Til – inson qalbining ko'zgusidir. Unda nafaqat inson qalbi, balki o'sha xalqning o'tmishi, buguni, kelajagi, madaniyati va boshqa bir qancha jihatlari ham aks etib turadi. Bejizga biz til so'ziga ona so'zini egizak qilib aytmaymiz. Shuning uchun ham biz uni onamizdek qadrlashimiz, e'zozlashimiz, saqlashimiz va kelajak avlodga sof holda etkazishimiz lozim. Til insonning libosidir. Bu libosni qanday kiyish har bir insonning o'ziga bog'liq. Ba'zi insonlar oddiy libosni ham go'zal qilib, yarashtirib kiyadi. Ba'zi insonlarda esa har qanday go'zal libos o'z ko'rkini yo'qotadi. Til – qalb tarjimoni. Chunki har bir so'z, eng avvalo, qalb torlarida chertiladi. So'ngra so'zlarda jilolanib tinglovchiga etkaziladi.
Mana o'zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga o'ttiz ikki yil to'ldi. Bu qisqa vaqt ichida tilimizda juda katta o'zgarishlar, yuksalishlar ro'y berdi. O'zbek tilining ikki tomli izohli lug'atidan siqib chiqarib tashlangan ma'naviyat, ma'rifat, qadriyat, ibo, hayo va boshqa bir qancha o'zligimizni anglatib turadigan so'zlarimiz, istiqlolimiz sharofati ila nashr etilgan besh tomli “O'zbek tilining izohli lug'ati”ga kiritilgan. Bu barchamiz uchun quvonchli holat. Tilimizning boshqa tillarga qaraganda qanchalik boy til ekanligini XV asrdayoq Hazrat Navoiy o'zining “Muhokamat ul-lug'atayn” asari orqali isbotlab ketgan. U kishining “Tilga ixtiyorsiz, elga e'tiborsiz” degan fikrlari bugungi kunda ham o'z ahamiyatini yo'qotgani yo'q, balki biz uchun dasturulamal vazifasini o'tab kelmoqda. Ammo bu fikrga barchaning birdek amal qilmasligi tanamizdagi og'ir va yuqumli kasallikka o'xshab bormoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'biri bilan aytganda: “O'zbek tili xalqimiz uchun milliy o'zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma'naviy boylik, buyuk qadriyat” ekanligini har bir inson qalbdan his qilmog'i darkor.
Hammamizga ma'lumki, dunyoda etti mingga yaqin til bor, ammo shularning ikki yuztasigina davlat tili maqomiga ega. Ularning orasida o'zbek tilining borligi esa tilimizning naqadar buyukligi, jozibadorligi, jahon hamjamiyatida ham o'zining munosib o'rniga ega ekanligini anglatadi. Ammo ana shu buyuklikning qadriga hamma birdek etyaptimi?
Nima uchun ko'cha harakatini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi? Adibimiz Abdulla Qahhorning bergan bu savoli qachon o'z javobini topadi?
Rossiyalik tilshunos olima A. M. Kozlyanina: “O'zbek tili nafis va musiqa ohangidek jozibador” ekanligini tan olib turgan bir paytda “o'zbekman”, deb yurganlar nima qilishyapti? Bu kabi og'riqli nuqtalarni sanasak, tilimizning ertasi hammamizni chuqur o'yga toldiradi.
“Tilimiz qaerda buzilyapti?” deya o'zingizga savol berib ko'ring va ko'chaga chiqing. Ishga yoki o'qishga borar ekansiz, yo'l-yo'lakay atrofda qurilgan bir-biridan go'zal binolar, ko'p qavatli uylarni ko'rib ko'zingiz quvnasa, ularga qo'yilgan tilimiz uchun yot bo'lgan nomlarni ko'rib, ta'bingiz xira tortadi. Bozorga borsangiz, yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qo'yilgan nomlarda ham o'zbekcha so'zlarni deyarli uchratmaysiz. Bunday nomlar orqali tadbirkorlar xaridorlarning diqqatini tortishmoqchimi yoki tilimiz shunchalik qashshoqmi?
Bugungi kunda nega ko'pchilik, ayniqsa, yoshlarimiz o'z nutqiga chet tillardagi turli so'zlarni qo'shib gapirishadi yoki o'sha tilni ham yaxshi bilishadimi? Yaxshi bilishsa-ku mayli, ammo… Tilimiz shunchalik qashshoqmi yoki bu ham madaniyatning bir belgisimi? Afsuski, mana shunday savollar bizni chuqur o'yga toldiradi. O'z ona tilini hurmat qilgan inson hech qachon tilni buzib gapirmaydi. Bugungi qo'shtirnoq ichidagi madaniyatli va zamonaviy yoshlar tilimizni qay darajada bilishar ekan? Ko'pgina chet ellarda o'zbek tilini o'rganishayotgan bir paytda tilning haqiqiy egalari uni buzib gapirishsa, qanchalik to'g'ri?
Ona tilini sevmagan, uning qadrini anglamagan inson yuragida el-u yurtga, Vataniga muhabbat ham bo'lmaydi. Biz tilimizni qanchalik asrasak, yuksaltirsak, rivojlanishiga hissa qo'shsak, o'zga millatlar ham bizning tilimizni hurmat qilishadi hamda uning dunyo hamjamiyati maydonidagi o'rnini va poydevorini shunchalik mustahkam qo'ygan bo'lamiz. Zero, “Har bir millatning dunyoda borlig'ini ko'rsatadigan oyinai hayoti til va adabiyotdir”, “Milliy tilni yo'qotmak, millatning ruhini yo'qotmakdur”.
Yoqutoy JAMOLOVA,
O'zbekiston Respublikasi Prezident ta'lim muassasalari
agentligi tizimidagi Abdulla Oripov nomli ijod
maktabi ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari,
Dildora SHODMONOVA,
ijod maktabi o'qituvchisi









