Til — millat ko'zgusi. Darhaqiqat, til har bir millatning madaniyati, urf-odatlari, uning taraqqiyotini ko'rsatuvchi oyna, desak mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Tili rivojlanmagan elning ruhida yuksalish bo'lmaydi, u o'zligidan, milliyligidan tobora uzoqlashaveradi. Milliy til xuddi bayroq, madhiya, gerb kabi qadrli va aziz. Unda har bir millatning ruhi, dunyoqarashi aks etadi.

Ma'lumki, 1989 yil 21 oktyabrda o'zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun. Til haqidagi qonunning qabul qilinishi ona tilimiz bo'lmish o'zbek tilining muhofazasini ta'minladi. Hayotimizning barcha sohalarida tilimiz keng qo'llanila boshlandi. O'zbekistonning mustaqil suveren davlat sifatida dunyo xaritasidan joy olishi esa mazkur qonunning kuchini yanada oshirdi. Keyinroq 1995 yilning avgustida “Davlat tili haqida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

Shuningdek, 2019 yili Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan qabul qilingan “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni qabul qilindi va Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish Departamenti tashkil etildi. Bu esa o'z navbatida jamiyatimizning barcha jabhalarida davlat tili -  o'zbek tilining sof holda to'laqonli amal qilinishi yo'lidagi islohotlarning debochasi bo'ldi.

Oldimizda turgan muhim vazifalardan biri o'zbek tilini dunyo tillari qatoridan joy olishini ta'minlashdir. O'zbek tilini xalqaro tillar qatoridan  joy olishiga erishish lozim. O'zbek kurashining xalqaro sport turi sifatida e'tirof etilishi bilan “kurash”, “halol”, “dakki”, “yonbosh”, “chala” kabi o'zbekona atamalarning xalqaro tillarda aytilishi bizni g'ururlantiradi. Bunda “O'zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan tamg'a ostidagi milliy mahsulotlarimizning o'zbekcha nom bilan dunyo bozoriga ko'proq va jadalroq chiqib borishi, ayniqsa, muhim. Jumladan, ona vatanimizda ishlab chiqarilayotgan Shevrolet avtomobillari endilikda “Ravon” nomi ostida dunyo bozorlariga chiqishi kishida faxr tuyg'usini yanada oshiradi.

Shuni ham alohida ta'kidlab o'tish joizki, Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida o'zbek tilida nutq so'zlagani insonga o'zgacha g'urur va iftixor tuyg'usini bag'ishlaydi. Milliy tilimizning jahon minbarlarida yangrashi esa o'zga xalqlarning tilimizga nisbatan hurmat va ehtiromini uyg'otgan bo'lsa ajab emas.

Zero, Abdulla Avloniy aytganidek, “Har bir millatning dunyoda borligini ko'rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo'qotmak millatning ruhini yo'qotmakdur”.

Rivojlanishdan, taraqqiyotdan ortda qolmaslik yaxshi, ammo milliy tilimiz, milliyligimizni unutmasligimiz kerak. Har qadamda, hamma vaqt millatimizning yuragi, ruhi, tom ma'noda joni hisoblangan jonajon ona tilimizni asrashimiz, avaylashimiz lozim.

Shu o'rinda oddiy va lekin og'riqli ayrim holatlarga to'xtalishni lozim deb topdik. Zotan, til borasida amalga oshiriladigan ishlar har doim zarur va dolzarb. Ana shunday dolzarb masalalardan biri peshlavha va reklamalar bilan bog'liq. Shahrimiz ko'chalarida joylashgan savdo do'konlarining peshlavhalaridagi ovro'pocha Imperiya, Mango, Venetsiya, Versal` kabi nomlar, hanuzgacha kuzatilayotgan “Mы oткрылись” (“Biz ochildik”) tarzidagi jumlalar hali bu borada qilinadigan ishlarimiz talaygina ekanligini ko'rsatadi. “Davlat tili haqida”gi qonunning 20-moddasida “Lavhalar, e'lonlar, narxnomalar va boshqa ko'rgazmali hamda og'zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e'lon qilinadi va boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin” deyilgan. Afsuski hanuz ko'p hollarda chet tilidagi tarjimasi beriladi, ammo o'zbekcha shakli keltirilmaydi.

Poytaxtimiz ko'chalaridan biridagi go'zallik saloni peshtoqida yozilgan “Gavxar” so'zini o'qib to'g'risi ajablandim. Bir qarashda bu so'zda xatolik bo'g'iz undoshi “h” bilan “x” harflarini farqlay olmaslik natijasida  yo'l qo'yilgandek tuyuladi. Ammo tojik tilida gav – sigir, xar – eshak degan ma'noni bildirishini hisobga olganda, yuqoridagi so'zda qo'pol xatolikka yo'l qo'yilgani bilinadi.

Yuqoridagi kabi ajnabiy so'z va atamalar kishida “Nahotki o'zbek tilida ularning o'rnini bosadigan jozibali so'zlar bo'lmasa?” degan o'rinli savol uyg'otadi. Yurtimiz kundan kunga go'zallashib, obodonlashib, ko'rkamlashib boryapti. Tabiiyki, shunday ko'rkam yurtga tashrif buyuruvchi chet ellik mehmonlarning soni ham ortib bormoqda. Boshqa davlatlardan kelayotgan sayohlar, mehmonlar ingliz, fransuz, rus, koreys, ital`yan va boshqa turli tillardagi atamalar bilan nomlangan do'kon, go'zallik saloni, to'yxona, kafe-restoranlarni ko'rib, nahotki o'zbek tilida joylarga nom berishga arziydigan so'zlar bo'lmasa, deb o'ylashi mumkin? Shu erda o'rinli savol tug'iladi, ajnabiy so'zlar bilan biz o'z ona tilimizni kamsitmayapmizmi? Milliy g'urur, iftixor, o'z ona tili, vatani bilan faxrlanish tuyg'ularini unutib qo'ymayapmizmi?!

Til millatning bebaho, ulkan boyligi hisoblanadi. U har bir insonning madaniyatini ko'rsatuvchi oyna. Millatning o'zligi uning tilida namoyon bo'ladi. Tildagi har bir so'z inson tafakkurining mahsuli. Shunday ekan, millatning ruhi hisoblangan tilimizni avaylab-asraylik. Nutqimizga turli keraksiz ajnabiy so'zlarni qo'shib, tilimizning sofligiga putur etkazmaylik. Tilimizdagi bebaho xazinalarini qunt bilan o'rganib, uning qadriga etaylik.

Darhaqiqat, shoir aytganidek,

Bobolardan bizga me'ros ezgu til,

Avlodlarga xazinayu bebaho.

Qalbimizga, ruhimizga ko'zgu til,

Bu dunyoga bag'ishlaymiz ne daho.

O'zgarishlar to'la davrimiz o'zgarishlariga ko'r-ko'rona yondashmasdan, zehnimizni ishga solib o'z ona tilimiz sofligini saqlaylik! Buni har birimiz eng avvalo, oilamizdan, mahallamizdan, shahrimizdan boshlashimiz lozim.