Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida gul bozorida qadrdon hamkasb doʻstimni uchratib qoldim. Ancha gurunglashdik. Hazil-huzul bilan boshlangan suhbatimiz bayram arafasida kechgani uchunmi, onalar, opa-singillar va oilalarimiz haqida boʻldi. Doʻstimning qoʻlida guldasta emas, gul koʻchatlarini koʻrib savol nazari bilan qaradim. U nigohimdagi savol alomatini darhol payqadi. Onasini tabriklagani qishloqqa borayotganini aytdi. Qiziq, koʻchat bilana?!
* * *
— Birinchi sinfga borganimdan ikki oy oʻtgach, onam xastalanib vafot etdi, — deya hikoyasini boshladi doʻstim. — Maʼrakalari oʻtgach, yana maktabga qatnay boshladim. Birinchi oʻqituvchimiz rasm darsidan tashqari barcha fan mashgʻulotlarini oʻtadigan juda mehribon kishi edi. Bahor kelib, ayollar bayramidan bir kun avval — oxirgi dars yakunida sinfdosh qizlarni tabriklab, koʻngilni quvontiradigan soʻzlar aytdi. Ayni paytda biz, oʻquvchilarga ertaga, albatta, onalarimizni tabriklashimiz zarurligini nasihat ohangida tayinladi...
Bu menga negadir topshiriqdek tuyuldi. Ammo vazifani bajara olmasligimni anglab, men uchun eng aziz insonni yoʻqotishdan yarador koʻnglimdagi ogʻriq hali ham ketmagandi. Aslida, bu voqea goh tush boʻlib qolishiga, goh onamning qandaydir moʻjiza bilan uyga kirib kelishiga oʻzimni ishontirmoqchi boʻlib yurgan kezlarim sodir boʻlgan edi. Buni menga biror kishi eslatishini, achinib qarashini ham istamasdim. Chunki bu qarashlar xayoliy orzum va kutgan moʻjizamni yoʻqqa chiqaradigandek tuyulardi.
Istak va sogʻinch ustunlik qilibmi, ertasi kuni tushga yaqin qishlogʻimiz chekkasidagi qabristonga bordim. Xayolimda simtoʻr bilan oʻralgan qabristonga qarab onamni bayram bilan tabriklamoqchi boʻldim. Avvaliga simtoʻr ortidan turib pichirlab nimalardir dedim. Taxminan “Sizni yaxshi koʻraman, juda sogʻindim”, degan boʻlsam kerak. Negadir “Sovgʻam boʻlganda edi...” degan fikr xayolimdan oʻtdi. Soʻng atrofga alanglab erta bahor kunlari doʻngliklarda unib chiqqan tugmachagul, bitta-yarimta qizgʻaldoqqa oʻxshash oʻt-oʻlanga koʻzim tushib, quvonib ketdim. Ulardan bir tutam yulib keldim. Amallab chuqurcha kovlab, gullarni ekdim. Qabriston yoqasidagi anhordan chekkasi yirtiq doʻppimda suv olib chiqib quydim. Shunday qilsam, bu gullar tomir otib ketadi, onam ularni koʻrib quvonadi deb chippa-chin ishondim ham.
Bayramdan soʻng maktabga borganimizda muallim bizdan onalarimiz, opa-singillarimizni bayram bilan tabriklaganimiz haqida soʻradi. Barcha joʻr ovozda «Ha, tabrikladik!» dedi. Nazarimda, mening ovozim eng baland, ishonchli va quvonchli jaranglagandek boʻldi...
Ikkinchi qutlov
...Urush qatnashchisi boʻlgan otam boshqa uylanmadi. Tarbiyamizga qattiq qarar, oʻqib bilim olishimizni doim ragʻbatlantirardi. Dars qilayotganimni, hatto biror badiiy kitob oʻqiyotganimni koʻrsa, zarur boʻlsa ham aslo ish buyurmas, oʻsha ishni oʻzi qilardi. Oylar, yillar oʻtib, oʻzim oʻylab topayotgan moʻjizalar endi chuqur hurmat va eʼzozga yoʻgʻrilgan xotiralarga aylana bordi. Kitob oʻqish eng yaxshi koʻradigan mashgʻulotimga aylandi.
Kunlarning birida onamning hayotligida tushgan va devordagi ramkaga solingan yakkayu yagona surati ortidan roʻmolini topib oldim. Xuddi boshidan sirgʻalib surat ortiga tushib qolgandek edi. Oʻsha kuni roʻmolni hidlab, quchib uxlab qoldim. Keyin yashirib qoʻydim. Qachon onamni sogʻinib esga olsam, roʻmolni olib hidlaydigan boʻldim. Uni hozir ham saqlab kelaman...
Oylar, yillar bilan birga hayot haqidagi qarashlarim, tushunchalarim ulgʻaya bordi. Sakkizinchi sinfga oʻtgan kezlarim tuman gazetasiga xat-xabar yoza boshladim. Ular chop etilganda negadir koʻpincha onam yodimga tushardi. Oʻsha kezda Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida ilk bor sheʼr yozib joʻnatdim. Sheʼrim ona haqida edi. Maʼqul boʻldi, shekilli gazetaning bayram sonida eʼlon qilindi. Hozir oʻsha sheʼrni toʻliq eslay olmayman. Faqat oxirgi satri yodimda: “Ishonaman, ona, bir kuni tongda, uygʻotasiz boshim siypalab”.
— Mana shu gul koʻchatlarini onamning qabri poyiga oʻtqazib kelmoqchiman, — deya suhbatimizni yakunladi doʻstim.
Bu xotiralar, samimiy soʻzlar onadek ulugʻ zotga cheksiz hurmat va eʼzoz, eng samimiy tabrik ifodasi edi.
Rustam BOYTOʻRA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri