank sektori barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Masalan, AQSHda 1933-yili Federal depozitlarni sugʻurta qilish korporatsiyasi tashkil etilgach, banklardan omonatlarni yoppasiga olib chiqib ketish muammosi sezilarli darajada kamaygan.

Germaniya tajribasiga koʻra, omonatlarni kafolatlash tizimining muvaffaqiyatli faoliyati bank sektorining moliyaviy barqarorligini mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etadi. Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy etilgan soʻnggi qoidalarga muvofiq, 100 ming yevro miqdorida kafolatlash tizimi joriy etilgan boʻlib, bu turli moliyaviy inqirozlar davrida omonatchilarning bank tizimiga ishonchini saqlab qolishda juda muhim.

Har qanday mamlakatda bank tizimiga ishonch, avvalo, davlatga ishonchni taʼminlaydi. Banklardagi omonatni ­himoya qilish kafolatlarining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tizimga ishonchini yanada oshirish, banklarning moliyaviy barqarorligini taʼminlash, banklararo raqobatni kuchaytirish va turli moliyaviy inqirozlarning oldini olishda muhim mexanizmdir.

Oʻzbekiston uchun omonatlarni samarali himoya qilishni kafolatlash tizimi joriy etilgani bu boradagi yana bir muhim qadam boʻldi. Huquqiy tomondan mustahkam kafolatlangan omonat tizimi orqali aholi va biznes ­subyektlari oʻz mablagʻining banklarda xavfsiz saqlanishiga ishonch hosil qiladi. Bu esa banklarga uzoq va barqaror muddatli depozitlarni jalb qilish imkonini ­beradi. Shu bilan birga, depozitlarning yuqori darajada himoyalangani banklardan mablagʻlarning ommaviy olib chiqib ketilishi xavfini kamaytiradi. Shuningdek, bankning likvidliligini saqlash va moliyaviy inqirozlardan himoyalanish mexanizmlarini yanada kuchaytirish imkonini beradi. Buning natijasida bank sektoridagi barqarorlik va investitsiyaviy jozibadorlik ortadi. Bularning barchasi Oʻzbekiston iqtisodiyotining uzoq muddatli barqaror rivojlanishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Isroil JOʻRAYEV,

iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori